Logo

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha raqobat kuchaydi

Yaponiyaning «Nikkei Asia» nashri tahliliga ko‘ra, har ikki davlat yirik data-markazlar qurilishini jadallashtirib, mintaqaning asosiy raqamli xabiga aylanishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha raqobat kuchaydi

Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha raqobat kuchaymoqda. «Nikkei Asia» nashrining yozishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston yirik data-markazlar qurilishini tezlashtirib, mintaqada raqamli texnologiyalar markaziga aylanish uchun kurashmoqda.

O‘zbekistonda 2026-yil oxiriga qadar «TAS-1» data-markazi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha Saudiya Arabistonining «DataVolt» kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Kompaniya kelgusida mamlakatdagi data-markazlarining umumiy quvvatini 500 megavattga yetkazishni maqsad qilgan.

Hukumat prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistonda sun’iy intellekt mahsulotlari va xizmatlari bozori hajmi 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Qozog‘iston ustunlikka ega

Qozog‘iston esa yanada yirik «Data Center Valley» loyihasini amalga oshirmoqda. Ekibastuz shahrida qurilayotgan majmua 1 gigavatt quvvatga ega bo‘ladi va 100 mingta «Nvidia» chipini joylashtirish imkoniyatini beradi. Loyihaning umumiy qiymati 10 milliard dollarga baholangan.

Qozog‘iston hukumati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tashabbusga AQSH, Xitoy va Hindistonning 20 dan ortiq yirik texnologik kompaniyasi qiziqish bildirgan.

«Nikkei Asia» suhbatlashgan tahlilchilarning fikricha, hozircha Qozog‘iston bir qator ustunliklarga ega. Jumladan, mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari yuqori, tariflar nisbatan arzon va energetika infratuzilmasi yaxshiroq rivojlangan.

Asosiy chaqiriq

Shu bilan birga, O‘zbekiston ham bir nechta muhim afzalliklarga ega. Xususan, mamlakat energetikasi uglerod chiqindilari jihatidan nisbatan ekologik toza hisoblanadi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari jadal rivojlanmoqda va ichki bozor hajmi ham kattaroq.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, har ikki mamlakat bir xil muammoga duch kelmoqda — energiya ta’minoti.

Chunki sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan zamonaviy data-markazlar uzluksiz ishlashi uchun juda katta hajmda barqaror elektr energiyasi talab etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha raqobat kuchaydi | Vaqt.uz