Korrupsiyaga moyil institut: hokim yordamchilari jamiyatga qanchalik zarur?

Bugun 14:156 daqiqa

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Aksilkorrupsiya agentligi o‘rtasidagi ma’lumotlaridagi tafovut hokim yordamchilari instituti atrofidagi shubhalarni yanada kuchaytirdi.

Korrupsiyaga moyil institut: hokim yordamchilari jamiyatga qanchalik zarur?

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Marat Jo‘rayev matbuot anjumanida 2025-yilda hokim yordamchilari bilan bog‘liq atigi 8 ta korrupsiya holati ijtimoiy tarmoqlardan keng muhokamalarga sabab bo‘lganini ma’lum qildi. 

Vaqt.uz muxbiri ushbu ma’lumot faqat bitta sayt orqali o‘rganilmaganmi, degan savol bilan murojaat qilganida, vazir o‘rinbosari buni rad etib, bunday xabarlar asosan ijtimoiy tarmoqlarda «vahima» sifatida tarqatilganini aytdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda korrupsiya holatlari asosan hokim yordamchilarida kuzatilishi ko‘p yoritiladi. Ammo mutlaqo bunday emas. Kuni kecha internet orqali 2025-yilda tarqalgan xabarlarni tahlil qildik. O‘tgan yili hokim yordamchilari 8 ta holatda korrupsiyaga qo‘l urgani aniqlangan. Bu barcha ijtimoiy tarmoqlar va platformalarda tarqalgani tufayli vahimaga sabab bo‘lgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuritiladigan reytingda hokim yordamchilari Top-10 talikka ham kirmaydi. Ammo bunday holatlarning bitta bo‘lishi ham ko‘p, biz buni juda yaxshi tushunamiz», — dedi Marat Jo‘rayev.

Vazir o‘rinbosari fevral oyidan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faollik darajasini baholash maqsadida yangi tartib joriy etilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hokim yordamchisi lavozimiga tasdiqlanishidan oldin nomzodlar maxsus test sinovidan o‘tadi.

«Bu yildan boshlab yangi tajribani yo‘lga qo‘ydik. Endilikda hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faollik darajasini baholovchi testdan o‘tadi. Testdan muvaffaqiyatli o‘tganlar lavozimga tayinlanadi. Agar nomzod testdan o‘ta olmasa, u Bosh prokuratura huzuridagi Rahbar xodimlarni baholash markazi negizida tashkil etilgan o‘quv kurslariga yuboriladi. Testdan muvaffaqiyatli o‘tmaguncha u lavozimga tayinlanmaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning bu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda turli savollar uyg‘otdi. Oradan bir kun o‘tib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aslida korrupsiyaviy xatti-harakatlar bilan bog‘liq raqamlar ancha ko‘p ekanini ochiqladi.

2025-yilda O‘zbekistonda 153 ta jinoyat ishi doirasida jami 252 nafar hokim yordamchisi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Sudlar tomonidan aybdor deb topilgan hokim yordamchilariga turli jazo choralari qo‘llanilgan.

Снимок экрana 2026-03-16 в 09.40.13

Avvalroq Akmal Burxonov 12 nafar hokimlar korrupsiya sababli javobgarlikka tortilganini ochiqlagan edi.

2024-yilda esa hokim yordamchilari bilan bog‘liq 309 ta korrupsion holat
aniqlangan edi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu masalaga munosabat bildirib, muammo faqat sonlarda emasligini ta’kidladi.

«Yana takrorlaymiz: muammo sonlarda emas. Bu institutni isloh qilib, tuzatib bo‘lmaydi, chunki butun mazmun-mundarijasi bo‘yicha irratsional taqsimlash ustiga qurilgan. 9 mingga yaqin inson resurslari boshqa foydali sohalarda — qishloq xo‘jaligi, bank-moliya, IT va tadbirkorlikda samarali faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, yuzlab milliard so‘m budjet mablag‘larini ijtimoiy qatlamlarga manzilli yo‘naltirish imkoniyati ham mavjud», — deya yozadi iqtisodchi.

Akmal Burxonovning aytishicha, 2026-yilda hokim yordamchilari tomonidan sodir etiladigan korrupsiyaviy jinoyatlar ulushini kamaytirishga erishiladi.

Mahallaga hokim yordamchilari kerakmi?

2022-yil 1-yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq va ovulda, shuningdek shaharlar hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi joriy etilgan edi.

Ushbu institutga katta umidlar bildirilgan, uning zimmasiga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholini ish bilan ta’minlash va mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish, kambag‘allikni kamaytirish kabi vazifalar yuklatilgan.

Ammo so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘layotgan ayrim xabarlar tizim faoliyati samaradorligi haqida savollar tug‘dirmoqda. Masalan, turli hududlarda quyidagi holatlar qayd etilgan:

  • Toshkent shahrida hokim yordamchisi 30 ming dollar pora bilan ushlangan;

  • Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida hokim yordamchisi 33 mln so‘mlik kreditni ikki marta olib berish evaziga 4,5 mln so‘m pora olayotganda uшлaнгaн;

  • Toshkentda hokim yordamchisi 20 kishi nomiga jami 427 mln so‘mdan ziyod kredit mablag‘larini rasmiylashtirgan;

  • Baliqchida mas’ullar budjet mablag‘larini soxta hujjatlar bilan o‘zlashtirgani aниқлaнгaн;

  • Mahalladagi hokim yordamchisi tanishlari orqali hokimlik zaxirasidagi yerni 30 yilga ijaraga olib berish uchun 29 mln so‘m so‘ragan;

  • Hokim o‘rinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va jinoyat ishi qo‘zg‘atish bilan tahdid qilib, fermerdan 20 ming dollar talab qilgan;

  • Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani hokimining o‘rinbosari 8 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan;

  • Samarqandda 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgan;

  • Nurafshon shahrida bir necha marta sudlangan hokim yordamchisi 2 ming dollar bilan ushlangan.

Bunday xabarlarning tez-tez uchrab turishi tabiiy ravishda bir savolni o‘rtaga tashlaydi: amaldagi «hokim yordamchisi instituti» qanchalik samarali ishlayapti?

Albatta, «besh qo‘l barobar emas». Tizimda o‘z vazifasini halol va mas’uliyat bilan bajarayotgan hokim yordamchilari ham bor. Ammo muammo shundaki, institutning o‘zi qanchalik samarali ishlayapti? Ularning vakolatlari va javobgarlik mexanizmlari o‘zaro muvozanatlimi? Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun haqiqatan ham hokim yordamchilariga tayanish kerakmi yoki bozor mexanizmlariga ko‘proq erkinlik berish ko‘proq natija berarmidi?

«Avval iqtisod…» dasturida ham iqtisodchi Otabek Bakirov shu masalaga to‘xtalib o‘tgan edi. Uning fikricha, hokim yordamchilari institutini qayta ko‘rib chiqish zarur:

«O‘zi hokim yordamchisi degan institutni tugatsak, bu mahalla instituti uchun ham yengillik bo‘lar edi. Hozir hokim yordamchilari haqida o‘ylaganimda ko‘zim oldiga ko‘pincha korrupsiya bilan bog‘liq holatlar keladi. Qidiruv tizimlarida “korrupsiya”, “pora”, “yer ajratish”, “uy ajratish” kabi xabarlarni ko‘rsangiz, ko‘pincha hokim yordamchilari bilan bog‘liq voqealar chiqadi. Men bu bilan barcha hokim yordamchilari shunday demoqchi emasman. Ular orasida bilimli, tajribali, o‘z ishini yaxshi biladigan mutaxassislar ham bor. Ammo ko‘p hollarda ular avval muvaffaqiyatli ishlashi mumkin bo‘lgan sohalardan — bank, soliq yoki boshqa tizimlardan ajratib olinib, hokim yordamchisi lavozimiga qo‘yilgan. Shuning uchun biz asoslarga qaytishimiz, dunyoda sinovdan o‘tgan tizimlarga qarab ish tutishimiz kerak», — deydi iqtisodchi.

Hokim yordamchilari atrofidagi bahslar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Bu allaqachon jamoatchilik orasida tez-tez muhokama qilinadigan masalaga aylangan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari tomonidan keltirilgan «8 ta holat» va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochiqlagan 252 nafar aybdor (153 ta holat) o‘rtasidagi qariyb 20 barobar tafovut — bu shunchaki «texnik xato» emas, balki tizimdagi muammolarni xaspo‘shlashga o‘xshaydi.

Eng jiddiy savol esa boshqacha: agar bir tizim doimiy ravishda pora, kredit ajratish, yer masalasi yoki budjet mablag‘lari bilan bog‘liq janjallar markazida bo‘lsa, u haqiqatan ham o‘z vazifasini bajarayaptimi? Yoki u yangi korrupsion xavflarni yuzaga keltirayotgan qo‘shimcha bo‘g‘inga aylanib qoldimi?

Agar hokim yordamchilari instituti mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish, kambag‘allikni kamaytirish kabi vazifalarni real natijalar bilan ko‘rsata olmasa, unda masalani ochiq qo‘yish vaqti kelgan: bu tizimni chuqur isloh qilish kerakmi yoki umuman boshqa, samaraliroq mexanizmlarni izlash kerakmi? Chunki davlat tizimida ishlamaydigan institutni saqlab turish na iqtisodga, na jamiyat ishonchiga foyda keltiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz muxbiri minimal iste’mol xarajatlari hisob-kitobi va respublika bo‘yicha yagona mezon sifatida qo‘llash masalasi yuzasidan vazirlikdan izoh so‘ragani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 76

Barchasi

Mavzuga oid