Logo

Pensiya yoshiga yetganlar uchun eng yaxshi 10 ta mamlakat nomi e’lon qilindi

Bugun 15:495 daqiqa

Reytingda kundalik hayot sifati, soliqlar darajasi, hujjatlarni rasmiylashtirishning osonligi va xarajati, shuningdek, erkin sayohat qilish hamda fuqarolik olish imkoniyatlari hisobga olingan.

Pensiya yoshiga yetganlar uchun eng yaxshi 10 ta mamlakat nomi e’lon qilindi © Bloomberg

Yevropa davlatlari hanuzgacha pensiyaga chiqqandan keyin chet elga ko‘chib yashash uchun eng yaxshi joylar reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Biroq yangi reytingda birinchi o‘rin Yevropa davlatiga nasib etmadi. Bu haqda «Euronews» yozdi.

«Global Citizen Solutions» tahlilchilari tomonidan tuzilgan 2026-yilgi Pensiya indeksi 46 ta davlatning yashash va pensiya dasturlarini taqqoslash asosida tayyorlangan. Reytingda kundalik hayot sifati, soliqlar darajasi, hujjatlarni rasmiylashtirishning osonligi va xarajati, shuningdek, erkin sayohat qilish hamda fuqarolik olish imkoniyatlari hisobga olingan.

Yangi jahon reytingida kim birinchi bo‘ldi?

Global reytingda birinchi o‘rinni Urugvay egalladi. Shu tariqa u o‘tgan yilgi g‘olib — Portugaliyani ortda qoldirdi. Urugvayning muvaffaqiyati bitta yo‘nalishdagi yuqori natijasi bilan emas, balki beshta asosiy mezonning barchasida barqaror yaxshi ko‘rsatkichlarga ega ekani bilan bog‘liq.

Ikkinchi o‘rinda Mavrikiy joylashdi. Bu davlat qulay soliq siyosatini boshqa yaxshi ko‘rsatkichlar bilan birlashtira olgan. Umuman olganda, kuchli o‘ntalikdan oltita Yevropa davlati, uchta Amerika qit’asi davlati va bitta Mavrikiy joy oldi. E’tiborlisi, birinchi o‘rindagi davlat bilan kuchli o‘ntalikdagi oxirgi davlat o‘rtasidagi farq 4 balldan ham kam. Bu yetakchi davlatlarning natijalari bir-biriga juda yaqin ekanini ko‘rsatadi.

Pensiyaga chiqib chet elga ko‘chayotganlar uchun nimalar muhim?

Pensiya uchun chet elga ko‘chayotgan odamlarning ustuvorliklari indeksda ham aniq ko‘rinadi: eng muhim omil — hayot sifati. Undan keyin boshqa davlatlarga erkin borish imkoniyati va kelajakda fuqarolik olish imkoniyati turadi. Uchinchi o‘rinda esa soliqlar, hujjatlarni rasmiylashtirish tezligi va uning narxi turadi.

Yevropa davlatlari yuqori hayot sifati va kuchli pasportlari bilan ajralib turadi, biroq yuqori va qattiq soliqlar sabab ayrim ochkolardan mahrum bo‘ladi. Amerika qit’asidagi davlatlar esa nisbatan arzonligi va qulay soliq sharoitlari bilan o‘ziga jalb qiladi. Mavrikiy Afrika davlatlari orasida yuqori standartni ko‘rsatmoqda.

Yaqin Sharq davlatlaridan, masalan, BAA umumiy reytingda 19-o‘rinda turibdi. U soliq tizimining qulayligi va hujjatlarni tez ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori natijaga ega. Biroq bu yerdagi dasturlar odatda fuqarolikni oson olish imkonini bermaydi.

Yevropa dasturlarining kuchli va zaif tomonlari

Yevropaning eng yaxshi o‘nta yo‘nalishiga Ispaniya, Portugaliya, Latviya, Andorra, Italiya, Gretsiya, Avstriya, Albaniya, Kipr va Malta kirdi.

Ispaniya Yevropada birinchi, dunyoda esa uchinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat boshqa davlatlarga erkin borish, oila a’zolari bilan birga ko‘chib borish imkoniyati va hayot sifati bo‘yicha juda yaxshi natija ko‘rsatgan. Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni 8 oygacha davom etishi mumkin. Biroq soliqlar bo‘yicha Ispaniya 46-o‘rin, ya’ni eng oxirgi o‘rinda turadi. Bunga butun dunyodan olinadigan daromadga soliq solinishi, ayrim hududlarda mol-mulk uchun qo‘shimcha soliqlar mavjudligi va maxsus viza egalari uchun soliq imtiyozlarining yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Portugaliya dunyo reytingida beshinchi, Yevropada esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Buning asosiy sabablaridan biri — may oyida Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlat fuqarolari uchun fuqarolik olishgacha bo‘lgan yashash muddati 5 yildan 10 yilga oshirilgani. Portugaliyada yashash uchun talab qilinadigan minimal daromad oyiga 920 yevrodan boshlanadi. Mamlakat boshqa davlatlarga borish imkoniyati bo‘yicha ham yaxshi natija ko‘rsatgan. Ammo hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni ba’zan ikki yilgacha cho‘zilishi mumkin. Bundan tashqari, soliqlar bo‘yicha ko‘rsatkichlari ham unchalik yaxshi emas.

Irlandiya hayot sifati bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Bunga uning ekologiyasi, xavfsizligi va ingliz tilida so‘zlashuvchi muhitga ega ekani sabab bo‘lmoqda.

Andorra ekologiya va xavfsizlik bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Hayot sifati bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Soliqlari ham nisbatan qulay: daromad solig‘i 10 foiz bilan cheklangan, meros va mol-mulk uchun esa soliq olinmaydi. Ammo Andorradagi dastur reytingdagi eng qimmat dastur hisoblanadi. Unda katta miqdordagi tasdiqlangan daromad va mamlakat iqtisodiyotiga 1 million yevrodan investitsiya kiritish talab qilinadi.

Italiya va Gretsiya fuqarolik olish va boshqa davlatlarga erkin borish imkoniyati bo‘yicha mos ravishda dunyoda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan. Yevropa reytingida esa ular beshinchi va oltinchi o‘rinlarda. Har ikki davlatda ham soliqlarni kamaytirish imkonini beruvchi maxsus dasturlar mavjud. Ammo Gretsiyada talab qilinadigan daromad ancha yuqori — oyiga kamida 3500 yevro.

Latviya Yevropada uchinchi o‘rinni egalladi. Bunga arizalarni tez ko‘rib chiqishi — odatda 2–4 oy ichida — va rasmiylashtirish xarajatlarining nisbatan arzonligi sabab bo‘lgan.

Kipr va Malta ham qulay soliq stavkalari bilan ajralib turadi. Masalan, Kiprda ma’lum shartlar bajarilganda soliq stavkasi 5 foizgacha tushishi mumkin. Biroq buning evaziga katta miqdordagi investitsiya va yuqori daromad talab qilinadi. Kiprda hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni ikki yildan ham ko‘proq vaqt olishi mumkin.

Bundan tashqari, Gretsiya va Italiyaning janubida chet eldan olinadigan pensiya pullari uchun maxsus imtiyozli soliq tizimlari mavjud. Masalan, ayrim hollarda 7 foiz soliq stavkasi qo‘llanadi.

Moliyaviy talablar va pul manbalari

Nomzodlarga qo‘yiladigan moliyaviy talablar juda katta farq qiladi: Nikaraguada oyiga atigi 600 yevrodan, Bahraynda esa 9000 yevrogacha. Yevropada esa, masalan, Kiprda qo‘shimcha shartlarni bajargan holda oyiga 800 yevrodan kam daromad bilan ham yashash mumkin. Andorrada esa oyiga 4500 yevrodan ko‘proq daromad talab qilinadi.

Bundan tashqari, migratsiya idoralari pulning qayerdan kelayotganiga ham katta e’tibor beradi. Ayrim davlatlar faqat chet eldan olinadigan pensiya yoki tasdiqlangan passiv daromadni qabul qiladi. Boshqa davlatlar esa dividendlar yoki shaxsiy jamg‘armalarni ham hisobga oladi. Ko‘pincha oylik daromadga qo‘yilgan talab unchalik yuqori bo‘lmasa ham, arizachidan dastlab katta miqdorda bank depoziti, investitsiya yoki bir martalik to‘lov talab qilinadi.

Kabo-Verde, Namibiya, Chili, Zambiya, Marokash va Salvador kabi ayrim davlatlar yakuniy reytingga kiritilmagan. Bunga ularning milliy qoidalari o‘ziga xos ekani sabab bo‘lgan. Masalan, ayrim mamlakatlarda muntazam to‘lovlar bo‘yicha aniq talablar ko‘rsatilmagan yoki renterlar va pensionerlar uchun alohida qoidalar amal qiladi. Bunday dasturlarda daromad talabi 825 dollardan 1800 dollargacha bo‘lishi mumkin.

Bugungi kunda pensiyaga chiqib, chet elda yashash uchun davlat tanlash ancha murakkab masalaga aylangan. Chunki bunda qulay hayot, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar va moliyaviy foydani bir vaqtning o‘zida hisobga olish kerak. Yevropa yuqori hayot sifati va kuchli pasportlari tufayli hanuzgacha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Ammo yuqori soliqlar va hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarining uzayishi pensionerlarni Lotin Amerikasi yoki Yaqin Sharq davlatlariga ham e’tibor berishga majbur qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda umumiy pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oydan oshirib borish rejalashtirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Pensiya yoshiga yetganlar uchun eng yaxshi 10 ta mamlakat nomi e’lon qilindi | Vaqt.uz