Logo

O‘zbekistonda so‘mdagi omonatlar stavkalari bir yil ichida 2 foizdan ko‘proqqa pasaydi

Kecha 17:152 daqiqa

Sentyabr oyida so‘mdagi omonatlar stavkalari iyul-avgust oylaridagi pasayishdan so‘ng barqarorlashdi. Biroq valutadagi depozitlar daromadliligi, ayniqsa, biznes segmentida sezilarli pasaydi.

O‘zbekistonda so‘mdagi omonatlar stavkalari bir yil ichida 2 foizdan ko‘proqqa pasaydi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda milliy valutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari o‘tgan yilga nisbatan 2 foiz punktdan ko‘proqqa pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, so‘mdagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi 17,2 foizni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich avgust oyidagi holat bilan bir xil bo‘lsa-da, yillik hisobda 2,1 foiz punktga, 2026-yil boshidan beri esa 1,7 foiz punktga kamaygan.

Xususan, bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar stavkalari 14,2 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 3,4 foiz punktga pasaygan. Uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar esa 18,1 foizga yetdi.

Aholi va biznes uchun stavkalardagi o‘zgarishlar


Aholi uchun taklif etilayotgan milliy valutadagi omonatlarning o‘rtacha foiz stavkasi 18,4 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi darajadan qariyb 3 foiz punktga pastdir. Yuridik shaxslar uchun omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa apreldan beri ilk bor tushib, 15 foizni tashkil qildi (yillik hisobda 2,1 foiz punktga kamaygan).

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, inflyatsion kutilmalar hisobga olingan holda, so‘mdagi omonatlarning real daromadliligi 8,9 foizga yetib, yangi yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Yuridik shaxslar omonatlarining real daromadliligi esa 5,3 foiz darajasida saqlanib qoldi.

1



Xorijiy valutadagi depozitlar daromadliligi

Valutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari 5,5 foizgacha ko‘tarilganidan so‘ng yana iyul oyidagi 4,4 foiz darajasiga qaytdi. Regulyatorning qayd etishicha, bunga asosan qisqa muddatli depozitlar stavkalarining qariyb ikki baravar pasayib, 2,6 foizga tushishi sabab bo‘lgan.

Jismoniy shaxslarning xorijiy valutadagi omonatlari bo‘yicha stavkalar avgust oyidagi darajada — 5,4 foizda qoldi. Biroq, biznes uchun valutadagi omonatlarning daromadliligi 2,8 foizgacha tushib ketdi. Bu o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan 2,3 foiz punktga kam hisoblanadi.

2



Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda so‘mdagi omonatlar stavkalari bir yil ichida 2 foizdan ko‘proqqa pasaydi | Vaqt.uz