Logo

Maoshingizga necha qozon osh damlash mumkin?

Bugun 19:514 daqiqa

Vaqt.uz hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistondagi rasmiy o‘rtacha ish haqi 1 kg guruchdan 59,5-marta osh damlashga yetadi. Poytaxtdagi o‘rtacha maoshga 93,3-marta, Qashqadaryoda esa 40,5-marta osh qilish mumkin. Bir yilda maoshlar osh masalliqlaridan tezroq o‘sgani uchun «osh bilan o‘lchangan» xarid qobiliyati qariyb 9 foiz oshgan. Biroq hisob-kitob tayyor osh narxiga emas, faqat masalliqlar qiymatiga asoslangan.

Maoshingizga necha qozon osh damlash mumkin?

The Economist mamlakatlardagi ish haqini mahalliy Big Mac narxiga bo‘lib, o‘rtacha maoshga qancha burger sotib olish mumkinligini hisoblab chiqdi.

Bunday taqqoslash nominal maoshning o‘zidan ko‘ra tushunarliroq savolga javob beradi: topilgan pul amalda qancha mahsulot sotib olishga yetadi?

Vaqt.uz ushbu g‘oyani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirib, hududlardagi o‘rtacha ish haqini osh masalliqlari qiymati bilan solishtirdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida mamlakatdagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 7 mln 91 ming so‘mni tashkil etgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 18,4 foiz ko‘p.

Osh qiymatini hisoblashda esa qo‘mitaning 2026-yil iyul uchun «Palov indeksi» ma’lumotlaridan foydalanildi.

Hisobga 1 kg guruch, 700 gramm mol go‘shti, 1 kg sabzi, 300 gramm piyoz, 300 millilitr kungaboqar yog‘i, 100 gramm no‘xat, 10 gramm zira va 20 gramm tuz kiritilgan.

Ushbu standart masalliqlar to‘plami hududga qarab 107 ming so‘mdan 129 ming so‘mgacha turadi. Matnda qisqalik uchun bu to‘plam «bir qozon osh» deb olindi. Bunda qozonning muayyan hajmi yoki tayyor ovqatning vazni emas, aynan Statistika qo‘mitasi belgilagan 1 kg guruchli retsept nazarda tutiladi.

Hududlardagi masalliq narxlarining oddiy o‘rtachasi 119,2 ming so‘mni tashkil etdi. 7,09 mln so‘mlik o‘rtacha ish haqini ushbu summaga bo‘lganda 59,5 ta shartli qozon osh kelib chiqadi.

Poytaxtdagi o‘rtacha maosh 93 qozon oshga yetadi

Osh masalliqlari eng qimmat Toshkent shahrida bo‘lishiga qaramay, poytaxt reytingda katta farq bilan birinchi o‘rinni egalladi. Chunki shahardagi o‘rtacha ish haqi 12 mln so‘mdan oshadi.

tg_image_1457015790

Poytaxtdagi o‘rtacha maoshga Statistika qo‘mitasi retsepti bo‘yicha 93,3-marta osh damlash mumkin.

Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati turibdi. Hududdagi 8,7 mln so‘mlik o‘rtacha maosh 73,1 ta oshlik masalliq to‘plamiga yetadi.

Hudud

O‘rtacha ish haqi, mln so‘m

Bir oshlik masalliq, ming so‘m

Maoshga to‘g‘ri keladigan osh

Toshkent shahri

12,01

128,7

93,3

Navoiy

8,72

119,3

73,1

Toshkent viloyati

6,68

122,3

54,6

Qoraqalpog‘iston

5,56

107,4

51,7

Sirdaryo

5,60

113,7

49,3

Andijon

5,68

116,6

48,8

Buxoro

5,62

118,7

47,3

Xorazm

5,50

117,9

46,6

Jizzax

5,40

118,2

45,7

Namangan

5,19

118,3

43,9

Samarqand

5,19

122,3

42,5

Farg‘ona

5,16

125,3

41,2

Surxondaryo

4,94

120,3

41,0

Qashqadaryo

4,86

120,1

40,5

Qoraqalpog‘iston ish haqi miqdori bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirmaydi. Biroq osh masalliqlari boshqa hududlarga qaraganda arzonligi sababli u «osh xarid qobiliyati» bo‘yicha to‘rtinchi o‘ringa chiqdi.

Farg‘onada esa buning aksi kuzatiladi. Hududdagi o‘rtacha ish haqi Surxondaryo va Qashqadaryodan yuqori, ammo osh masalliqlarining qimmatligi sababli yakuniy ko‘rsatkich bo‘yicha pastki uchlikdan joy oldi.

Toshkent shahri va Qashqadaryo o‘rtasidagi tafovut 2,3 baravarni tashkil etadi. Bunga osh narxidan ko‘ra ish haqi o‘rtasidagi farq ko‘proq ta’sir qilgan.

Poytaxtda bir oshlik masalliq Qashqadaryoga nisbatan atigi 7 foiz qimmat. O‘rtacha ish haqi esa qariyb 2,5 baravar yuqori.

«Osh bilan o‘lchangan» maosh bir yilda 9 foiz oshdi

2025-yil iyulida hududlardagi bir oshlik masalliq to‘plamining oddiy o‘rtacha qiymati qariyb 109,8 ming so‘m edi. 2026-yil iyuliga kelib bu ko‘rsatkich 119,2 ming so‘mga yetdi. Ya’ni osh masalliqlari bir yilda o‘rtacha 8,6 foiz qimmatlashgan. O‘tgan yilgi hududiy narxlar Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida olindi.

Shu davrda mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi 5,99 mln so‘mdan 7,09 mln so‘mga yoki 18,4 foizga oshgan.

Natijada o‘rtacha maoshga to‘g‘ri keladigan shartli oshlar soni 54,6 tadan 59,5 taga ko‘paydi. Bu «osh bilan o‘lchangan» xarid qobiliyati qariyb 9 foiz oshganini anglatadi.

Hisob-kitob bo‘yicha, ko‘rsatkich barcha hududlarda yaxshilangan. Eng katta o‘sish Jizzaxda qayd etilgan — 12,3 foiz. Namanganda o‘sish 10,1 foizni tashkil qilgan.

Eng past o‘sish Andijonda kuzatilgan — 4,3 foiz. Chunki hududdagi ish haqi 15,1 foiz oshgan bir paytda osh masalliqlari 10 foizdan ko‘proq qimmatlashgan.

Bu indeks nimani ko‘rsatmaydi?

Ushbu hisobni odamlarning haqiqiy turmush darajasini to‘liq ifodalovchi ko‘rsatkich sifatida qabul qilish kerak emas.

Birinchidan, foydalanilgan ish haqi soliq va boshqa to‘lovlar ushlanmasidan oldingi nominal summa hisoblanadi. Xodimning qo‘liga tushadigan pul bundan kamroq.

Ikkinchidan, rasmiy choraklik maosh statistikasi kichik korxonalar, mikrofirmalar va qishloq xo‘jaligi korxonalarini qamrab olmaydi.

Bundan tashqari, o‘rtacha ko‘rsatkich yuqori maosh oladigan nisbatan kichik guruh ta’sirida ko‘tarilishi mumkin. O‘rtadagi xodim qancha olishini ko‘rsatadigan median ish haqi esa e’lon qilinmaydi.

Uchinchidan, Statistika qo‘mitasi 2025-yildan boshlab osh markazlaridagi tayyor palov narxini kuzatishni to‘xtatgan. Hozirgi «Palov indeksi» faqat masalliqlar qiymatini hisoblaydi.

Unda gaz yoki elektr energiyasi, suv, oshpaz mehnati, bino ijarasi, xizmat haqi va oshxona foydasi yo‘q. Retsept va tayyor osh miqdori ham xonadon yoki hududga qarab farq qilishi mumkin.

Shu sababli 59,5 ta osh — o‘rtacha maoshga oshxonadan shuncha tayyor palov sotib olish mumkin degani emas. Bu faqat maosh va asosiy osh masalliqlari o‘rtasidagi nisbatni ko‘rsatadi.

Biroq sodda indeks ikki holatni yaqqol ochib beradi. Birinchidan, O‘zbekistonda ish haqining oziq-ovqatga nisbatan xarid qobiliyati hududlar bo‘yicha keskin farq qiladi. Ikkinchidan, so‘nggi bir yilda rasmiy o‘rtacha maosh osh masalliqlaridan tezroq o‘sgan.

O‘z maoshingiz bo‘yicha hisoblash formulasi oddiy:

Oylik maosh ÷ hududingizdagi bir oshlik masalliq qiymati.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 288

Barchasi

Mavzuga oid