Logo

Nega Xorazm va Qoraqalpog‘istonda Korzinka yo‘q?

Bugun 19:213 daqiqa

Korzinka asoschisi tarmoq nega hanuz Xorazm va Qoraqalpog‘istonga kirmaganini tushuntirdi. Kompaniya Nukusda supermarket ochishni 2018-yildayoq ko‘rib chiqqan, biroq hisob-kitoblardan keyin bu amalga oshmagan.

Nega Xorazm va Qoraqalpog‘istonda Korzinka yo‘q?

Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov “Lolazor” podkastiga bergan intervyusida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda tarmoq supermarketlari nega yo‘qligini tushuntirdi.

Undan boshlovchilar supermarketlar tarmog‘ining bu hududlarga hali kirib bormagani to‘lov tizimi yoki bozorning kichikligi sabab bo‘lganmi, deb so‘radi. Hoshimov savolga: “Yo‘q, masofa bilan”, deb javob berdi.

Uning aytishicha, Nukusda Korzinka supermarketini ochish masalasi 2018-yildayoq ko‘rib chiqilgan. Hatto mahalliy hamkor tarmoq uchun bino qurishni boshlagan. Biroq keyingi hisob-kitoblar do‘kon foydasining sezilarli qismi yo‘l va logistika xarajatlariga sarflanishini ko‘rsatgan.

Muammoning yana bir tomoni — narxlar. Korzinka mamlakatning turli hududlarida mahsulotlarni imkon qadar bir xil narxda sotishga harakat qiladi. Ammo Toshkentdan uzoq hududga yetkazilgan mahsulot narxiga transport xarajatlari qo‘shilsa, uni qimmatroq sotishga to‘g‘ri keladi.

Hoshimovning qayd etishicha, Qoraqalpog‘istonda Toshkent orqali olib boriladigan ayrim import mahsulotlari hozir ham transport xarajatlari hisobiga qimmatroq sotiladi. Biroq yirik milliy tarmoqning ayni mahsulotni Nukusda Toshkentdagidan qimmat taklif qilishi aholining noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois u uzoq hududlarga kirayotgan milliy savdo tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlar kerak bo‘lishini aytdi. Bunday mexanizmlar logistika xarajatining bir qismini yengillashtirib, yirik tarmoqlarning chekka hududlarga kirishini tezlashtirishi mumkin.

Masala faqat yuk mashinasining bosib o‘tadigan masofasi bilan cheklanmaydi. Supermarketning keng assortimentini doimiy ta’minlash uchun yetarli savdo hajmi, omborlar va mahsulotlarni saqlash hamda tayyorlash infratuzilmasi ham zarur.

Hoshimov bunga avokado va banan misolini keltirdi. Masalan, bir konteyner avokadoni Xorazm yoki Nukusning o‘zida qisqa muddat ichida sotish qiyin. Shu sabab kompaniya mahsulotni markazlashgan holda import qilib, keyin uni butun tarmoq bo‘ylab taqsimlaydi.

Banan esa O‘zbekistonga yashil holatda olib kelinadi va sotuvga chiqarilishidan oldin maxsus omborlarda yetiltiriladi. Buning uchun katta hajm va alohida infratuzilma kerak. Mahalliy bozor hajmi kichik bo‘lsa, faqat bitta hudud uchun shunday tizim yaratish mahsulot tannarxini keskin oshiradi.

Mahsulotlarni kichik partiyalarda turli nuqtalar orqali import qilish va har bir joyda alohida rasmiylashtirish ham qo‘shimcha xarajat tug‘diradi. Shu sabab Korzinka import va taqsimotni hozircha asosan markazlashtirgan.

Hoshimovning aytishicha, kompaniya ayni paytda Buxoro va Samarqanddagi faoliyatini kengaytirmoqda. Suhbat vaqtida so‘nggi uch oyda Buxoroda to‘rtta yangi supermarket ochilgani, Samarqandda ham yangi do‘konlar ochilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Agar Buxoro, Samarqand va Navoiy atrofidagi savdo hajmi Toshkentdagi ko‘rsatkichning qariyb uchdan biriga yetsa, ushbu hududda alohida taqsimlash markazini tashkil etish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi mumkin.

Buxoroda taqsimlash markazining paydo bo‘lishi mahsulotlarni avval Toshkentga olib kelib, keyin yana mamlakat g‘arbiga qaytarish zaruratini kamaytiradi. Bu esa kelajakda Korzinka’ning Xorazm va Qoraqalpog‘istonga kirishini osonlashtiradi.

Vaqt.uz avval yozganidek, Korzinka supermarketlari soni uch yarim yil ichida 2,5 baravarga oshib, 250 tadan ko‘paygan. Kompaniyaning 2025-yildagi daromadi 12 trln so‘mdan oshgan, zarari esa 245 mlrd so‘mdan ko‘proqni tashkil etgan. 2025-yil yozida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tarmoqqa 110 mln dollar sarmoya kiritgan.

Teglar

Mavzuga oid