Logo

Soliq imtiyozlari hajmi 178 trln so‘mdan oshdi. Qaysi sohalar eng ko‘p imtiyoz oldi?

Bugun 11:202 daqiqa

2025 yilda O‘zbekistonda taqdim etilgan soliq imtiyozlarining umumiy hajmi 178,2 trln so‘mni tashkil qildi. Bu 2024 yilga nisbatan 31,2 foizga ko‘p bo‘lib, eng katta ulush QQS hissasiga to‘g‘ri keldi.

Soliq imtiyozlari hajmi 178 trln so‘mdan oshdi. Qaysi sohalar eng ko‘p imtiyoz oldi? © manba: nalog.gov.ru

Fiskal tahlillar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda soliq imtiyozlarining umumiy hajmi 178,2 trln so‘mni tashkil qildi. Bu 2024 yildagi 135,8 trln so‘mga nisbatan 31,2 foizga ko‘p.

Imtiyozlarning 119,1 trln so‘mi Soliq qo‘mitasi, 59,1 trln so‘mi esa Bojxona qo‘mitasi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Mos ravishda ulardagi o‘sish 43 foiz va 12,6 foizni tashkil etgan.

QQS imtiyozlari eng katta ulushni egalladi

Umumiy imtiyozlarning 114,6 trln so‘mi, ya’ni 64 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xususan, QQS bo‘yicha qayd etilgan 114,6 trln so‘mlik imtiyozning qariyb 85 foizi eksport uchun nol stavka, moliya va sug‘urta xizmatlarini QQSdan ozod qilish kabi soliq tizimining asosiy elementlari hisoblanadi va soliq xarajati sifatida baholanmaydi.

Eng yirik imtiyozlar xalqaro shartnomalar va qishloq xo‘jaligiga

Foyda solig‘i bo‘yicha eng katta imtiyozlar xalqaro shartnomalar doirasida taqdim etilgan. Bunday imtiyozlar 2025 yildan boshlab alohida hisobga olina boshladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun joriy etilgan nol stavka bo‘yicha imtiyozlar hajmi 1,7 trln so‘mni tashkil etgan.

Mulk solig‘i bo‘yicha ham asosiy imtiyoz oluvchilar aynan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bo‘lib, ularga 1,7 trln so‘mlik yengillik berilgan. Bu mazkur turdagi barcha imtiyozlarning deyarli 50 foiziga teng.

Ta’lim va moddiy yordam uchun ham imtiyozlar berilgan

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 18 791 nafar fuqaro ish beruvchilari orqali ta’lim xarajatlari uchun berilgan imtiyozdan foydalangan. Buning umumiy hajmi 248 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha (xodimning yoki uning yaqin qarindoshlari vafoti holatlaridan tashqari) 10 164 ta ish beruvchi 262 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan foydalangan.

31 mingdan ortiq tadbirkorga pasaytirilgan stavka qo‘llanilgan

Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha eng ommaviy imtiyoz 2 foizlik pasaytirilgan stavka bo‘ldi. Undan 31 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti foydalangan.

Asosan aholisi 100 ming nafardan kam bo‘lgan shahar va qishloqlardagi chakana savdo korxonalariga tatbiq etilgan ushbu imtiyozning umumiy hajmi 106 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid