Afg‘on urushi qurbonlarining yaqinlari uchun yangi imtiyozlar belgilandi
Prezidentning tegishli farmoni bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirish kiritilib, halok bo‘lganlarning ota-onalari va bevalari uchun kompensatsiya to‘lovi joriy etildi.
© Ijtimoiy tarmoqlarAfg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga kommunal to‘lovlarning bir qismi qoplab beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonni imzoladi.
Farmon bilan ayrim Prezident hujjatlariga o‘zgartirishlar kirtildi.
Xususan, Afg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari (er yoki xotin) halok bo‘lgan ota-onalarga (bevalarga) uy-joy kommunal–xizmatlar to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya pul to‘lovini joriy etish belgilandi.
Afg‘on urushi va O‘zbekiston
1979–1989 yillarda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston urushida sobiq Ittifoq tarkibida O‘zbekiston ham bevosita ishtirok etgan.
1979 yil 25-dekabrda Sobiq Ittifoq qo‘shinlari «baynalmilal burchni bajarish» shiori ostida Afg‘oniston hududiga kiritildi. Asosiy maqsad mintaqada sobiq Ittifoqqa xayrixoh bo‘lgan tuzumni saqlab qolish va geosiyosiy ta’sir doirasini kengaytirish bo‘lgan. Ushbu harbiy harakatlar naq 9 yil-u 2 oy davom etdi.
O‘zbekiston, xususan Termiz shahri urushning asosiy logistik markazi hisoblangan. Amudaryo ustiga qurilgan «Do‘stlik» ko‘prigi orqali harbiy texnika va shaxsiy tarkib Afg‘onistonga kiritilgan va xuddi shu yerdan 1989 yil 15-fevralda olib chiqilgan.
O‘zbekiston hududida yaradorlarni davolash va qo‘shinlarni tayyorlash uchun asosiy bazalar joylashgan.
Urush yillarida O‘zbekistondan 64 500 nafardan ortiq yigitlar jang maydonlariga yuborilgan. Jangovar harakatlar davomida 1 500 dan ortiq o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. 2 500 ga yaqini urushdan turli darajadagi jismoniy jarohatlar va nogiron bo‘lib qaytgan.
Urushdan qaytgan askarlar «baynalmilalchi jangchilar» maqomini olishdi. Afg‘oniston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, urushda umumiy hisobda 2 milliongacha kishi qurbon bo‘lgan.





