Logo

«Nvidia» bilan bog‘liq mojaro uch biznesmenni milliarderlar ro‘yxatidan chiqardi

Kecha 11:213 daqiqa

Ularning umumiy boyligi qariyb uchdan birga kamaydi. «Nvidia»ning sobiq rahbari Jensen Huangning o‘zi esa 62 mlrd dollar yo‘qotdi.

«Nvidia» bilan bog‘liq mojaro uch biznesmenni milliarderlar ro‘yxatidan chiqardi © Foto: Forbes

6-oktabr kuni «Nvidia»ning bozor qiymati sun’iy intellekt texnologiyalariga talab ortishi ortidan tarixiy rekordni yangilab, 5,8 trillion dollarga yetgan edi. Biroq 12-noyabr kungi savdolar yakunida kompaniya aksiyalari shu cho‘qqisiga nisbatan 31 foizga arzonlashdi. Bu haqda «Forbes» nashri xabar berdi.

Natijada «Nvidia» asoschisi Jensen Huangning boyligi 62 milliard dollarga kamayib, 145 milliard dollarni tashkil etdi. «Forbes» hisob-kitoblariga ko‘ra, bu pasayish uni dunyoning eng boy o‘n kishisi qatoridan chiqargan.

Huangdan tashqari kompaniyaning yana olti nafar amaldagi va sobiq rahbarlari hamda direktorlarining umumiy boyligi 5,6 milliard dollarga kamayib, 21 milliard dollarga tushgan. Ularning uchtasi milliarderlik maqomini yo‘qotgan.

Eng katta yo‘qotish 2,2 milliard dollarni tashkil etdi

«Nvidia» bilan bog‘liq eng katta moliyaviy yo‘qotish venchur investorlar Mark Stevens va Tench Koksi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Stevensning boyligi 2 milliard dollarga kamayib, 9,7 milliard dollarni, Koksining boyligi esa 2,2 milliard dollarga kamayib, 7 milliard dollarni tashkil etgan.

Stevensning «Nvidia»dagi 0,1 foizlik ulushi hozir 4,6 milliard dollarga baholanmoqda. U 2026-yil davomida kompaniya aksiyalarining 1,4 milliard dollarlik qismini o‘rtacha 219 dollardan sotgan. Bu 12-noyabr kungi yopilish narxidan 32 foiz yuqori.

Koksining «Nvidia»dagi 0,1 foizlik ulushi esa 4,7 milliard dollarga teng. U kompaniya tashkil etilgan 1993-yildan buyon direktorlar kengashida faoliyat yuritadi.

Direktorlar kengashi raisi Harvey Jones ham 500 million dollar yo‘qotgan. Uning boyligi 1,7 milliard dollarga, «Nvidia»dagi 0,03 foizlik ulushining qiymati esa 1,2 milliard dollarga tushgan. Jones 12-noyabr kuni kompaniya tarixidagi birinchi direktorlar kengashi raisi etib tayinlandi.

Uch nafar rahbar milliarderlik maqomini yo‘qotdi

«Nvidia» aksiyalari narxining pasayishi kompaniyaning uch rahbari va sobiq yuqori lavozimli xodimining boyligiga ham ta’sir qildi. Moliya direktori va vaqtinchalik bosh direktor Kolet Kress, direktorlar kengashi a’zosi Bruk Sivel hamda sobiq ijrochi vitse-prezident Jay Puri 300 million dollardan boyligini yo‘qotib, milliarderlik maqomidan ayrildi. «Forbes» hisob-kitobiga ko‘ra, hozir ularning har biri 900 million dollardan mol-mulkka ega.

Ular boyligining katta qismi «Nvidia» aksiyalariga to‘g‘ri keladi. Kress va Sivel kompaniyaning 0,018 foizdan ulushiga egalik qiladi. Har bir ulushning qiymati 700 million dollarga baholanmoqda. Kress «Nvidia»ga 2013-yilda qo‘shilgan. U ishlagan davrda kompaniya daromadi ham keskin oshgan. 

2026-yil yanvargacha bo‘lgan bir yilda tushum 216 milliard dollarga yetgan. Bu o‘n yil avvalgi ko‘rsatkichdan 50 barobar ko‘p. Sivel  esa 1997-yildan buyon kompaniya direktorlar kengashida faoliyat yuritadi.

Purining «Nvidia»dagi 0,015 foizlik ulushi 600 million dollarga baholanmoqda. U 2005-yilda kompaniyaga qo‘shilib, global savdo operatsiyalari va bozorga chiqish strategiyasiga mas’ul bo‘lgan. 2026-yil avgustda nafaqaga chiqqan Puri hozir «Nvidia»da maslahatchi sifatida ishlaydi.

Aksiyalar qiymatining tushishi kompaniyaning bosh yuristi Tim Teterga ham ta’sir ko‘rsatgan. Uning «Nvidia»dagi 0,01 foizlik ulushi so‘nggi bir oyda 200 million dollarga arzonlab, 500 million dollarga tushgan. Biroq Teter  «Forbes» hisob-kitobidagi yetti milliarder qatoriga kirmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Nvidia» kompaniyasi bosh direktori Jensen Xuang iste’foga chiqqani haqida xabar berilgandi. Uning o‘rniga kompaniya moliyaviy direktori Kollett Kress vaqtinchalik bosh direktor etib tayinlangan. Xuangning iste’fosidan keyin uni rahbarlikka qaytarish talabi bilan 146 mingdan ortiq kishi petitsiya imzoladi.

Teglar

Mavzuga oid