Jazirama issiq keksalar uchun biz o‘ylagandan ko‘ra xavfliroq — tadqiqot
Stenford universiteti tadqiqotchilarining ta’kidlashicha, insonning issiqqa chidamlilik chegarasi avval taxmin qilinganidan ko‘ra pastroq.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaOlimlarning aniqlashicha, iqlim o‘zgarishi sababli harorat ko‘tarilib borayotgan bir paytda, jazirama tufayli kasallanish yoki vafot etish xavfi ostida qolayotgan keksalar soni kutilganidan ancha ko‘p.
AQSHdagi Stenford universiteti olimlari o‘tkazgan yangi tadqiqotda yoshning inson organizmidagi issiqqa chidamlilikka ko‘rsatadigan ta’siri o‘rganildi. Bu esa butun dunyo aholisi uchun jazirama to‘lqinlaridan kelib chiqadigan yangi xavf darajalarini ochib berdi.
Dunyo bo‘yicha 60 yosh va undan kattalar soni 2020 yildagi 1 milliarddan 2050 yilga kelib 2,1 milliardgacha, ya’ni ikki barobardan ko‘proqqa oshishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich dunyo aholisining 21 foizini tashkil etadi. Bunday sharoitda Stenford tadqiqoti haroratning ko‘tarilishi taxmin qilinganidan ham ko‘proq o‘lim holatlariga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
«Oldingi tahlillarda ko‘pincha har bir kishi issiqqa xuddi sog‘lom yoshlardek chiday oladi, deb taxmin qilingan. Bu esa keksalar uchun real xavf darajasini pasaytirib ko‘rsatgan», — dedi Buyuk Britaniyadagi Imperial kolleji o‘qituvchisi Kris Mullington «Al Jazira» nashriga.
Yangi tadqiqot shuni tasdiqlaydiki, xavfli issiq ob-havoni yagona universal harorat chegarasi bilan belgilab bo‘lmaydi. Bu ko‘proq jazirama sharoitida qolayotgan insonning yoshi va holatiga bog‘liq.
Nima sababdan keksalar jazirama issiqqa bunchalik ta’sirchan bo‘ladi?
Yosh o‘tgan sari inson organizmi o‘zini o‘zi sovutishdek tabiiy qobiliyatini yo‘qota boradi: biz kamroq terlaymiz, qon tomirlarimiz esa avvalgidek kengaymagani sababli yurak ko‘proq ishlashga majbur bo‘ladi. Harorat ko‘tarilib borishi bilan, organizm oxir-oqibat o‘zini yetarli darajada tez sovuta olmaydigan holatga kelib qoladi.
«Organizm tiklana olmaydigan issiqlik zo‘riqishi» deb ataluvchi bu holatga keksalar yoshlarga qaraganda ancha erta va pastroq haroratlardayoq duch keladi.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, 65 yosh va undan kattalar sanoatlashuvga qadar bo‘lgan davrga nisbatan global harorat 1,5 darajaga ko‘tarilgandayoq zararli issiqlik ta’siriga duch keladi. Yoshlarda esa bu holat isish 4 darajaga oshgandagina kuzatiladi.
Ayni paytda uzoq muddatli global isish sanoatlashuvgacha bo‘lgan darajadan taxminan 1,4 darajaga yuqori, deb baholanmoqda. Yevropa Ittifoqining «Kopernik» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, garchi 2024 yilda o‘rtacha yillik global ko‘rsatkich tarixda ilk bor 1,5 darajadan oshgan bo‘lsa-da, o‘nlab yillarni o‘z ichiga oluvchi uzoq muddatli isish hozircha bu marrani bosib o‘tgani yo‘q.
Biroq Stenford olimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yiliga kamida 180 soat davomida o‘z yosh toifasi uchun chidash mumkin bo‘lgan chegaradan yuqori haroratni boshdan kechirayotgan odamlar soni taxmin qilinganidan allaqachon ikki barobar ko‘pni tashkil qilmoqda. Bu hisobotda qayd etilgan asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Jazirama inson organizmiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ekstremal issiqlik, ya’ni g‘ayritabiiy jazirama yoki iqlim va salomatlik uchun belgilangan me’yorlardan ortib ketadigan harorat inson uchun o‘ta xavflidir. Bu holat issiq urishi, yurak xuruji kabi og‘ir xastaliklarga, hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin.
Salomatlikka yetadigan zararni faqatgina global o‘rtacha ko‘rsatkichlar yoki havo haroratiga qarab bashorat qilib bo‘lmaydi. Buning sababini Mullington shunday izohlaydi:
«Namlik, quyosh nuri, havo oqimi, jismoniy faollik, kiyim-kechak va insonning issiqlik chiqarish qobiliyati kabi omillarning barchasi muhim ahamiyatga ega».
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jaziramada sog‘lom yoshlar bemalol chiday oladigan harorat keksalarda tana haroratining ko‘tarilib ketishiga va issiq urishi kabi jiddiy xastaliklarga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, tadqiqot xulosalariga ko‘ra, jazirama vaqtidagi o‘lim holatlarining kichik bir qismigina bevosita gipertermiya (uzoq vaqt issiqda qolib ketish) oqibatida yuz beradi. Aksariyat o‘lim holatlari esa tana harorati ko‘tarilishi ortidan zo‘riqadigan yondosh kasalliklar — xususan, yurak-qon tomir, buyrak va nafas olish yo‘llari xastaliklari bilan bog‘liq.
Janubiy va Sharqiy Osiyo eng ko‘p aziyat chekadi
Stenford tadqiqotida keltirilgan NASA ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab global isish so‘nggi 10 000 yil ichida kuzatilmagan tezlikda yuz bermoqda. Shu bilan birga, umr ko‘rish davomiyligining oshishi va tug‘ilish darajasining pasayishi ortidan dunyo aholisi tez qarimoqda. Bu holat sayyoramiz aholisining katta qismi kuchli jazirama oldida himoyasiz qolayotganini anglatadi.
Xitoy, Hindiston va Pokiston kabi daromadi past mamlakatlardagi keksalar global isish sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan atigi 1,5 darajaga ko‘tarilganda ham eng katta xavf ostida qoladi. Harorat ko‘tarilgani sayin, bundan zarar ko‘ruvchi geografik hududlar qamrovi ham kengayib boradi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, haroratning har bir qo‘shimcha darajaga ko‘tarilishi yana bir milliardga yaqin odamni yiliga 180 soat davomida chidab bo‘lmas jaziramada yashashga majbur qiladi. Bu insonlarning aksariyati keksalar bo‘lishi taxmin qilinmoqda, chunki ularning organizmi bunday sharoitga yoshlarga qaraganda tezroq taslim bo‘ladi.
Тахминлар global haroratning kelajakda qanchalik ko‘tarilishi ehtimoliga qarab turlicha xulosalarni taqdim etmoqda.
Olimlarning aytishicha, agar harorat sanoatlashuvga qadar bo‘lgan davrga nisbatan 3 darajaga ko‘tarilsa, Hindiston, Xitoy, Pokiston va Bangladeshda o‘ta xavfli jazirama ta’siriga duch keladigan aholi soni 1,5 milliard kishiga yetadi. Bu esa butun dunyo bo‘yicha ushbu muammodan jabr ko‘ruvchi umumiy aholining qariyb to‘rtdan uch qismini tashkil etadi.
Jazirama issiqning oqibatlarini yumshatish uchun nimalar qilish zarur?
Stenford olimlarining xulosasiga ko‘ra, insonning issiqqa chidamlilik chegarasi qachon, qayerda va qanday holatda buzilishini aniqlash xavfni kamaytirish strategiyalarini ishlab chiqishda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada taklif etilayotgan moslashuv choralari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
· yashil infratuzilmani kengaytirish maqsadida shahar landshaftini qayta ko‘rib chiqish;
· shamollatish tizimlarini yaxshilash;
· inson faoliyati natijasida ajralib chiqadigan issiqlikni kamaytirish;
· maxsus sovitish markazlarini tashkil etish;
· jaziramadan ogohlantirish va favqulodda harakat qilish tizimlarini takomillashtirish.
Ushbu sa’y-harakatlarda tibbiy jihatdan himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga, ayniqsa, yolg‘iz yashovchi, iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan yoki surunkali kasalliklarga chalingan keksalarga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozim.
Keksalar o‘rtasida jazirama tufayli yuz beradigan o‘lim holatlarining aksariyati yopiq binolarda sodir bo‘ladi. Shuni hisobga olgan holda, tadqiqotda barqaror elektr energiyasiga tayanuvchi konditsionerlar yoki boshqa sovitish qurilmalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham tavsiya etilgan.
Biroq, uzoq muddatli istiqbolda atmosferaga chiqarilayotgan zararli gaz va tashlamalarni kamaytirish global isishni jilovlashning eng asosiy omili bo‘lib qolaveradi.



