Logo

Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi

Musobaqalarda qashqadaryolik Kumush Ko‘chkinova dzyudo va kurash bo‘yicha ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. Toshkent viloyati vakili Mushtariy O‘rolova esa og‘ir atletika bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi musobaqalarida ishtirok etgan yosh sportchilarni tabrikladi. Davlat rahbari o‘z tabrigida musobaqalar davomida qayd etilgan natijalar, jahon va O‘zbekiston rekordlari, shuningdek, bir nechta oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilarni alohida qayd etdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, ikki haftadan ortiq davom etgan bellashuvlarda yosh sportchilar yuqori natijalar ko‘rsatib, yangi rekordlarni o‘rnatgan. Ushbu musobaqalar nafaqat sportda birinchilik uchun kurash, balki yoshlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash maydoniga ham aylangan.

«Eng muhimi, ushbu tizim g‘alabaga chanqoq, shijoatli va tirishqoq ming-minglab sportchi yoshlarimiz uchun katta imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, hududlarimiz o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari musobaqalarda qashqadaryolik Kumush Ko‘chkinova dzyudo va kurash bo‘yicha ikkita oltin medalni qo‘lga kiritganini ta’kidladi. Toshkentlik Aisha Yenina esa badiiy gimnastikada uchta oltin, bitta kumush va bitta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

Jahon rekordi va oltin medallar

Prezident tabrigida og‘ir atletikachi Mushtariy O‘rolovaning natijalari alohida qayd etildi. Toshkent viloyati vakili 60 kilogrammdan yuqori vazn toifasida dast ko‘tarishda 109 kilogramm, siltab ko‘tarishda 136 kilogramm natija ko‘rsatgan. Ikki kurash yakuniga ko‘ra esa 245 kilogramm natija bilan jahon rekordini o‘rnatgan.

Shuningdek, Sherdor Eshpo‘latov, Ikrom Mo‘minboyev, Behro‘z Hasanov, Soliha Bahodirova, Dilfuza Yo‘ldosheva va Zuhra Ibrohimova ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston rekordini yangilagan.

Parasuzish musobaqalarida andijonlik Hikmatulla Haydaraliyev va qoraqalpog‘istonlik Shahnoza Yerejepbayeva to‘rttadan oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Sirdaryolik yengil atletikachi Durdona Jumanqulova esa uch kurash bellashuvlarida 2014 ochko jamg‘arib, ushbu toifada 14 yoshli sportchilar orasida eng yuqori natijaga erishgan.

Prezident musobaqalarda ishtirok etgan barcha sportchilar tajriba to‘plaganini ta’kidlab, ularning kelgusida qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bildirdi.

Sportchilarni qo‘llab-quvvatlash

Shavkat Mirziyoyev tabrigida yosh sportchilarning natijalarida ota-onalar, ustoz va murabbiylarning hissasini ham alohida e’tirof etdi. U farzandlarining katta sportda o‘z o‘rnini topishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan oilalar va murabbiylarga minnatdorlik bildirdi.

«Tilagim – o‘z kuchingizga bo‘lgan ishonchni hech qachon yo‘qotmang, o‘z ustingizda ishlashdan aslo to‘xtamang!» — dedi prezident yosh sportchilarga murojaatida.

Davlat rahbari haqiqiy chempionlar nafaqat g‘alaba qozonishi, balki qiyinchiliklarni mardona yengib, maqsad sari qat’iy intilishi bilan ham ibrat ko‘rsatishini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid