O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi otishmani to‘xtatishga chaqirdi

27.02.2026 | 21:181 daqiqa

Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qurolli to‘qnashuvlar kuchayib borayotgani munosabati bilan bayonot e’lon qildi.

O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi otishmani to‘xtatishga chaqirdi

O‘zbekiston Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududida vaziyatning keskinlashayotganidan chuqur xavotirda. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida keltirilgan.

«Biz tomonlarni darhol otishmani to‘xtatishga, vazminlikka va keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz», - deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tomoni yuzaga keladigan barcha kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy va diplomatik muloqotlar orqali, davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va o‘zaro hurmat prinsiplari asosida hal etilishi tarafdori.

Chegaradagi to‘qnashuvlar

Ma’lumot uchun, fevral oyining ikkinchi yarmida «Dyurand chizig‘i» bo‘ylab (xususan, Torxam va Spin-Boldak yo‘nalishlarida) ikki mamlakat chegara qo‘shinlari o‘rtasida otishmalar sodir bo‘ldi. Bunga chegara to‘siqlarini o‘rnatish va nazorat punktlaridagi tartib bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan.

Pokiston tomoni Afg‘oniston hududidan turib harakat qilayotgan qurolli guruhlarning hujumlari keskinlashganini da’vo qilmoqda. Afg‘oniston muvaqqat hukumati esa bu ayblovlarni rad etib, Pokistonni o‘z suverenitetiga daxl qilishda va havo hududini buzishda ayblamoqda.

Teglar

Mavzuga oid