Logo

Toshkentda yer qazish va yo‘llarni yopishga ruxsatnoma beruvchi onlayn tizim ishga tushirildi

Bugun 09:002 daqiqa

Shaharda kommunikatsiyalar ta’mirlanganidan keyin piyodalar infratuzilmasi shikastlangan holda qolib ketayotgan holatlar tez-tez uchramoqda.

Toshkentda yer qazish va yo‘llarni yopishga ruxsatnoma beruvchi onlayn tizim ishga tushirildi © Foto: Тошкент шаҳар ҳокимлиги

Toshkent shahrida jismoniy va yuridik shaxslar uchun yer qazish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazish hamda yo‘l yoki hududlarni vaqtincha yopishga ruxsatnoma olishning yangi elektron tizimi — order.tashkent.uz ishga tushirildi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi tizim yer ishlarini oldindan rejalashtirish, jarayonlarni tegishli tashkilotlar bilan belgilangan tartibda kelishish va xavfsiz tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Markaz xabariga ko‘ra, tartibsiz va rejalashtirilmagan holda olib borilgan qazish ishlari ko‘pincha transport tirbandliklariga, piyodalar harakatidagi noqulayliklarga, yer osti kommunikatsiyalarining shikastlanishiga hamda kommunal xizmatlar faoliyatida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan, YHTEM umumiy foydalanishdagi hududlarda tegishli ruxsatnomasiz qazish, ta’mirlash va o‘zgartirish ishlarini amalga oshirish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishini eslatib o‘tdi.

Gazeta.uz'ning yozishicha, shahardagi piyodalar infratuzilmasi muammolarini yoritib boruvchi «Toshkent piyodalari» Telegram kanali mualliflari mazkur yangilikka munosabat bildirib, ishlarning nafaqat boshlanishini, balki yakunlanishini ham nazorat qilish zarurligiga e’tibor qaratdi. Faollarning ta’kidlashicha, ta’mirlash ishlaridan so‘ng shunchaki chuqurni ko‘mib ketish emas, balki buzilgan yo‘l va trotuar qoplamalarini oldingi normal holatiga qaytarish nihoyatda muhim.

Qayd etilishicha, shaharda kommunikatsiyalar ta’mirlanganidan keyin piyodalar infratuzilmasi shikastlangan holda qolib ketayotgan holatlar tez-tez uchramoqda. Bunga misol tariqasida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida trotuarning bir necha yildan beri buzilgan holda yotgani, shuningdek, «Turon» mahallasidagi 493-sonli bog‘cha va 148-sonli maktab oralig‘idagi ichki ko‘chada asfalt olib tashlanib, qayta tiklanmagani ko‘rsatib o‘tilgan.

Hozircha YHTEM tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda yangi onlayn tizim qazish ishlaridan keyingi qoplamani tiklash jarayoni ustidan qat’iy nazoratni ta’minlashi yoki yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan.

Teglar

Mavzuga oid