O‘zbekistonliklar 2025-yilda 661 kg oltin quyma sotib oldi
Oltin narxining keskin oshishi O‘zbekistonda ham sezildi 2025-yilda aholining o‘lchovli oltin quymalarga talabi rekord darajaga chiqdi.

Markaziy bank 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori sharhini e’lon qildi. Unda mamlakat aholisi yil davomida banklardan sotib olgan va sotgan quymalari haqida ma’lumot berilgan.
2025-yil davomida o‘zbekistonliklar banklardan 661 kg oltin quyma sotib olgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 8 barobarga o‘sdi.
Regulyator ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yilda o‘lchovli oltin quymalarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. 2024-yilda ham ushbu quymalarga talab avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga (81 kg) nisbatan qariyb 3 barobar oshib, 236 kgni tashkil etgan.

Birgina 2025-yilda banklar tomonidan aholiga sotilgan o‘lchovli oltin quymalar (661 kg) 2020–2024 yillarda sotilgan quymalardan (558 kg) 18,4 foizga (+103 kg) ortiq shakllandi.
Bundan tashqari, 2025-yilda banklar tomonidan aholiga sotilgan o‘lchovli oltin quymalar soni (33 939 dona) 2020–2024-yillarda sotilgan jami quymalar sonidan (31 211 dona) 8,7 foizga ko‘p bo‘ldi.
Mazkur o‘sish asosan 2024–2025-yillarda jahon bozorida oltin narxining tarixiy maksimum darajalariga yaqinlashgani bilan izohlanadi.

Oltin narxining oshishi fonida aholining jamg‘arish va investitsiya maqsadlarida o‘lchovli oltin quymalariga bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda.
Oltin quymalarining daromadliligi qanday?
So‘nggi yillarda jahonda oltin narxi sezilarli oshmoqda. Ayniqsa, 2025-yilda narxlar bir necha marta tarixiy rekordlarni yangilab, 70 foizdan ko‘proq qimmatladi.
Natijada O‘zbekistonda ham quymalarning daromadliligi bank depozitlari va boshqa sarmoya vositalariga nisbatan ancha yuqoriroq shakllandi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, so‘nggi uch yil davomida geosiyosiy hamda makroiqtisodiy omillar ta’sirida oltin narxining keskin o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, uzoqroq muddatli davrlarda uning narxida sezilarli pasayish holatlari ham qayd etilgan.
Bank depozitlari bo‘yicha foiz stavkalar, oltindan farqli ravishda, nisbatan barqaror darajada shakllanadi. Oltin aktivlarining daromadliligi esa ko‘proq jahon bozoridagi narx dinamikasiga bog‘liq bo‘lib, uning kelgusidagi daromadliligi oldindan kafolatlanmaydi.
Masalan, 100 g ko‘rinishidagi oltin quymalari narxi 2026-yil, 3-mart kuni 217,3 mln so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 27-mart kuni bu narx 179 mln so‘mgacha pasaydi.





