add

Retseptsiz dori sotganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

Bugun 12:152342 daqiqa

O‘zbekistonda dori vositalarini retseptsiz sotganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha taklif tayyorlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda deputati Alisher Qodirov ma’lum qildi.

Retseptsiz dori sotganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov telegram kanalida yozgan fikrlarida ayrim dorixona va dori biznesi vakillari uchun katta daromad inson sog‘ligidan ustun qo‘yilayotganini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, bemorni «tovar» sifatida ko‘rish amaliyotiga barham berish vaqti kelgan. Qodirov dori tayinlash masalasida shifokorning xulosasi hal qiluvchi bo‘lishi shartligini qayd etdi.

«Qand kasali bor insonga bitta yara chiqsa, qancha azob ko‘radi. Borib, uni bir marta davolatish uchun 5-6 million so‘mlik dori yozib berishadi. Besh millionlik dorilar tarkibini qarasangiz, ichida badlar bor. Aslida saxarga badning aloqasi yo‘q. Kasalni tovarga aylantirish degan tushunchani O‘zbekistonda yo‘q qilish kerak», deya fikr bildirgan partiya raisi.

Alisher Qodirov mamlakatda «millat kelajagini zaharlash»ga chek qo‘yish lozimligini ta’kidlab, retseptsiz dori savdosini taqiqlashga qarshi turli qarshiliklar bo‘lishini oldindan bildirdi. Uning aytishicha, bu avvalo dorini daromad manbaiga aylantirgan ayrim vijdonsiz shaxslar manfaatiga zid.

Deputatning bildirishicha, qonunga rioya qilayotgan farmatsevtlar, shifokorlar va tadbirkorlar hurmatga loyiq, biroq nazoratsiz savdo amaliyotiga barham berish zarur. Shu munosabat bilan retseptsiz dori sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish haqida aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘z ichiga olgan dorilarni retseptsiz sotganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan (2 mln 60 ming) o‘n baravarigacha (4 mln 120 ming )jarima qo‘llanadi.

10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri va mamlakatning 15 ta tuman/shaharlarida dorixonalarda retsept bo‘yicha dori vositalarini faqat elektron retseptlar bo‘yicha sotish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim joriy etilishi Vazirlar Mahkamasining 8-sentabrda chiqarilgan va 12-dekabrdan kuchga kiradigan qarorida belgilab qo‘yilgan. 2026 yil oxirigacha yangi tizimni mamlakatning barcha hududlarida joriy etish ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid