Logo

«Gemini» kompaniyalarga hakerlik hujumi uyushtirdi

«Google» bu hodisani to‘rt oy davomida ommadan sir tutgan. Bu bilan «Gemini» modeli inson nazoratidan chiqqan to‘rtinchi SI vositasiga aylandi.

«Gemini» kompaniyalarga hakerlik hujumi uyushtirdi © Sun'iy intelekt

«Google»ning sun’iy intellekt modeli — «Gemini» 2026 yilning may oyida kiberxavfsizlik sinovidan o‘tkazilayotgan vaqtda uchta kompaniya tizimiga buzib kirgan. Sinov jarayoni kiberxavfsizlikni baholash bilan shug‘ullanuvchi mustaqil «Irregular» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. «Reuters» agentligi buni «Google» sun’iy intellekt tizimining bunday harakatni mustaqil amalga oshirganiga oid dastlabki ma’lum bo‘lgan holat sifatida xabar qildi.

«The Insider» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur voqealar may oyida sodir bo‘lgan. Biroq «Google» buni faqat sentabr oyida, «The Wall Street Journal» nashrining savollaridan keyingina ommaga tasdiqladi. Ushbu hodisa ta’siriga tushgan uchala kompaniyaga ham vaziyat haqida xabar berilgan.

«Gemini» kompaniyalar tizimiga qanday kirgan?

Aslida, sinov davomida «Gemini» faqat belgilangan test muhiti doirasida vazifalarni bajarishi kerak bo‘lgan. Biroq model ochiq internet tarmog‘iga chiqib ketgan va u yerdagi haqiqiy saytlarni ham testning bir qismi deb qabul qilgan.

«Reuters»ning yozishicha, uchta holatdan birida «Gemini» himoyalangan tizimga kirish uchun parollarni taxminiy tanlash usulidan foydalangan. Qolgan ikki holatda esa model ochiq internetdagi ma’lumotlarni topib, ular yordamida himoyalangan tizimlarga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

 «Google» qanday munosabat bildirdi?

«Google»ning xavfsizlik muhandisligi bo‘yicha vitse-prezidenti Xizer Adkinsning ma’lum qilishicha, standart baholash jarayonida «Gemini» internetdan ochiq ma’lumotlarni topib, ularni test doirasiga kiradi deb o‘ylagan holda real saytlarga kirish uchun ishlatgan.

Adkinsning qo‘shimcha qilishicha, uchala tashkilot ham hodisadan xabardor qilingan hamda «Irregular» bilan hamkorlikda test jarayonlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.

«Google» ma’lumotlariga ko‘ra, uchala holatda ham «Gemini» haqiqiy kompaniyalar tizimiga kirganini anglab yetgach, o‘z harakatlarini darhol to‘xtatgan.

Hozircha, мазкuр kompaniyalarning nomlari oshkor etilmagan.

Bu hozirgi «Gemini» modeli emas

«The Insider»ning aniqlik kiritishicha, mazkur sinovlarda «Gemini»ning avvalgi versiyasi ishtirok etgan. Ya’ni gap hozirgi kunda ishlatilayotgan model haqida ketmayapti.

Bu jihat «Google»ning voqeaga bergan izohida ham muhim o‘rin tutadi: hodisa standart test jarayonida yuz bergan va shundan so‘ng test tartib-qoidalariga zarur o‘zgartirishlar kiritilgan.

Muammo faqat «Gemini» bilan bog‘liq emas

«The Insider» ma’lumotiga ko‘ra, «Irregular»ning test muhitlarida boshqa yirik sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchilarining modellari bilan ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan.

Xususan, iyul oyida «OpenAI»ning sun’iy intellekt agenti test paytida izolyatsiya qilingan muhitdan chiqib ketib, «Hugging Face» infratuzilmasiga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. «Anthropic» kompaniyasi esa 141 mingdan ortiq test jarayonini tekshirib, o‘zining «Claude» modellari bilan bog‘liq uchta shunday holatni aniqlagan. Ularning birida model hatto zararli dasturiy paketni joylagan va uni 15 ta qurilmada ishga tushirgan.

Avgust oyida «Meta» kompaniyasi ham «Irregular» sinovlari vaqtida sun’iy intellekt modeli test muhitidagi xatolik sababli internetga chiqib, boshqa bir kompaniya tizimiga kirganini ma’lum qilgan. Nashrning ta’kidlashicha, «Google» joriy yilda bunday hodisaga duch kelgan kamida to‘rtinchi yirik sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchisiga aylangan.

«Reuters» ham «Meta», «Anthropic» va «OpenAI» modellari bilan bog‘liq shunga o‘xshash insidentlar yuz berganini qayd etgan. O‘z navbatida, «Irregular» bu holatlarning barchasi test muhitidagi bir xil kamchilik bilan bog‘liq ekanini va markaz o‘z tomonidan ushbu muammolarni bartaraf etganini bildirgan.

Test muhitida aslida nima sodir bo‘lgan?

«Irregular» avvalroq o‘z test ssenariylaridan birida internetga kirish imkoniyati tasodifan yoqilib qolganini tushuntirgan edi. Shu bilan birga, test uchun o‘ylab topilgan kompaniya nomi internetdagi real domen bilan bir xil bo‘lib chiqqan.

Oqibatda modellar ayrim holatlarda haqiqiy kompaniyalarning tizimlarini ham simulyatsiyaning bir qismi sifatida qabul qilgan.

«The Insider» yozishicha, bu modellar go‘yoki test shartlari doirasida ruxsat etilgan harakatlarni amalga oshirmoqdaman, deb o‘ylagan, ammo bu tizimlarning haqiqiy egalari bunday aralashuvga aslo ruxsat bermagan bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid