Logo

O‘zbekistonning xorijiy qimmatli qog‘ozlardagi investitsiyalari bir oyda yarim milliard dollarga qisqardi

Kecha 21:002 daqiqa

Yoz oxiridan boshlab Markaziy bank qimmatli qog‘ozlardan mablag‘larni faol tarzda chiqarib olishni boshlagan.

O‘zbekistonning xorijiy qimmatli qog‘ozlardagi investitsiyalari bir oyda yarim milliard dollarga qisqardi

O‘zbekistonning xorijiy qimmatli qog‘ozlardagi investitsiyalari bir oy ichida 543 million dollarga qisqardi. Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasi standarti asosida tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari statistikasida ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning 1-noyabr holatiga mamlakatning xorijiy qimmatli qog‘ozlardagi aktivlari 1 milliard 148 million dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 1-oktabr holatiga bu ko‘rsatkich 1 milliard 691 million dollar miqdorida qayd etilgan edi.

Tarixiy maksimum va keskin pasayish

Rasmiy statistikaga muvofiq, 2024 yilning yanvar oyida O‘zbekistonning xorijiy qimmatli qog‘ozlardagi zaxiralari 34,9 million dollar miqdorida bo‘lgan. 2026 yilning iyul oyiga kelib mazkur ko‘rsatkich o‘zining eng yuqori darajasiga, ya’ni 2 milliard 860 million dollarga yetgan.

Shundan so‘ng, avgust oyida qimmatli qog‘ozlar portfeli 1 milliard 98 million dollarga kamayib, 1 milliard 762 million dollarga tushgan. Sentyabr va oktabr oylaridagi nisbatan kichik tebranishlardan so‘ng, noyabr oyi boshiga kelib yana 543 million dollarlik keskin pasayish kuzatildi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyi yakunlariga ko‘ra mamlakatning umumiy xalqaro zaxiralari jahon bozorida oltin arzonlashishi ortidan qariyb 3 mlrd dollarga qisqargani, shu bilan birga, zaxiradagi oltinning fizik hajmi 453,5 tonnaga yetib, tarixiy rekord o‘rnatgani haqida xabar bergan edik.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmining so‘nggi oylardagi ketma-ket va keskin pasayishi Markaziy bankning investitsiya siyosatida va zaxiralarni diversifikatsiya qilish strategiyasida jiddiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid