add

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish: 1,5 oyda 71 ta savolga javob izlanadi

Bugun 09:181963

Aholiga tegishli savollar milliy tarkib, fuqarolik, oilaviy holati, bandlik va daromad, turar joy sharoiti, chorvachilik, yer va ekin maydonlari kabi masalalarni qamrab oladi.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish: 1,5 oyda 71 ta savolga javob izlanadi

2026 yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdek muhim tadbir o‘tkaziladi. Bu tadbir so‘nggi marta O‘zbekistonda 1989 yilda o‘tkazilgan.

aholi stat 01

Toshkentdagi «Renessans» kino uyida Milliy statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan «Milliy statistikada yangi bosqich: shaffoflik va xalqaro standartlar sari» xalqaro amaliy konferensiyada aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. .

Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev, UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Matluba Umurzaqova va Jahon banki Bosh statistigi o‘rinbosari Oliviye Dyupriye tomonidan aholini ro‘yxatga olishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro tajriba va aniqlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

aholi stat 04

Katta jarayonga tayyorgarlik o‘laroq, 2021 yil 1-25-noyabr kunlari Yashnobod tumani (Toshkent shahri), Yuqori Chirchiq tumani (Toshkent viloyati), Xo‘jaobod tumani (Andijon viloyati) va Xiva shahri (Xorazm viloyati) da aholini ro‘yxatga olish, 2022 yil 1-31-avgust kunlari Parkent tumani (Toshkent viloyati), Jomboy tumani (Samarqand viloyati) da qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish sinov tariqasida o‘tkazilgani ta’kidlab o‘tildi. Ushbu sinov tadbirlari davomida aholi va qishloq xo‘jaligini rshyhatga olishning axborot tizimi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

Ro‘yxatga olish jarayonidagi tashkilotchilik ishlari, ma’lumotlarni qabul qilish va qayta ishlashni raqamlashtirish, aholini qamrab olishning samarali mexanizmlari haqida taklif va tavsiyalar bildirildi.

Qayd etib o‘tish kerak, O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri 2026 yil 15-yanvardan 28-fevralgacha ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich — onlayn tarzda o‘tkaziladi va 17 kun davomida fuqarolar census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida mustaqil ravishda ma’lumot kiritadi.

Uy xo‘jaligi boshlig‘i yoki a’zosi agar oila a’zolari haqida aniq va to‘liq ma’lumotga ega bo‘lsa, ro‘yxatga olish savolnomasini o‘zi va uy xo‘jaligining barcha a’zolari uchun to‘ldirishi mumkin.

Ikkinchi bosqichda — 25 kun davomida «mahalla yettiligi» a’zolari tomonidan uyma-uy yurib ma’lumot yig‘iladi. Yig‘ilgan ma’lumotlar xalqaro standartlar asosida qayta ishlanadi.

So‘rovnoma jami 71 ta savoldan iborat bo‘lib, ularning 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid.

Aholiga tegishli savollar milliy tarkib, fuqarolik, oilaviy holati, demografiya, bandlik va daromad, turar joy sharoiti, chorvachilik, yer va ekin maydonlari kabi masalalarni qamrab oladi.

aholi stat 02

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishda 140 ming 967 ta fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 5,5 mln deb taxmin qilinayotgan tomorqa yerlariga ega xo‘jaliklar ham 17 ta savolga javob berishadi. Bunda ham internet orqali mustaqil yoki uyma-uy yurilganda planshet orqali ro‘yxatga olinadi.

Tadbirda Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya milliy statistika tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy tavsiyalar bilan o‘z ishini yakunladi.

Teglar

Shuhrat Shokirjonov

Shuhrat ShokirjonovMaqolalar soni: 11

Barchasi

Mavzuga oid

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish: 1,5 oyda 71 ta savolga javob izlanadi | Vaqt.uz