
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi
Mirziyoyevning taklifiga To‘qayev 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi. 16-noyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari liderlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 14–16-noyabr kunlari mamlakatimizga davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Mazkur tashrif ikki davlat strategik sherikligini yanada mustahkamlashda muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Kun tartibidagi asosiy mavzu – savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, madaniy-gumanitar loyihalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish.
Mintaqaviy va global siyosatning dolzarb masalalari, ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.
Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va qator qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo va Ozarboyjon davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.





