Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari qamoqdan chiqdi, 4 yoshli bola tog‘da yo‘qolib qoldi, Sindorov yana chempion bo‘ldi — hafta dayjesti
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan VAQT.UZ dayjestida batafsil tanishing.
Bekmurod Abdullayev garov evaziga qo‘yib yuborildi
O‘zbekiston ichki ishlar vaziri sobiq o‘rinbosari, katta miqdordagi budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishida gumonlanib qo‘lga olingan Bekmurod Abdullayev ozodlikka chiqdi. U 200 mlrd so‘mdan ortiq zararni to‘lab bergan.
Malumotga ko‘ra, yetkazilgan 200 mlrd so‘mdan ortiq zarar naqd pulda qoplanganidan so‘ng, general-mayor Bekmurod Abdullayevga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilgan. Garov puli Bekmurod Abdullayevning akasi — milliarder Bahodir Abdullayev tomonidan to‘langani aytilmoqda.
Abdullayev avval mudofaa, ichki ishlar va Milliy gvardiya tizimlarida ishlagan, 2021 yilda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. U 2025 yil noyabrda lavozimidan olingan.
2026 yil yanvarda u hamda sobiq amaldor Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi ochilib, ular budjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib qamoqqa olingani ma’lum qilingan.
Hozirda Rustam Tursunov qamoqda qolmoqda.
Javohir Sindorov yana chempion bo‘ldi
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov shaxmatda tarixiy natija qayd etib, Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va jahon toji uchun bahslashish huquqini rasman ta’minladi.
13-tur yakuniga ko‘ra 20 yoshli shaxmatchi 9,5 ochko to‘plab, qolgan bir tur natijasidan qat’i nazar, ikkinchi o‘rindagi raqiblar uchun yetib bo‘lmas ustunlikka ega bo‘ldi. U hal qiluvchi uchrashuvda asosiy raqobatchilardan biri — niderlandiyalik grossmeyster Anish Giriga qarshi o‘ynab, qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, himoyada yuqori aniqlik namoyish etdi.
O‘yinda aksar donalar almashinuvidan so‘ng vaziyat murakkab ruhlar endshpiliga o‘tdi va yakunda raqib durangga rozi bo‘ldi. Bu natija Sindorov uchun g‘alabaga teng bo‘lib, u turnirni oldindan yopish imkoniyatini berdi.
Endilikda u amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan jahon shaxmat toji uchun bahslashadi. Shu tariqa, Javohir Sindorov O‘zbekiston shaxmat tarixida yangi sahifa ochib, Nomzodlar turnirida g‘olib chiqqan ilk o‘zbekistonlik sifatida qayd etildi.
Bu yangilik butun O‘zbekiston mediasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va vatandoshlar Javohir Sindorovdan faxrlanishdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha 2026 yilgi Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindarovni telefon orqali tabrikladi.
Bolakay tog‘da yo‘qolib qoldi
Yakunlanayotgan haftada Ohangaron tumanida 4 yoshli bola tog‘li hududda yo‘qolib, bir necha soat davom etgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida sog‘-salomat holda topilgani malum qilindi.
13-aprel kuni oila dam olish maqsadida tog‘li hududga chiqqan va sayr davomida bola kattalar nazoratidan chetda qolib ketgan. Oradan 40 daqiqa o‘tgach, uning yo‘qolgani aniqlangan.
Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligiga xabar berilgan va tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Operatsiyaga Toshkent viloyati qutqaruv xizmatlari hamda Qamchiq maxsus qutqaruv bo‘linmasi jalb etilgan.
6 soatdan ortiq davom etgan qidiruv natijasida bola 14-aprel kuni tungi soat 00:20 atrofida Olmaliq shahri hududida, qorli tog‘li joyda topilgan. U voqea joyidan taxminan 3 kilometr uzoqlikda aniqlangan va sog‘-salomat holda ota-onasiga topshirilgan.
Toshkent shahar hokimligi-eng yopiq davlat organi
Bu hafta korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’lon qilgan 2025 yilgi ochiqlik indeksiga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi 2025 yilning eng yopiq davlat organlaridan biri sifatida qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy hokimiyat organlari 84 ta mezonni qamrab olgan sakkizta asosiy indikator bo‘yicha baholangan. Yakuniy natijalarda 66 ta tashkilot «yashil», 22 tasi «sariq» va 9 tasi «qizil» toifaga kiritilgan. 2022 yildagi ilk baholash bilan solishtirilganda, «yashil» toifadagilar 3,5 barobarga oshgani, «qizil» toifadagilar esa 3 barobarga kamaygani umumiy ijobiy dinamikani ko‘rsatadi.
Eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari «Navoiy kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zavtosanoat» va «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati», shuningdek Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan qayd etilgan.
Shu bilan birga, hududiy kesimda Toshkent shahar hokimligi va Andijon viloyati hokimligi «qizil» toifaga kiritilgan. Respublika darajasida esa «O‘zbekiston temir yo‘llari» hamda «O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish agentligi» ham past ko‘rsatkichlar qatorida qayd etilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobi ro‘yxatida
Joriy haftada Ginnes rekordlar kitobi ro‘yxatiga O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi rasman kiritildi va u «dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi» sifatida e’tirof etildi.
Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi hududida 10 gektar maydonda qad rostlagan ushbu ulkan inshoot uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. 65 metr balandlikdagi gumbazi va 42 ming kvadrat metrdan ortiq umumiy maydoni uni dunyodagi eng yirik muzeylardan biriga aylantirgan.
Taqdirlash marosimida tashkilot vakillari markazning barcha xalqaro mezonlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi. Tadbirda loyiha ustida ishlagan me’morlar, olimlar va quruvchilar ishtirok etib, mukofot markaz Ilmiy kengashi a’zolariga topshirildi.
O‘zbekistonda pul jamg‘armaydiganlar ulushi ortmoqda
O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, pul jamg‘armaydigan aholi ulushi ortgani qayd etildi.
2025 yilning IV choragida aholining 40,4 foizi umuman jamg‘armaga ega emasligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich III chorakda 38 foizni tashkil etgan bo‘lib, bir chorak ichida 2,4 foizlik o‘sish kuzatilgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining katta qismi qisqa muddatli moliyaviy zaxiraga ega ekani ma’lum bo‘ldi: 34,1 foiz ishtirokchi jamg‘armasi faqat bir oygacha yetarli ekanini aytgan. Shu bilan birga, 3–6 oylik jamg‘armalar ulushi biroz oshgan bo‘lsa-da, 1–3 oylik va 6 oydan ortiq zaxiraga ega bo‘lganlar ulushi pasaygani kuzatilgan.
Shuningdek, so‘rovda qatnashganlarning 62,6 foizi kelgusida jamg‘armalari ortishiga ishonchi borligini bildirgan. 24,2 foiz o‘z holati o‘zgarishsiz qolishini, 13,2 foiz esa jamg‘armalar kamayishini kutmoqda.
Shikastlangan davlat raqamini onlayn almashtirish
Endi shikastlangan yoki yaroqsiz holga kelgan avtoraqamlarni almashtirish ancha osonlashdi — buni onlayn tarzda, my.gov.uz orqali amalga oshirish mumkin.
Fuqaro portalga kirib, xizmatni tanlaydi, kerakli davlat raqami turini belgilaydi va shikastlangan raqamning fotosini yuklaydi. Ariza YHXX tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agar ariza ma’qullansa, to‘lov uchun hisob-faktura yuboriladi. Yangi avtoraqam narxi BHMning 3,5 baravari — hozirda 1 million 442 ming so‘m.
To‘lovdan so‘ng raqam tayyorlanadi va fuqaro YHXX bo‘limiga borib, eskisini topshirib, yangisini oladi.
Shu bilan birga, «chiroyli» raqamlar uchun oshirilgan stavkalar bekor qilingan va ularni olish uchun “AvtoRaqam” mobil ilovasi ham ishga tushirilgan.
Babayan iste’foga chiqarildi
Yakunlanayotgan hafta “Andijon” futbol klubidagi qoniqarsiz natijalar sabab bosh murabbiy Samvel Babayan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.
12-aprel kuni Superliganing 7-turidan o‘rin olgan “Andijon” – OKMK uchrashuvi 1:2 hisobida olmaliqliklar g‘alabasi bilan yakunlangan. Bu natija “Andijon” uchun mavsumdagi beshinchi mag‘lubiyat bo‘lib, jamoa 6 ochko bilan turnir jadvalining 14-pog‘onasida qolgan.
Uchrashuvdan so‘ng Samvel Babayan jamoa boshqaruvini tark etishini e’lon qildi. U o‘z bayonotida endi klubda natija uchun harakat qilish imkoni qolmaganini ta’kidlab, mas’uliyatni boshqa mutaxassisga topshirishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Babayan 2025 yil 1-dekabrdan buyon “Andijon”ni boshqarib kelayotgan edi. U faoliyati davomida bir qator klublar, jumladan “Paxtakor”, “Navbahor”, “Lokomotiv”, shuningdek Latviya va Xitoy jamoalari hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham ishlagan.
Dono Boboxonova vafot etdi
O‘zbekiston madaniyat sohasida yo‘qotish — 15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Dono Boboxonova 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbek davlat drama teatri xabar berdi.
Dono Boboxonova 1946 yil 20-noyabrda Qozog‘istonda tug‘ilgan. U Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlab, ijodiy faoliyatini Yosh gvardiya teatrida boshlagan. 1996 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
U milliy sahna san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shib, betakror obrazlari bilan tanilgan. Aktrisa “Bozor ko‘rmagan yigit” va “Gap yo‘q” telenovellalaridagi rollari, shuningdek “Tilim qursin”, “Chol va nabira”, “Berlin-Oqqo‘rg‘on” kabi filmlardagi ijrolari bilan muxlislar xotirasida qolgan.
Teglar






