Logo

Firibgarlar to‘qqiz oyda fuqarolarga 278 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazdi

Kecha 20:402 daqiqa

Markaziy bank firibgarlar odamlarni qanday usullar bilan aldayotgani va qaysi sxemalar eng ko‘p zarar keltirayotganini ma’lum qildi.

Firibgarlar to‘qqiz oyda fuqarolarga 278 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazdi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2026-yilning 1-yanvaridan 1-oktabrigacha bo‘lgan davrda firibgarlar tomonidan fuqarolarga jami 278,3 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida ushbu mablag‘larning 113,1 mlrd so‘mi bloklab qolingan. Bu haqda Markaziy bank Ichki ishlar vazirligining «Cardblock» platformasida ro‘yxatga olingan holatlar tahliliga tayanib ma’lum qildi.

Eng ko‘p qo‘llanilgan usullar va ko‘rilgan zarar

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p uchragan firibgarlik usuli telefonga zararli dastur o‘rnatish bilan bog‘liq. Fuqarolar messenjerlar va noma’lum manbalardan APK fayllarni yuklab olib o‘rnatgani oqibatida 18 830 ta holatda 79,3 mlrd so‘m mablag‘idan ayrilgan.

Shuningdek, firibgar qo‘ng‘irog‘i bo‘yicha harakat qilish oqibatida 611 ta holatda 27,7 mlrd so‘m o‘g‘irlangan bo‘lib, bu aldov turida jabrlanuvchilar har bir holatda o‘rtacha 45 mln so‘m yo‘qotgan. Telegram akkauntini egallab olish orqali esa 2 808 ta holat qayd etilgan va 21,9 mlrd so‘m o‘zlashtirilgan.

Boshqa yirik sxemalar bo‘yicha zararlar quyidagicha taqsimlangan:

Soxta treyding takliflari — 1 044 ta holat (15,1 mlrd so‘m);
«Moliyaviy piramida» belgilariga ega sxemalar — 1 086 ta holat (14,0 mlrd so‘m);
Onlayn xarid uchun oldindan to‘lov olish — 3 571 ta holat (10,5 mlrd so‘m);
Onlayn o‘yinlar uchun to‘lov — 272 ta holat (0,9 mlrd so‘m);
Turi ko‘rsatilmagan holatlar — 11 475 ta holat (98,1 mlrd so‘m).

Fuqaro nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish holatlari soni nisbatan kam bo‘lsa-da, eng yirik o‘rtacha yo‘qotishga sabab bo‘lgan. Firibgarlar kreditni to‘xtatish bahonasida fuqarolarni aldab, ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan 130 ta holat qayd etilgan. Yetkazilgan moddiy zarar miqdori 10,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu usulda aldanganlarning har biri o‘rtacha 82 mln so‘m yo‘qotgan.

Markaziy bank, shuningdek, alohida holatlarni ham qayd etgan. Xususan, 2 737 ta murojaatda fuqarolar puli o‘g‘irlanganini bildirib ichki ishlar organlariga ariza yozgan. Biroq tekshiruvlar davomida ushbu 7,6 mlrd so‘m mablag‘ aslida fuqarolarning kredit qarzdorligi bo‘yicha avtomatik tarzda undirilgani aniqlangan.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bloklangan mablag‘larning qancha qismi o‘z egalariga qaytarilgani yuzasidan ma’lumot berilmagan.

Markaziy bank tavsiyalari

Firibgarlardan himoyalanish maqsadida Markaziy bank fuqarolarga messenjerlar va noma’lum manbalardan APK fayllarni yuklamaslikni, o‘zini bank xodimi yoki huquq-tartibot organi vakili deb tanishtirgan shaxslarga karta ma’lumotlari va kodlarni aytmaslikni tavsiya qildi.

Shuningdek, Telegram tarmog‘ida ikki bosqichli himoyani yoqish, sotuvchining ishonchliligini tekshirish hamda katta daromad va’da qiluvchi takliflarga ishonmaslik so‘ralgan. Firibgarlikka duch kelingan taqdirda, zudlik bilan xizmat ko‘rsatuvchi bank va ichki ishlar organlariga murojaat qilish lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘z nomiga kredit olishni taqiqlaganlar soni 3 millionga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid