Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari uchun xarajatlar smetasi tasdiqlandi
Pullarning katta qismi 2026-yilga mo‘ljallangan. Smetada uchastka saylov komissiyalari a’zolariga haq to‘lash uchun ham mablag‘ ajratilgan.
© ReutersQirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovlarini tayyorlash va o‘tkazish uchun 1,2 milliard som (162 mlrd 34 mln 174 ming so‘m) miqdorida xarajatlar smetasini shakllantirdi. Shundan 646 million 560 ming som (87 mlrd 290 mln so‘m) 2026-yilga, 553 million 440 ming som (74,7 mlrd so‘m) esa 2027-yilga mo‘ljallangan.
Mazkur mablag‘ tarkibiga Konstitutsiyaviy qonunning 56-moddasiga muvofiq, takroriy ovoz berishni o‘tkazish uchun 240 million som (32,41 mlrd so‘m) ham kiritilgan. Shuningdek, mamlakat tashqarisida bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolarining Tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga asosan tashkil etiladigan saylov uchastkalarida ovoz berishini ta’minlash uchun 53 million 200 ming som (7,18 mlrd so‘m) ko‘zda tutilgan.
2653 ta saylov uchastkasi faoliyati ta’minlanadi
Xarajatlar smetasida 2 653 ta uchastka saylov komissiyasini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash va ularning faoliyatini tashkil etish uchun mablag‘ ajratilgan.
Ularning 100 tasi mamlakat tashqarisida yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan Qirg‘iziston fuqarolari uchun xorijda tashkil etiladigan saylov uchastkalaridir. Bundan tashqari, masofadan ovoz berish uchun yana 40 ta qo‘shimcha saylov uchastkasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Smetada uchastka saylov komissiyalari a’zolariga haq to‘lash uchun ham mablag‘ ajratilgan. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ularga oyiga 3 mingdan 8 ming somgacha (513 ming so‘m) haq to‘lanadi.
Uchastka saylov komissiyalarining jami 26 ming 819 nafar a’zosi bo‘ladi. Ularning 5 066 nafari avtomatik tarzda o‘qiydigan qurilmalar operatorlari, yana 5 066 nafari esa saylovchilarni identifikatsiya qilish operatorlaridir.
Hududiy saylov komissiyalari a’zolari soni 674 nafarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, 1 609 nafar jalb qilingan operator, 600 nafar texnik yordam guruhi mutaxassisi hamda saylovni tayyorlash va o‘tkazishda ishtirok etadigan boshqa mutaxassislarga ham haq to‘lash ko‘zda tutilgan. Jalb qilinadigan mutaxassislar soni saylovchilar soni va bajariladigan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi.
Saylov xarajatlariga nimalar kiradi?
Saylovni tayyorlash va o‘tkazish xarajatlari tashkiliy, axborot, texnik hamda moddiy-texnik ta’minotni o‘z ichiga oladi.
Xususan, saylov jarayoni ishtirokchilarini o‘qitish, aloqa vositalari bilan ta’minlash, axborot materiallarini tayyorlash va chop etish, zarur tovarlar, uskunalar va materiallarni xarid qilish uchun mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, saylov uskunalarini hududlarga yetkazib berish va saylovdan so‘ng qaytarib olib kelish, saylov hujjatlari, uskunalar va tarqatma materiallarni Markaziy saylov komissiyasidan hududiy va uchastka saylov komissiyalarigacha yetkazish xarajatlari ham smetaga kiritilgan.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan saylovchilarning saylov huquqlarini ta’minlash, xalqaro delegatsiyalar ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni tashkil etish, xorijdagi saylov uchastkalari faoliyatini ta’minlash hamda saylovni tegishli darajada o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa tadbirlar xarajatlari ham hisobga olingan.
Xaridlarning katta qismi markazlashgan tartibda amalga oshiriladi
Saylov komissiyalarini moddiy-texnik jihatdan ta’minlashning katta qismi markazlashgan tartibda amalga oshiriladi.
Zarur tovarlar, uskunalar, hujjatlar va materiallar belgilangan tartibda xarid qilinib, ehtiyojdan kelib chiqqan holda hududiy va uchastka saylov komissiyalari o‘rtasida taqsimlanadi.
Ta’kidlanishicha, bunday yondashuv saylov komissiyalarini jihozlash bo‘yicha yagona talablarni ta’minlash, joylarda bir xil mahsulotlarni takroran xarid qilishning oldini olish, xarajatlarni rejalashtirish va nazorat qilish samaradorligini oshirish, shuningdek, respublika budjeti mablag‘laridan oqilona va tejamkor foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, xarajatlar smetasida 56 ta hududiy va 2 653 ta uchastka saylov komissiyasining faoliyatini ta’minlash, ularning ishini tashkil etish, komissiya a’zolariga haq to‘lash va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi bilan bog‘liq xarajatlar ham nazarda tutilgan.
Smeta saylovni tayyorlash va o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan xodimlar soni, shuningdek, tashkiliy, axborot, texnik va moddiy-texnik ta’minot ehtiyojlari hisobga olingan holda shakllantirilgan.





