Eronning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlari: Ular qayerda va nega qaytarib berilmayapti?
Eron AQSH bilan muzokaralar doirasida o‘z aktivlarini blokdan chiqarishni talab qilmoqda. Bu mablag‘lar mamlakatning urushdan zarar ko‘rgan iqtisodiyotini tiklashga yordam berishi mumkin.

AQSH va Eron o‘rtasida urushni to‘xtatishga qaratilgan muzokaralarning ikkinchi raundiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda, eng asosiy bahsli masalalardan biri yuzaga chiqdi: Tehronning xorijiy davlatlarda muzlatib qo‘yilgan aktivlari.
Eron iqtisodiyoti AQSH va boshqa davlatlar tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli yillar davomida og‘ir ahvolda qolmoqda. Ushbu cheklovlar ilk bor 1979 yilda, Islom inqilobidan keyin Tehrondagi Amerika elchixonasi xodimlari garovga olinishi ortidan boshlangan edi. Keyinchalik Eronning yadroviy va ballistik raketa dasturlari sababli sanksiyalar yanada kuchaytirildi. Mazkur choralar Tehronning o‘z mablag‘lariga, xususan, neft sotishdan tushgan va xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan daromadlaridan foydalanish imkoniyatini cheklab qo‘ygan.
Muzokaralar va shartlar
10-aprel kuni, Pokistondagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning birinchi raundi boshlanishidan oldin, Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida muhim bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, har qanday muzokaralar boshlanishidan avval Eronning xorijiy banklardagi aktivlari blokdan chiqarilishi shart.
Bir kun o‘tib, Islomoboddagi uchrashuvlarda Vashington mablag‘larning bir qismini blokdan chiqarishga rozi bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq AQSH hukumati ushbu ma’lumotlarni tezkorlik bilan rad etib, mablag‘lar muzlatilgan holatda qolishini ta’kidladi.
Yaqin kunlarda muzokaralar qayta tiklanishi kutilar ekan (AQSH va Eron o‘rtasidagi joriy o‘t ochishni to‘xtatish muddati 22-aprel kuni tugaydi), ushbu keskinlik yana kun tartibiga chiqishi aniq.
Xo‘sh, Eronning qancha aktivi muzlatilgan, Tehron nega ulardan foydalana olmayapti, bu mablag‘lar ayni paytda qayerda saqlanmoqda va nima uchun ular Eron uchun bunchalik muhim?
Eronning muzlatilgan aktivlari hajmi qancha?
Eronning muzlatilgan aktivlarining aniq miqdori hali ham noma’lum bo‘lsa-da, rasmiy hisobotlar va ekspertlarning baholashicha, Tehronning xorijdagi mablag‘lari jami 100 milliard dollardan ortadi.
Global masalalar bo‘yicha Yaqin Sharq kengashining katta ilmiy xodimi Frederik Shnayderga tayanib, «Al Jazeera» nashrining ma’lum qilishicha, bu mablag‘lar Eronning uglevodorodlar (neft va gaz) sotishdan oladigan yillik daromadidan qariyb uch barobar ko‘p.
«Bu juda katta mablag‘, ayniqsa, o‘nlab yillar davomida AQSH boshchiligidagi sanksiyalardan aziyat chekayotgan jamiyat uchun», — dedi Shnayder.
Biroq, ekspertning qo‘shimcha qilishicha, AQSH ushbu aktivlarni blokdan chiqargan taqdirda ham, ulardan foydalanish bo‘yicha qat’iy shartlar qo‘yish-qo‘ymasligi hamon noaniqligicha qolmoqda. Eron bu borada shubha bilan qaramoqda, chunki sanksiyalar tarixi juda chigal va AQSH tomonida muzokaralarning texnik detallarini hal qila oladigan mutaxassislar yetishmaydi.
2016 yilda AQSHning o‘sha paytdagi moliya vaziri Jeykob Lyu Eron barcha sanksiyalar bekor qilingan taqdirda ham o‘z aktivlarining hammasidan foydalana olmasligini aytgan edi. O‘shanda Eron yadroviy dasturini cheklash evaziga sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishgan edi. Lyuning izoh berishicha, Eron hatto eng maqbul holatda ham muzlatilgan mablag‘larining faqat yarmiga yaqinidan foydalana oladi, chunki uning qolgan qismi avvalgi investitsiya majburiyatlarini qoplash yoki qarz to‘lovlariga yo‘naltirilgan.
Hozirgi vaqtda Tehronning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi asosiy talabi — o‘zaro ishonchni mustahkamlash chorasi sifatida muzlatilgan aktivlarning kamida 6 milliard dollarini blokdan chiqarishdir.
Muzlatilgan aktivlar nima degani?
Biror shaxs, kompaniya yoki mamlakat markaziy bankining mablag‘lari, mulki yoki qimmatli qog‘ozlari boshqa davlat rasmiylari yoki xalqaro tashkilot tomonidan vaqtincha ushlab qolinishi aktivlarni muzlatish deb ataladi.
Bu holat sanksiyalar, sud qarorlari yoki boshqa me’yoriy sabablarga ko‘ra mulkdorlarning ushbu aktivlarni sotish imkoniyatini cheklaydi.
Odatda, davlatlar boshqa bir mamlakat yoki kompaniya aktivlarining muzlatilishiga jinoiy faoliyat, jinoiy daromadlarni legallashtirish («pul yuvish») yoki xalqaro huquq normalarining buzilishiga oid ayblovlarni rasmiy asos qilib ko‘rsatadi.
Biroq, bu amaliyotni tanqid qiluvchilar ushbu usulning tanlab qo‘llanilishini ta’kidlaydi. Masalan, Isroil inson huquqlarini buzish, noqonuniy urushlar olib borish va aparteid siyosatini yuritishda ko‘p marta ayblangan bo‘lsa-da, uning xorijdagi aktivlari biror bir davlat tomonidan muzlatilmagan.
Bundan farqli o‘laroq, Eron, Rossiya, Shimoliy Koreya, Liviya, Venesuela va Kuba kabi davlatlarning aktivlari xorijiy hukumatlar tomonidan muzlatilgan. Ularni birlashtirib turadigan umumiy jihat bor: ularning barchasi AQSHning xalqaro tartibdagi hukmronligiga qarshi chiqqan yoki chiqmoqda.
Nega Eronning aktivlari muzlatib qo‘yilgan?
AQSH hukumati arxivlariga ko‘ra, aktivlarni muzlatish bilan bog‘liq ilk holat 1979 yilning noyabr oyida yuz bergan. O‘shanda AQSH prezidenti Jimmi Karter Eron «Amerika Qo‘shma Shtatlarining milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga g‘ayrioddiy va favqulodda xavf tug‘dirishini» ta’kidlagan.
Bu voqealar eronlik talabalar Tehrondagi AQSH elchixonasida 66 nafar Amerika fuqarosini garovga olishi fonida yuz bergan. O‘sha paytdagi moliya vaziri Uilyam Millerning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Eronning likvid aktivlari 6 milliard dollardan kamroqni tashkil etgan bo‘lib, uning eng katta qismi — 1,3 milliard dollari Nyu-York Federal zaxira bankida saqlanayotgan g‘aznachilik obligatsiyalari edi. 1981 yilda AQSH va Eron o‘rtasida Jazoir vositachiligida imzolangan «Jazoir kelishuvlari» natijasida, Tehronda qolayotgan 52 nafar garovdagi amerikaliklarni ozod qilish evaziga AQSH ushbu aktivlarning salmoqli qismini blokdan chiqargan.
Biroq keyingi yillarda Vashingtonning Tehron yadroviy dasturidan xavotiri ortishi ortidan AQSH va Eron o‘rtasidagi munosabatlar yana yomonlasha boshladi.
Eron doimiy ravishda uranni boyitish dasturi faqat tinch maqsadlar uchun ekanini ta’kidlab keladi. Isroil va AQSH esa Eronni yadro qurolini ishlab chiqish maqsadida uran boyitayotganlikda ayblab keladi. AQSH va uning ittifoqchilari, ayniqsa Yevropa, Eronga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy etgan. Bunda Yaqin Sharqda maxfiy dastur orqali yadro quroliga ega ekani taxmin qilinadigan yagona davlat bo‘lgan Isroil bu kabi tekshiruv va bosimlarga duch kelmagani diqqatga sazovordir.
Kelishuvlar va umidlarning so‘nishi
2015 yilda Eron va dunyo davlatlari o‘rtasida AQSH prezidenti Barak Obama davrida muzokaralar olib borilgan Birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasi (BKQHR) deb nomlangan tarixiy bitim imzolandi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Tehron o‘z yadroviy dasturini sezilarli darajada qisqartirishga rozi bo‘ldi va natijada xorijdagi aksar aktivlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Biroq, 2018 yilda Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida ushbu kelishuvni «bir tomonlama» deb atab, AQSHni undan chiqardi. Natijada Eronga nisbatan sanksiyalar qayta tiklandi va xorijdagi aktivlari yana muzlatib qo‘yildi.
2023 yilda AQSH va Eron mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Tehron AQSHda qamalgan bir necha Eron fuqarosining ozod etilishi hamda Eronga muzlatilgan milliardlab dollarlik mablag‘lardan foydalanish imkoniyatining berilishi evaziga besh nafar AQSH-Eron fuqarosini qo‘yib yubordi. Gap Janubiy Koreyada AQSH sanksiyalari tufayli muzlatib qo‘yilgan 6 milliard dollarlik neft daromadi haqida bormoqda.
Ushbu mablag‘lar nazorat qilish uchun Qatarga o‘tkazildi. Ammo keyingi yilda AQSH prezidenti Jo Bayden Eronning Isroilga raketa va dron hujumlariga javoban yangi sanksiyalar joriy etdi va bu Tehronning Dohadagi mablag‘larini yana muzlatib qo‘yilishiga olib keldi.
AQSHdan tashqari, Yevropa Ittifoqi ham Eronni inson huquqlarini buzish, yadroviy majburiyatlarga rioya qilmaslik, terrorizm va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini dronlar bilan qo‘llab-quvvatlashda ayblab, mamlakat Markaziy banki aktivlarini qisman muzlatib qo‘ygan.
Eronning muzlatilgan aktivlari qaysi davlatlarda saqlanmoqda?
Eronning muzlatilgan aktivlari bir nechta mamlakatlar hisobida qolmoqda.
Har bir davlatda aynan qancha mablag‘ saqlanayotgani haqidagi aniq raqamlar noma’lum bo‘lsa-da, Eron OAVlarining xabarlariga ko‘ra, Eron neftining muhim xaridorlaridan biri bo‘lgan Yaponiyada taxminan 1,5 milliard dollar, Iroqda qariyb 6 milliard dollar, Xitoyda kamida 20 milliard dollar va Hindistonda 7 milliard dollar mablag‘ mavjud.
AQSHda Eronning bevosita muzlatilgan taxminan 2 milliard dollarlik aktivlari bor, Luksemburg kabi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa taxminan 1,6 milliard dollar saqlanmoqda.
Shuningdek, Qatarda Eronning qariyb 6 milliard dollari mavjud.
Aktivlarni blokdan chiqarish Eron uchun qanchalik muhim?
Eron iqtisodiyoti chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda: o‘nlab yillar davomida amal qilgan sanksiyalar mamlakatning neft eksportini cheklab qo‘ydi, investitsiyalar jalb qilish hamda sanoat va texnologiyalarni modernizatsiya qilish imkoniyatlarini bo‘g‘ib tashladi.
Inflatsiyaning keskin ortishi va milliy valuta — riyol qiymatining tushib ketishi 2025 yilning dekabr va 2026 yilning yanvar oylarida ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik bu noroziliklar amaldagi tuzumga qarshi keng ko‘lamli kampaniyaga aylanib ketdi. Xavfsizlik kuchlari tomonidan namoyishlarning bostirilishi oqibatida minglab odamlar halok bo‘ldi. Eron rasmiylari qon to‘kilishida AQSH va Isroil tomonidan moliyalashtirilgan hamda qurollantirilgan terrorchilarni aybladi. Yaqinda Donald Tramp AQSH namoyishchilarning ayrim guruhlarini haqiqatan ham qurollantirganini tasdiqladi.
Bunday sharoitda, muzlatilgan aktivlar Eron darhol ishlatishi mumkin bo‘lgan «naqd pul zahirasi» hisoblanadi: 100 milliard dollar — mamlakat YAIMning qariyb to‘rtdan bir qismi demakdir.
Kembridj universitetining Eron bo‘yicha mutaxassisi va xalqaro siyosat bo‘yicha ma’ruzachisi Roksana Farmanfarmayanning «Al Jazeera» nashriga ta’kidlashicha, aktivlarning ozod qilinishi mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega:
«Bu Eron neft sotishdan topgan xorijiy valutadagi mablag‘larini o‘z iqtisodiyotiga qaytarishini anglatadi. Shuningdek, bu Tehronga valuta tebranishlarini nazorat qilish imkonini beradi va natijada 2025 yil dekabridagi namoyishlarni keltirib chiqargan iqtisodiy zaiflikdan xalos etadi», — deydi ekspert.
Uning qayd etishicha, Eronning muhim tarmoqlari — neft konlari, suv ta’minoti va elektr tarmoqlari infratuzilmaviy tanazzulga yuz tutmoqda. Mablag‘lardan erkin foydalanish imkoniyati tug‘ilsa, ushbu sohalarni modernizatsiya qilish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Eron ushbu mablag‘lar hisobidan xorijiy kompaniyalarga to‘lovlarni amalga oshirishi va o‘z sanoatini tiklashni boshlashi mumkin.
«Tabiiyki, Eron urushdan keyin mamlakatni qayta tiklashi kerak bo‘ladi. Blokdan chiqarilgan aktivlar esa bu jarayonni tezroq va samaraliroq qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Farmanfarmayan.
Uning fikricha, mablag‘larning qaytarilishi iqtisodiy o‘sishni boshlash bilan birga, hukumat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga va sanksiyalar rejimiga xos bo‘lgan korrupsiya zanjirlarini uzishga yordam beradi.
York universiteti siyosatshunosi Kris Feterstounning fikricha, AQSHning ushbu aktivlarni ozod qilish bo‘yicha qarori muhim diplomatik signal bo‘lib xizmat qiladi.
«Xalqaro miqyosda aktivlarning blokdan chiqarilishi AQSHning Eron iqtisodiyotiga bo‘lgan bosimi pasayayotganidan darak berishi mumkin. Bu esa boshqa xalqaro o‘yinchilar va mintaqaviy qo‘shnilarning yanada faol jalb qilinishiga, savdo va integratsiyaning rivojlanishiga zamin yaratadi», — deydi u.





