Logo

O‘zbekistondagi eskirgan standartlar JSTga a’zo bo‘lishga to‘sqinlik qilmoqda

O‘zbekistondagi 33 mingdan ortiq standartning qariyb yarmi eskirgan bo‘lib, bu mamlakatning JSTga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu sababli O‘zstandart rahbariga parlament so‘rovi yuborildi.

O‘zbekistondagi eskirgan standartlar JSTga a’zo bo‘lishga to‘sqinlik qilmoqda

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan 33 mingdan ortiq standartning qariyb teng yarmi eskirgan yoki xalqaro talablarga javob bermaydi va bu holat mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirishi yo‘lida jiddiy to‘siq yaratmoqda. Mazkur muammo sababli 10-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Ansabxon Zokirovga rasmiy parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» yozmoqda.

Qayd etilishicha, so‘rovni taqdim etgan deputat Nodira Janibekova tizimdagi qoloqliklarni keskin tanqid qilgan.

«Mavjud standartlar bazasi eskirgan. Amaldagi 33 mingdan ortiq standartlarning qariyb 50 foizi eskirgan yoki xalqaro talablarga javob bermaydi», — degan u.

Deputatning ta’kidlashicha, texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro talablarga to‘liq muvofiq bo‘lishi tashkilotga a’zolikning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

«Bu holat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida jiddiy to‘siqqa aylanmoqda», — degan u.

Majlis davomida deputatlar sohada jarayonlarning yetarli darajada raqamlashtirilmagani va korrupsiyaviy xavflar saqlanib qolayotganiga alohida e’tibor qaratgan.

«O‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar sohada yechim va e’tibor talab qiladigan bir qator masalalar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ishlar to‘liq tashkil etilmaganini qayd etish lozim», — deya qo‘shimcha qilgan N. Janibekova.

Shu munosabat bilan, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariga davlat boshqaruvi samaradorligi, raqamlashtirish, ochiqlikni ta’minlash va korrupsiyadan xoli tizimni shakllantirish bo‘yicha to‘rtta asosiy yo‘nalishda savollar yo‘naltirildi. Qonunchilikka muvofiq, mansabdor shaxs ushbu so‘rovga 10 kun ichida yozma ravishda asoslantirilgan javob taqdim etishi shart.

Ma’lumot o‘rniga, milliy standartlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi 2026 yil 12-fevral kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda ham ko‘tarilgan edi. Davlat rahbarining 16-fevraldagi farmoniga asosan, 2026 yilning 1-mayidan boshlab har qanday darajadagi standartlarni qo‘llash ixtiyoriy tus oldi.

Rejaga muvofiq, 2026 yilning 1-iyulidan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika va avtomobil sanoatida, 2027 yildan neft-gaz, metallurgiya, qurilish va tibbiyotda, 2028 yildan esa energetika, kimyo va ekologiya tarmoqlarida xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid