Logo

Milliard dollarlik xususiy bizneslar: qaysi kompaniyalar buncha topadi?

Bugun 19:553 daqiqa

O‘zbekistonda 1 mlrd dollardan oshiq daromad qilayotgan xususiy kompaniyalar soni ko‘payib bormoqda. 2025-yilda bir nechta xususiy bizneslar milliard dollarlik tushumga erishdi.

Milliard dollarlik xususiy bizneslar: qaysi kompaniyalar buncha topadi? © vaqt.uz

Davlat korxonalari orasida yuqori daromad oladigan, iqtisodiyotda muhim o‘ringa ega bo‘lgan kompaniya va tashkilotlar yetarlicha. Biroq so‘nggi yillarda xususiy biznes orasida ham bunday nomlar soni ko‘paymoqda.

2025-yilda O‘zbekistonda bir qancha xususiy kompaniyalar 1 mlrd dollarlik daromad chegarasini kesib o‘tdi. Vaqt.uz ular haqida so‘z yuritadi.

Korzinka

Korzinka supermarketlar tarmog‘i 2025-yil davomida 12 trln so‘mdan oshiq daromad qilishga erishdi. Bu hozirgi o‘rtacha kurs bilan 1 mlrd dollarga to‘g‘ri keladi.

Do‘konlar tarmog‘ining yuridik egasi — «Anglesey Food» MCHJ QK moliyaviy ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot iHamkor.uz platformasida mavjud.

Korzinka 1 mlrd dollarlik daromad qilgan bo‘lsada, yilni 245 mlrd so‘mdan oshiq zarar bilan yakunlagan. Uning zarari 2024-yildan bundan ham ko‘proq edi — 262,3 mlrd so‘m.

Yuqori daromadga qaramasdan bu darajada katta zarar kompaniya so‘nggi yillarda faol kengayib borayotgani bilan izohlanadi. Oxirgi 3,5 yillik vaqt ichida Korzinka do‘konlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 250 tadan oshdi.

Asosiy supermarketlar bilan bir qatorda Korzinka Mahalla formatini ham yo‘lga qo‘ygan kompaniya endilikda Afzal Market nomli yangi do‘konlar tarmog‘ini ham ishga tushirdi.

Korzinka yaqin yillarda do‘konlar sonini jadal ko‘paytirishni reja qilgan. Kompaniya 2025-yil yozida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 110 mln dollarlik investitsiya ham jalb qilgandi.

Korzinka supermarketlar tarmog‘iga 1996 yilda, tadbirkor Zafar Hoshimov tomonidan asos solingan.

Centrum

O‘zbekistondagi sanoqli xususiy aviakompaniyalardan biriga egalik qiluvchi Centrum Holding ham 2025-yilni 1 mlrd dollar daromad bilan yakunladi. Bu haqda uning direktori va asoschisi Abdulaziz Abdurahmonov Bloomberg nashriga aytib berdi.

Havo yo‘lovchilarini tashish bilan mashhur bo‘lsada, Centrum Holding daromadining asosiy qismi logistika xizmatlariga to‘g‘ri keladi. Kompaniyaning 2025-yildagi 1 mlrd dollarlik tushumining 63 foizi yer va havo orqali yuk tashish xizmatlariga to‘g‘ri kelgan.

Holdingning 30 foiz daromadi yo‘lovchi aviatashuvlaridan olingan bo‘lsa, qolgan 7 foizi boshqa faoliyat yo‘nalishlari orqali ta’minlangan.

Shuningdek, Centrum Holding tarkibiga My Freighter yuk aviakompaniyasi, Centrum Holidays sayyohlik agentligi, logistika markazlari hamda boshqa qator kompaniyalar ham kiradi.

Centrum Holding 2019-yilda Abdulaziz Abdurahmonov va Hafizjon G‘ofurov tomonidan tashkil qilingan.

«Kapitalbank»

O‘zbekistondagi eng yirik xususiy bank bo‘lgan «Kapitalbank» 2025-yilda 13,1 trln so‘m daromad olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu bank uchun rekord ko‘rsatkichga aylandi.

Dollarda hisoblanganda bank daromadi 1,1 mlrd dollarga yaqin ko‘rsatkichni qayd etdi. «Kapitalbank» yil davomida 1,79 trln so‘m foyda olib, O‘zbekiston banklari orasida kuchli uchlikdan joy oldi.

U foyda bo‘yicha faqat davlat banklari bo‘lgan «Milliy bank» (1,92 trln so‘m) va «SQB»dan (1,89 trln so‘m) ortda qoldi.

Xususiy banklar orasida 1 mlrd dollarlik daromad ko‘rsatkichni faqat «Kapitalbank» qayd etdi. Bank 2023-yildan beri yirik xususiy bizneslardan biri Uzum ekotizimi tarkibida faoliyat olib bormoqda.

«Kapitalbank» 2001-yilda O‘zbekistondagi ilk xususiy banklardan biri sifatida tashkil qilingan.

Boshqa bizneslarning ko‘rsatkichlari

Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalardan tashqari yana bir nechta xususiy bizneslarning 2025-yildagi moliyaviy ko‘rsatkichlari e’tiborga molik.

TechCrunch ma’lum qilishicha, «Kapitalbank» bilan aloqador bo‘lgan Uzum ekotizimi o‘tgan yili daromadini 505 mln dollardan 691 mln dollargacha oshirgan.

Coca-Cola Uzbekistan ham 2025-yilgi daromadini 40 foizga oshirib, 7,64 trln so‘mga yoki taxminan 630 mln dollarga yetkazgan.

Akfa Group ham O‘zbekistondagi yirik xususiy bizneslardan biri sifatida qaraladi. Biroq kompaniyaning rasmiy moliyaviy hisobotini ochiq manbalarda topishning imkoni yo‘q.

Shunga qaramay Jahongir Ortiqxo‘jayev bir qancha kompaniyalar ta’sischisi hisoblanadi va ularning umumiy daromadi 1 mlrd dollardan oshadi.

Ortiqxo‘jayevning ulushi mavjud bo‘lgan bir qancha kompaniyalar Jamoat ahamiyatiga ega kompaniyalar orasiga kiritilgan. 2027-yildan boshlab bu kompaniyalar moliyaviy hisobotini ommaviy e’lon qilishiga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 230

Barchasi

Mavzuga oid