Rossiyadan Londonga ochiq tahdid: «Britaniyaga zarba bersak ham, Tramp NATOning aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi»
Ukraina armiyasi Buyuk Britaniya yetkazib bergan uzoq masofali dronlar yordamida Rossiyaning strategik obektlariga hujumlarni kuchaytirdi. Bunga javoban Moskva Londonni «terror mashinasi»ning sherigi deb atab, og‘ir oqibatlardan ogohlantirdi. Biroq Buyuk Britaniya orqaga chekinmoqchi emas: «Biz faqat yaxshi kunlarda do‘st emasmiz», deya ta’kidlagan Endi Byornem Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash to‘xtamasligini ma’lum qildi.
© ReutersRossiya Buyuk Britaniyani Ukrainaga dronlar yetkazib bergani va bu uskunalardan Rossiya hududi ichkarisidagi uzoq masofali hujumlarda foydalanilgani uchun jiddiy «oqibatlar»ga yuzma-yuz kelishidan ogohlantirdi.
«Londonning xatti-harakatlari muqarrar ravishda tegishli oqibatlarni keltirib chiqaradi va bunga ularning o‘zi javob berishiga to‘g‘ri keladi. Uning mojaroga aralashuvi qanchalik chuqurlashsa va Kiyevning terror mashinasini qo‘llab-quvvatlashi qanchalik ortsa, shunchalik katta tovon to‘laydi», — deyiladi Rossiyaning Londondagi elchixonasi dushanba kuni e’lon qilgan bayonotda.
«London tinchlik istagini ikkiyuzlamachilik bilan da’vo qilgan holda, ataylab Ukraina inqirozini keskinlashtirish yo‘lini tanlamoqda. Shu tariqa Buyuk Britaniya qonli jinoyatlar va terrorchilik hujumlarining sherigi hamda ishtirokchisiga aylanmoqda», — deb yozdi elchixona o‘zining «Telegram» sahifasida.
Rossiya tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Andrey Fyodorov seshanba kuni «Bi-Bi-Si»ga bergan intervyusida «oqibatlar» deganda hujumlar uyushtirilish ehtimoli ham nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Kremlga maslahat beruvchi ko‘plab harbiy ekspertlar Rossiya Buyuk Britaniyaga zarba bergan taqdirda ham, NATO qat’iy javob qaytarmasligiga ishonmoqda.
«Tramp NATOning javob qaytarishiga yo‘l qo‘ymaydi», — dedi u.
Mazkur tahdid Ukraina Rossiyaning asosiy nishonlariga, jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari va logistika obektlariga zarba berish uchun uzoq masofaga uchuvchi dronlardan foydalanayotgani haqidagi xabarlar ortidan yangramoqda. Buyuk Britaniyaning «The Times» gazetasi o‘tkazgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, bu hujumlarning bir qismida Britaniyaning ikkita kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dronlar qo‘llanilgan.
Moskva merining ma’lum qilishicha, dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya poytaxti tomon kamida 637 ta dron uchirgan va ularning 197 tasi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan.
Britaniya Mudofaa vazirligi o‘z dronlaridan Rossiya hududiga hujum qilishda foydalanilganini tasdiqlamadi. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan buyon, Moskva London va Ukrainaning G‘arbdagi boshqa ittifoqchilarini uzoq masofaga mo‘ljallangan qurol-yarog‘lar yetkazib berilishi vaziyatni yanada keskinlashtirishi haqida bir necha bor ogohlantirib kelmoqda.
Biroq, dushanba kuni Rossiya elchixonasi tomonidan berilgan ogohlantirishdan so‘ng, bosh vazir Endi Byornem Buyuk Britaniya hukumati Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.
«Buyuk Britaniya uzoq vaqtdan beri aytib kelayotgan ishini qilmoqda, ya’ni [Rossiya prezidenti] Vladimir Putin olib borayotgan ushbu noqonuniy urushga qarshi Ukrainani 100 foiz qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz Ukraina o‘zini mudofaa qila olishi uchun yordam beryapmiz va sobiq bosh vazirlar davrida ham butun mojaro davomida Britaniyaning pozitsiyasi aynan shunday bo‘lib kelgan. Mening davrimda ham shunday bo‘lib qoladi. Biz faqat yaxshi kunlarda do‘st emasmiz», — dedi Byornem.
Buyuk Britaniya Ukrainaga қанақа harbiy texnikalar yetkazib bermoqda?
Aprel oyida Britaniya Mudofaa vazirligi Ukraina uchun shu paytgacha bo‘lgan eng yirik dronlar paketini e’lon qilib, kamida 120 mingta dron yetkazib berishni boshladi. Vazirlik bayonotida mazkur paketga «minglab uzoq masofaga uchuvchi zarbdor, shuningdek, razvedka, kuzatuv va logistika dronlari hamda dengiz vositalari» kiritilgani ta’kidlangan.
Shundan so‘ng, iyun oyida London 2026 yil oxirigacha Ukrainaga 150 mingta dron yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi 752 million funt sterling (996 million dollar) miqdoridagi moliyaviy yordam paketini e’lon qildi.
Bu qaror 2025 yilning iyun oyida Dauning-stritda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va o‘sha paytdagi bosh vazir Kir Starmer o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng qabul qilindi. O‘shanda Zelenskiy ikki davlat uzoq masofaga uchuvchi dronlarni birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan edi.
Biroq Londonning yordami faqatgina dronlar bilan cheklanib qolmaydi. Buyuk Britaniya Ukrainadagi sovet davridan qolgan tanklarni almashtirish maqsadida zamonaviy G‘arb jangovar tanklari – «Challenger 2» modellarini berishni va’da qilgan birinchi davlat bo‘ldi. Shuningdek, Britaniya front ortidagi Rossiya kuchlariga zarba berish uchun Kiyevga «Storm Shadow» rusumidagi uzoq masofaga uchuvchi qanotli raketalarni yetkazib bergan dastlabki mamlakat hisoblanadi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya minglab havo hujumiga qarshi va zirhli texnikalarni yo‘q qiluvchi raketalar, artilleriya tizimlari, shuningdek, zirhli va yordamchi mashinalarni xarid qilishni moliyalashtirgan hamda ularni yetkazib bergan. Bundan tashqari, ukrainalik harbiylarni tayyorgarlikdan o‘tkazishni ham tashkil qilgan.
Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlar va ularning tarkibiy qismlaridan qayerlarda foydalanilmoqda?
Joriy yilda Ukraina Rossiya hududi ichkarisidagi hujumlarni kuchaytirdi. Urushni moliyalashtirayotgan Moskvaning neftdan oladigan daromadlarini kamaytirish hamda tinch aholiga 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan boshlangan mojaro ta’sirini his qildirish maqsadida, harbiy-sanoat va energetika obektlari tobora ko‘proq nishonga olinmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ta’kidlashicha, Britaniyada ishlab chiqarilgan qismlar yoki qurilmalar o‘rnatilgan dronlardan Rossiya ichkarisidagi nishonlarga, xususan, Rostov viloyatidagi harbiy-sanoat obekti hisoblangan Kamenskiy zavodiga hujum qilishda foydalanilgan.
Bi-Bi-Si xabariga ko‘ra, bu dronlar harbiy va sanoat nishonlariga, jumladan, neftni qayta ishlash zavodlariga hamda «Wildberries» chakana savdo giganti omborlariga zarba berishda qo‘llanilgan.
So‘nggi haftalarda Ukraina «Wildberries»ning bir nechta omborlariga zarba berdi. Kiyev ushbu omborlar Rossiya harbiy qismlarini ta’minlash uchun ishlatilayotganini da’vo qilmoqda. Biroq kompaniyaning o‘zi va Kreml Ukrainaning bu da’volarini rad etdi.
O‘tgan haftada Ukraina dronlari chegaradan 2087 kilometr uzoqlikdagi Yekaterinburg shahrida joylashgan omborga zarba berganidan so‘ng, kompaniya buyurtmalarni qabul qilishni cheklashga majbur bo‘ldi. Seshanba kuni esa Moskvaning sharqiy qismidagi «Wildberries»ga qarashli yana bir ombor dron hujumi oqibatida shikastlandi.
Bunday yirik hujumlardan tashqari, urushning jismoniy ta’siri tobora Rossiya poytaxtiga ham ko‘chib o‘tmoqda. Shanbaga o‘tar kechasi va yakshanba tongida Ukraina Rossiya hududiga eng yirik havo hujumlaridan birini uyushtirdi. Hujum davomida 822 ta dron uchirilgan va buning oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan. Moskva viloyati gubernatori poytaxt hududi «so‘nggi paytlardagi eng yirik dron hujumlaridan biriga» guvoh bo‘lganini ta’kidladi.
Rossiya «oqibatlar» deganda nimani nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin?
Seshanba kuni Endi Byornem Buyuk Britaniya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishdan chekinmasligini ochiq ma’lum qildi.
Mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziri Lilian Grinvud Moskvaning ogohlantirishlariga qaramay, Buyuk Britaniya Ukraina bilan «yelkadosh bo‘lishda» davom etishini ta’kidladi.
«Ruslar shuni aniq bilishi kerakki, Ukrainadagi do‘stlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ularni zarur texnika bilan ta’minlash borasidagi qarorimiz qat’iy hamda o‘zgarmasdir», — dedi u «Sky News» telekanaliga bergan intervyusida.
Rossiyaning Londondagi elchixonasi Buyuk Britaniya aynan qanday «oqibatlar»ga duch kelishi mumkinligiga oydinlik kiritmadi.
Taxminlarga ko‘ra, Rossiya Buyuk Britaniyaning xorijdagi harbiy yoki razvedka manfaatlarini nishonga olishi, shuningdek, kiberhujumlar va gibrid urushning boshqa ko‘rinishlarini kuchaytirishi mumkin. O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya butun qit’a bo‘ylab raqamli sabotaj holatlari qayd etilgani ortidan, Rossiyaga qarshi muvofiqlashtirilgan sanksiyalar e’lon qilgan edi.
Biroq, Rossiyaning bu tahdidlari «Putin NATO aralashuvi xavfini bo‘yniga olgan holda Britaniyaga hujum qilishga jur’at qila oladimi?» degan savolni ham o‘rtaga tashlaydi.
Fyodorov seshanba kuni «Bi-Bi-Si»ga Moskva «Buyuk Britaniyani urushning ishtirokchisi sifatida talqin qilishi» mumkinligini aytdi.
«Rossiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatga zarba berish huquqiga ega», — dedi u «Radio 4»ning «Today» dasturiga bergan intervyusida.
«Shaxsiy nuqtai nazarimga ko‘ra, hech qanday ehtimolni istisno qilib bo‘lmaydi. Moskvadagi yuqori doiralarda Ukrainaga aloqador barcha korxonalar qonuniy nishon hisoblanishini va ularga Rossiya tomonidan zarba berilishi mumkinligini aytayotganlar talaygina», — dedi Fyodorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagi harbiy ekspertlar: «Xavotir olmang, Rossiya Buyuk Britaniyaga zarba bera oladi va NATO hech qanday chora ko‘rmaydi. Tramp NATOning javob qaytarishiga yo‘l qo‘ymaydi. NATO ichidagi hozirgi beqarorlikni hisobga olsak, alyans hech qanday amaliy chora ko‘rmasligi, shunchaki bayonot bilan cheklanishi yoki 5-moddani emas, balki 4-moddani ishga solishi ehtimoli yuqori», — demoqda.
«Donald Tramp hamon NATOning asosiy kalitlarini o‘z qo‘lida saqlab turibdi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasida NATOning biror bir a’zosiga qilingan qurolli hujum butun alyansga qilingan hujum deb baholanishi belgilab qo‘yilgan. Tramp transatlantik ittifoq bilan doimiy ziddiyatda bo‘lib kelmoqda va uni AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi urushini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotganlikda ayblab keladi.
NATOning 4-moddasida esa, aksincha, biror bir a’zo davlat o‘zining hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi yoki xavfsizligiga tahdid sezsa, a’zo mamlakatlar birgalikda maslahatlashuvlar o‘tkazishi belgilangan. Biroq bu avtomatik ravishda harbiy harakatlarga olib kelmaydi.





