Sun’iy intellekt va raqamlashtirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi
24 million dollarlik GPU-klaster va keng ko‘lamli ma’lumotlar bazasi — O‘zbekiston sun’iy intellekt infratuzilmasini yaratishda katta moliyaviy va texnologik resurslarni safarbar etmoqda.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bo‘lib o‘tgan taqdimotda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali o‘sishni jadallashtirish va aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Strategik maqsadlar va o‘sish sur’atlari
Qayd etilishicha, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish va mamlakatni BMT elektron hukumat indeksida yetakchi 30 davlat qatoriga kiritish vazifalari belgilangan.
So‘nggi yillarda raqamlashtirish sohasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri sezilarli darajada oshgan. Oxirgi besh yilda sohadagi yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtacha 24,8 foizga o‘sib, mazkur ko‘rsatkich YAIM o‘sish sur’atlaridan 3,5 barobar yuqori bo‘lgan. Axborot va aloqa tarmog‘ida band bo‘lganlar soni 2017 yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan. Hozirgi kunda sohada 11 ming 900 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning qariyb 1,4 mingtasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.
AI loyihalar va infratuzilma
Ayni paytda sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinovlar amalga oshirilmoqda. Sanoat korxonalarida AI texnologiyalari orqali energiya sarfi va tannarx kamaytirilib, mehnat unumdorligi oshirilgan.
Shuningdek, 24 million dollarlik GPU-klasterga ega sun’iy intellekt infratuzilmasi ishga tushirilgan bo‘lib, yana 45 mln dollarlik qo‘shimcha quvvatlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 130 dan ziyod ma’lumotlar bazasini integratsiya qilish orqali yangi AI yechimlar joriy etiladi.
Kadrlar va ta’limga e’tibor
Taqdimotda raqamli ta’limni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Ma’lum qilinishicha, «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich bosqich tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangan.
Taqdimot yakunida davlat rahbari sun’iy intellekt va raqamlashtirish bugungi kunda faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati hamda mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalish ekanini ta’kidlagan va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.





