Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochdi, Tramp esa blokadani davom ettirmoqchi

Bugun 19:323 daqiqa

Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi dunyoning eng muhim suv yo‘llaridan birini qamal holatidan chiqardi. Ammo 22-aprelgacha belgilangan muhlat va Tehronning yadroviy dasturi hamon asosiy xavf bo‘lib qolmoqda.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochdi, Tramp esa blokadani davom ettirmoqchi

Tehron AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlanganidan beri deyarli to‘liq bloklangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochdi. AQSH prezidenti Eron hukumatiga minnatdorlik ham bildirdi. Biroq Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida tinchlik bitimi tuzilgunga qadar AQSH harbiy-dengiz blokadasi Eronga nisbatan to‘liq hajmda amal qilishini aytdi.

«Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga muvofiq, barcha tijorat kemalari uchun Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish o‘t ochishni to‘xtatishning qolgan davri uchun to‘liq ochiq deb e’lon qilinadi», — deb yozdi «X» ijtimoiy tarmog‘ida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kemalar «Eron Islom Respublikasi Portlar va dengiz transporti tashkiloti tomonidan e’lon qilingan kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha» harakatlanishi mumkin.

Eron va AQSH o‘rtasidagi ikki haftalik sulh 22-aprel kuni tugaydi. Yangi muzokaralar kutilmoqda.

«Eronlik yuqori martabali harbiy mulozimning ma’lum qilishicha, tijorat kemalari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan belgilangan yo‘nalish bo‘yicha va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiy-dengiz floti ruxsati bilan o‘tishi mumkin», - deb xabar bermoqda davlat televideniyasi.

«Eron hozigina Eron bo‘g‘ozi [Ho‘rmuz bo‘g‘ozi] to‘liq ochiqligini va o‘tishga tayyorligini e’lon qildi. Rahmat!» — deb yozdi AQSH prezidenti «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida.

Eron urush boshlanganidan beri Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda bloklab qo‘ygan edi. Bu asosiy koridor bo‘lib, u orqali dunyo neft eksportining 20 foizi o‘tadi.

O‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan keyin Tehron Livanda ham sulh bo‘lishini talab qilib, bo‘g‘ozni ochishini e’lon qilmagan edi, bu vaqtda Isroil «Hizbulloh»ga zarbalar berishda davom etayotgandi.

AQSH o‘z navbatida Eron portlaridan chiqayotgan kemalarga taalluqli o‘z blokadasini e’lon qildi. Amerika harbiylari birorta ham kema blokada rejimini buza olmaganini ta’kidladi, ammo monitoring tashkilotlari ayrim tankerlar bo‘g‘ozdan o‘tishga muvaffaq bo‘lganini xabar qildi.

Kelishuv

Juma kuni yarim tunda Tramp avvalroq e’lon qilgan Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirdi. Konflikt paytida uylarini tark etishga majbur bo‘lgan livanliklar, Livan armiyasining ehtiyot bo‘lish chaqiriqlariga qaramay, mamlakat janubiga oqib kela boshladi. Isroil esa isroillik harbiylar Livan janubidagi pozitsiyalarida qolishini bildirdi.

«Eron tashqi ishlar vaziri Livandagi kelishuvga muvofiq barcha tijorat kemalari uchun Hurmuz bo‘g‘ozi ochiqligini aytganidan keyin, juma kuni aksiya va obligatsiyalar narxi ko‘tarildi, neft va dollar narxi esa keskin tushib ketdi», -deb yozadi «Reuters».

Neft narxi bu xabardan so‘ng darhol qariyb 10 foizga arzonlashdi, qisqa muddatli davlat obligatsiyalarining daromadliligi esa keskin pasaydi.

Bo‘g‘ozni ochish talabi 11-12-aprel kunlari Pokiston poytaxtidagi AQSH va Eron muzokaralarida asosiy masalalardan biri bo‘lgan edi. Ikkinchi bosqich 19-aprel kuni yana Islomobodda o‘tishi kutilmoqda. Tramp kecha jurnalistlar bilan suhbatda bunday imkoniyatni istisno qilmagan edi.

AQSH tomonidan Eronning harbiy blokadasi, unda 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda, o‘z kuchida qoladi, deb xabar berdi Reuters agentligiga Amerikadagi manba. Tramp ham bo‘g‘ozning Amerika blokadasi saqlanib qolishini aytdi.

«Hurmuz bo‘g‘ozi to‘liq ochiq va biznes hamda to‘siqsiz o‘tish uchun tayyor, biroq harbiy-dengiz blokadasi Eron bilan kelishuvimiz 100 foiz yakunlanmaguncha faqat Eronga nisbatan to‘liq hajmda amal qiladi», — deb yozdi AQSH prezidenti «Truth Social»da.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, «bu jarayon juda tez o‘tishi kerak», chunki tinchlik bitimining ko‘plab bandlari «allaqachon kelishib bo‘lingan».

Islomoboddagi muzokaralarda Tehronning yadroviy dasturi va Hurmuz bo‘g‘ozi eng asosiy kelishilmagan jihatlar edi. Kecha Tramp Eron uranni boyitishni 20 yilga to‘xtatishga rozi bo‘lganini da’vo qilgandi. Tehron bu bayonotni tasdiqlamadi.

Teglar

Mavzuga oid