Urush oqibati: Yevropada aviainqiroz yaqin

Bugun 21:103 daqiqa

2024 yili 747 million sayyohni qabul qilgan Yevropa yozgi mavsum arafasida jiddiy xavfga duch keldi. Aviayoqilg‘i tanqisligi ortidan millionlab parvozlar bekor qilinishi va sayohat rejalari barbod bo‘lishi mumkin.

Urush oqibati: Yevropada aviainqiroz yaqin © Reuters

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganiga yetti hafta to‘ldi. Bu vaqt ichida qator havo hududlari yopildi, aviatsiya sohasi esa misli ko‘rilmagan bo‘hronga yuz tutdi. Natijada, mintaqa orqali uchadigan aviakompaniyalar yuzlab reyslarni bekor qilishga va parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Vaziyat endigina biroz barqarorlashayotgandek ko‘ringan bir paytda, yangi va yanada jiddiyroq muammo — aviayoqilg‘i taqchilligi yuzaga keldi. Bu esa yozgi mavsum arafasida Yevropa bo‘ylab parvozlarning butunlay to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.

16-aprel kuni Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol «Associated Press» axborot agentligiga bergan intervyusida Yevropada «taxminan olti haftalik reaktiv yoqilg‘i qolganini» ma’lum qildi. U o‘tgan hafta Eron va AQSH o‘rtasida ikki haftalik sulh e’lon qilinganiga qaramay, urush tufayli neft yetkazib berish to‘xtab qolsa, «yaqin orada» aviareyslar bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi.

1

Inqirozning asosiy sababi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq. Mazkur bo‘g‘oz dunyodagi neft va suyultirilgan gazning beshdan bir qismi o‘tadigan o‘ta muhim suv yo‘li hisoblanadi. Ayni paytda AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat sababli bu yo‘l yopib qo‘yilgan.

Ta’minotdagi uzilishlar dunyo bozorida energiya narxini keskin oshirib yubordi. Urushdan oldin 66 dollar bo‘lgan «Brent» neftining narxi 100 dollardan oshib ketdi.

Vaziyat shu darajaga yetdiki, hukumatlar o‘zlarining strategik zaxiralarini ochishga majbur bo‘lishmoqda. Buyuk Britaniya esa bo‘g‘ozni qayta ochish maqsadida 40 dan ortiq davlat ishtirokida yangi koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshladi (bu koalitsiyada AQSH ishtirok etmayapti).

Yevropa aviatsiyasi Yaqin Sharq yoqilg‘isiga o‘ta bog‘lanib qolgan. Mintaqa aviayoqilg‘i importining 75 foizi aynan Yaqin Sharq hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli ta’minotdagi har qanday uzilish Yevropa aviakompaniyalari uchun halokatli zarba bo‘ladi.

Ma’lumki, yoz fasli Yevropa uchun eng gavjum sayyohlik mavsumi sanaladi. Birgina 2024 yilda qit’aga 747 million sayyoh tashrif buyurgan. Endi millionlab insonlarning sayohat rejalari barbod bo‘lish xavfi ostida qolmoqda.

2

Aviayoqilg‘i nima?

Aviayoqilg‘igaz turbinali dvigatelga ega samolyotlar uchun mo‘ljallangan, kerosin asosidagi tozalangan va rangsiz neft mahsulotidir. U asosan Jet A va Jet A-1 markalari ko‘rinishida uchraydi. Sovuq iqlimli hududlarda esa samolyotlar uchun Jet B turidan foydalaniladi.

Ushbu yoqilg‘i asosan Xitoy, Yaqin Sharq va AQSHdagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi. Ushbu ixtisoslashtirilgan neftni qayta ishlash zavodlari «Shell», «ExxonMobil» va «Saudi Aramco» kabi dunyodagi eng yirik neft kompaniyalari tomonidan boshqariladi.

Odatda aviayoqilg‘i yirik aeroportlar yaqinidagi omborlarda yoki maxsus yoqilg‘i bazalarida saqlanadi. U yerdan samolyotlarga yo yer osti gidrant tizimlari, yoki maxsus yoqilg‘i tashuvchi mashinalar orqali yetkazib beriladi.

«Energy Intelligence» tahliliy portalining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘ylab aviayoqilg‘i iste’moli kuniga 7,788 million barrelni tashkil etgan. 2026 yilda esa bu ko‘rsatkich 2,6 foizga oshib, 7,988 million barrelga yetishi kutilgan. 

Yevropa xavotir bildirmoqda

Yevropaning aviatsiya birlashmalari, xususan, Xalqaro aeroportlar kengashining Yevropa bo‘limi yoqilg‘i taqchilligi mintaqa iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishidan ogohlantirib, Yevropa Komissiyasiga maxsus maktub yo‘lladi.

Ayni paytda Yevropaning yoqilg‘i omborlarida zaxiralar kamayib bormoqda, AQSH va boshqa davlatlardan kelayotgan muqobil ta’minot esa Yaqin Sharqdan yo‘qotilgan hajm o‘rnini to‘liq bosa olmayapti.

Joriy yilning 18-martida Yevropada aviayoqilg‘i narxi rekord darajadagi 1 800 dollarga (bir tonna uchun) ko‘tarildi, aprel oyida esa narxlar biroz pasaydi.

Bir nechta aeroportlar agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolsa, yaqin uch hafta ichida yoqilg‘i tanqisligiga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Bundan tashqari, agar bo‘g‘ozdagi harakat to‘xtab qolsa, ba’zi neft mahsulotlari bozordan butunlay g‘oyib bo‘lishi mumkin.

Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol yaqin orada Yevropadagi shaharlararo reyslar aviayoqilg‘i yo‘qligi sababli bekor qilinishi haqidagi xabarlar paydo bo‘lishini ta’kidladi.

3

Shuningdek, Germaniyaning «Lufthansa» aviakompaniyasi yoqilg‘i narxining keskin oshishi va ish tashlashlar oqibatida ko‘rilayotgan zararni kamaytirish maqsadida o‘zining «CityLine» hududiy bo‘linmasini yopishini e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid