add

To‘qayev Putin bilan munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzolamoqchi

Tramp bilan uchrashgan Qozog‘iston prezidenti 11-12-noyabr kunlari Putinning taklifiga binoan Moskvaga boradi.

To‘qayev Putin bilan munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzolamoqchi

Qozog‘iston prezidenti 11-12-noyabr kunlari Moskvaga tashrifi doirasida Qozog‘iston–Rossiya munosabatlarini har tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolashni rejalashtirgan. Bu haqda Qosim-Jomart To‘qayev «Rossiyskaya gazeta»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

To‘qayevga ko‘ra, Rossiya Qozog‘iston uchun uchlikdagi eng yirik tashqi savdo hamkori hisoblanadi, Qozog‘iston esa Rossiyaning beshlikdagi asosiy sheriklari qatorida. Tomonlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi barqaror o‘sib, 30 milliard dollar chegarasiga yaqinlashmoqda. Investitsion hamkorlik ham faol rivojlanib, Qozog‘istonda rossiyalik kapital ishtirokida 20 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, u so‘nggi oylarda Xitoy rahbari Si Szinpin, AQSH prezidenti Donald Tramp hamda Yevropa, Osiyo va Afrikadagi qator davlatlar yetakchilari bilan amaliy muzokaralar o‘tkazganini ta’kidladi. Uning aytishicha, geosiyosiy manfaatlari mutlaqo bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan mamlakatlar ham xalqaro munosabatlardagi asosiy masalalarni yechishda Moskva ishtirokini hal qiluvchi omil sifatida ko‘rishmoqda. Prezidentga ko‘ra, «hozirgi global ziddiyatlarni Rossiya ishtirokisiz bartaraf etib bo‘lmaydi».

Qozog‘iston Rossiya energiya resurslarini Xitoy va Markaziy Osiyoga uzluksiz tranzit qiladi, yaqin yillarda xalqaro konsorsium, xususan «Rosatom» ishtirokida Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish asosiy loyiha sifatida ko‘rilmoqda, transport-logistika tarmoqlarida «G‘arbiy Yevropa — G‘arbiy Xitoy» avtomobil koridorini kengaytirish, «Shimol — Janub» sharqiy yo‘lagini rivojlantirish, shuningdek, chegaradagi 30 ta avtomobil nazorat punktini modernizatsiya qilish rejalari amalga oshirilmoqda, deydi To‘qayev. Shuningdek, u energetika hamkorlikning markaziy yo‘nalishi bo‘lib qolganligini alohida ta’kidlagan.

Tashrif chog‘ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy va global kun tartibidagi masalalarni muhokama qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 6-noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yetakchilarini qabul qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

To‘qayev Putin bilan munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzolamoqchi | Vaqt.uz