Eron rejimi qanchalik bardosh bera oladi? — ekspertlar taxmini

04.03.2026 | 08:252 daqiqa

Yaqin Sharqdagi so‘nggi harbiy zarbalar Tehron tizimining zaif nuqtalarini ochib tashladi: ekspertlarning fikricha, mamlakatda siyosiy o‘zgarishlar muqarrar, biroq bu jarayon xavfli va uzoq davom etishi mumkin.

Eron rejimi qanchalik bardosh bera oladi? — ekspertlar taxmini

«Foreign Affairs» jurnali tahliliga ko‘ra, Islom inqilobining 47 yilligi ortidan Eron misli ko‘rilmagan kuchli zarbaga duch keldi. AQSH va Isroil tomonidan oliy rahbariyatning yo‘q qilinishi va harbiy infratuzilmaning vayron etilishi mamlakatda jiddiy hokimiyat vakuumini yuzaga keltirdi.

Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafotidan so‘ng Donald Tramp eronliklarni «boshqaruvni o‘z qo‘liga olishga» chaqirdi. Biroq ekspertlar rejimning ichki tuzilmasi o‘n yillar davomida aynan shunday inqirozli ssenariylarga tayyorlanganini qayd etmoqdalar.

Garchi harbiy salohiyat va rahbariyat zaiflashgan bo‘lsa-da, Islom Respublikasining qolgan tuzilmalari qisqa muddatli istiqbolda nazoratni saqlab qolishi ehtimoli yuqori. Yanvar oyidagi namoyishlar vaqtida 7 ming nafarga yaqin insonning halok bo‘lishi aholining hafsalasini pir qilgan va tizimli qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlarini cheklagan. Qolaversa, Xomanaiy tizimni shunday qurgan ediki, hatto markaziy boshqaruv izdan chiqqanda ham harbiy qo‘mondonlar muqobil tarzda qaror qabul qilish va zarba berish vakolatiga ega.

Biroq strategik jihatdan rejim halokatga mahkum deb ko‘rilmoqda. Mamlakatni 36 yil boshqargan yetakchining yo‘qolishi va uning ehtimoliy vorisi Ibrohim Raisiyning 2024-yilda halok bo‘lgani ichki qarama-qarshiliklarni kuchaytiradi. Vayron bo‘lgan iqtisodiyot va xalqaro izolyatsiya sharoitida rejim funksiyalarini saqlab qolish tobora qiyinlashib boradi.

Ichki nizolar

AQSH ma’muriyati faqatgina aviazarbalar orqali rejimni to‘liq ag‘darib tashlash imkonsiz ekanini tushunib turibdi. «Foreign Affairs» ekspertlarining ta’kidlashicha, Vashington endi diplomatiya orqali Eron kelajagiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega. Bu jarayonda Vashington kim bilan muzokara olib borishni juda ehtiyotkorlik bilan tanlashi kerak. Maqsad — teokratiya qoldiqlarining qayta oyoqqa turishiga yo‘l qo‘ymaslik va mo‘’tadil kuchlarning maydonga chiqishiga zamin yaratishdir.

Eron rejimi yillar davomida qamal va tashqi zarbalarga chidamli tizim sifatida shakllangan edi. Ammo hozirgi moliyaviy inqiroz va neft daromadlarining keskin kamayishi tizimning ichki muvozanatini buzmoqda. Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) va siyosiy elita o‘rtasidagi resurslar uchun kurash hokimiyatni ichkaridan yemirishi kutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida tashqi bosimning samaradorligini oshiradi.

Iqtisodiy tanazzul va ijtimoiy bosim

Eron iqtisodiyoti harbiy amaliyotlar va sanksiyalar ostida falaj holatga kelib qoldi. Riyol kursining qadrsizlanishi va inflatsiyaning 50 foizdan oshishi aholining yashash darajasini keskin tushirib yubordi. Energetika infratuzilmasiga berilgan zarbalar esa nafaqat budjet tushumlarini, balki mamlakat ichidagi ta’minotni ham izdan chiqardi. Bunday sharoitda rejimning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovi minimal darajaga tushgan.

Shuni qayd etish kerakki, Eronning mintaqaviy ta’siri ham keskin kamaygan. Livan, Suriya va Iroqdagi proksi-guruhlar Tehrondan moliyaviy va harbiy yordam olmay qolgani sabab o‘z mavqelarini boy bermoqdalar. Bu esa rejimning tashqi himoya qalqonini yo‘qqa chiqaradi.

Teglar

Mavzuga oid