Logo

O‘zbekistondagi 12 ta eng yirik bank tizim aktivlarining qariyb 79 foizini nazorat qilmoqda

Kecha 18:202 daqiqa

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 35 ta bankning umumiy aktivlari 1 044,8 trillion so‘mni tashkil qilgan bir paytda, ushbu mablag‘larning qariyb 79 foizi (821,9 trln so‘m) faqatgina 12 ta eng yirik bank boshqaruvida jamlangan.

O‘zbekistondagi 12 ta eng yirik bank tizim aktivlarining qariyb 79 foizini nazorat qilmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi aktivlari 30 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 12 ta tijorat banki 821,9 trln so‘mlik (79 foiz) mablag‘ni boshqarmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakat bo‘yicha jami 35 ta bank faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning umumiy aktivlari 1 044,8 trln so‘mga yetgan.

Qolgan mablag‘lar taqsimotiga ko‘ra, aktivlari 10 dan 30 trln so‘mgacha bo‘lgan 11 ta bank 181,5 trln so‘mga, aktivlari 10 trln so‘mgacha bo‘lgan qolgan 12 ta bank esa 41,4 trln so‘mga egalik qilmoqda (shundan 6 ta bankda 34,2 trln so‘m, eng kichik 6 ta bankda esa 7,2 trln so‘m).

Kreditlash va foydadagi yuqori markazlashuv

Tizimda mablag‘larning markazlashuvi kreditlash sohasida yanada yaqqolroq namoyon bo‘lgan. Bank tizimi tomonidan ajratilgan jami 659,1 trln so‘mlik kreditlarning 539,4 trln so‘mi, ya’ni qariyb 82 foizi aynan eng yirik banklar guruhi tomonidan berilgan.

Shuningdek, sektorning jami 15,3 trln so‘mlik sof foydasining 10,3 trln so‘mi (uchdan ikki qismi) hamda aholi omonatlarining qariyb 73 foizi mazkur 12 ta bankka tegishli.

Kredit portfelining mutlaq ko‘pchilik qismi, ya’ni 89 foizi (583,5 trln so‘m) uzoq muddatli qarzlardan iborat, qisqa muddatlilari esa 75,6 trln so‘mni tashkil qiladi.

Mablag‘larning 410,7 trln so‘mi yuridik shaxslarga, 248,4 trln so‘mi jismoniy shaxslarga yo‘naltirilgan. Milliy valutadagi kreditlar ulushi 62 foizni (406,8 trln so‘m), xorijiy valutadagilar esa 38 foizni (252,3 trln so‘m) tashkil etmoqda. Yirik banklarda valuta kreditlarining ulushi 40 foizdan oshsa, eng kichik banklarda bu ko‘rsatkich 17 foiz atrofida.

Tizimdagi jami depozitlar hajmi 501 trln so‘mga yetgan bo‘lib, uning 62 foizi (309,4 trln so‘m) yuridik shaxslar, 38 foizi (191,6 trln so‘m) aholi mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kichik banklarda daromad past, lekin himoya yuqori

Bank tizimining umumiy kapitali 152,9 trln so‘mni, kapital monandligi koeffitsiyenti esa 18,2 foizni tashkil qilgan. Tizimda aktivlar daromadliligi 2,4 foiz, kapital daromadliligi 14,1 foiz darajasida shakllandi.

Eng yuqori daromadlilik ko‘rsatkichi aktivlari 3-10 trln so‘m bo‘lgan banklarda qayd etildi: — aktivlar daromadliligi 5,3 foiz, kapital daromadliligi 23,7 foiz.

O‘rtacha banklarda (10-30 trln so‘m) bu raqamlar mos ravishda 3,7 foiz va 20,8 foizni, yirik banklarda esa 2 foiz va 12,3 foizni ko‘rsatgan.

Faoliyati eng kam foyda keltirayotganlar — aktivlari 3 trln so‘mgacha bo‘lgan 6 ta kichik bank bo‘lib, ularning umumiy foydasi 39 milliard so‘mga teng (aktivlar daromadliligi — 1 foiz, kapital daromadliligi — 2 foiz).

Biroq, aynan ularda kapital monandligi koeffitsiyenti eng yuqori — 27,2 foizgacha yetadi. Yirik banklarda esa bu ko‘rsatkich guruhlar orasida eng pasti bo‘lib, 17,6 foizni tashkil etadi.

rasm

Markaziy bank

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotgani xabar qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid