Tramp Eron eshigini ochiq qoldirmoqda, Netanyahu esa uni yopa olmayapti
Netanyahuning 30 yillik «Eron tahdidi» strategiyasi Vashingtonning yangi hisob-kitoblariga duch keldi. Oq uy Eronning yadroviy dasturini kelishuv orqali jilovlamoqchi. Isroil o‘zining eng yaqin siyosiy ittifoqchisini «Eron bilan har qanday muloqot foydasiz» degan fikrga ko‘ndira olmayapti.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Vashington safaridan o‘zi kutgan, qolaversa, safar oldidan mamlakat ichkarisida katta umid uyg‘otgan natijaga erisha olmay qaytdi.
Bir haftaga shoshilinch oldinga surilgan hamda Netanyahu tomonidan g‘oyat muhim va hal qiluvchi deb ta’riflangan ushbu tashrif yakunida uning ofisi qisqa va umumiy mazmundagi bayonot bilan cheklandi. Na qo‘shma chiqish qilindi, na matbuot anjumani o‘tkazildi va na prezident Donald Tramp bilan Eron masalasida hamfikrlik haqida ochiq deklaratsiya imzolandi.
11-fevral kuni Oq uyda Tramp bilan uchrashuv chog‘ida Isroil hukumati rahbarining kun tartibidagi asosiy masala Eron edi. Isroilga qaytish chog‘ida Netanyahu o‘z qarashlarini ochiq bayon qilganini aytib o‘tdi: «Eron bilan har qanday kelishuvga erishish imkoniyatiga nisbatan umumiy shubhamni yashirib o‘tirmadim».
Odatda diplomatik yutuqlari va Amerika prezidentlari bilan shaxsiy munosabatlarini ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radigan odam uchun bu galgi vazminlik kutilmagan holat bo‘ldi. Axir u 2015 yilda Kongressdagi nutqi orqali Obama ma’muriyatining Eron bo‘yicha kelishuviga qarshi chiqqan, keyinchalik esa «Ibrohim kelishuvlari» doirasida Tramp bilan yaqin hamkorlikni namoyish etgan edi.
Prezident Tramp esa o‘z navbatida, «hali hech narsa uzil-kesil hal qilinmaganini» ta’kidladi.
Oq uy Eron bilan muzokaralar davom etayotganini aniq bildirdi. Hozirda AQSH va Eron o‘rtasidagi muloqotning birinchi sinov bosqichi bo‘lib o‘tgan va unda ehtimoliy yangi yadroviy kelishuvning shartlari o‘rganilmoqda.
Aynan mana shu xabar Netanyahu oldini olishga umid qilgan asosiy yangilik edi.
Yuz bermagan voqealar bilan izohlangan uchrashuv
Netanyahu Vashingtonga Isroilning Eron bilan muzokaralar bo‘yicha «asosiy tamoyillari»ni taqdim etishini aytib kelgan edi. Ammo na bu tamoyillarda va na u yetkazgan xabarda yangilik bor edi.
O‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida Netanyahu Eronni Isroilning mavjudligiga tahdid soluvchi xavf sifatida tasvirlab keladi. U xalqaro minbarlarda, jumladan, 2012 yilda BMT Bosh Assambleyasida qo‘lda chizilgan bomba suratiga qizil chiziq tortib, Eronning yadroviy ambitsiyalari haqida shov-shuvli ogohlantirish bergandi.
Uning ko‘zlagan maqsadlari o‘zgarmas: har qanday yo‘l bilan Eronni zaiflashtirish, imkoni bo‘lsa, tuzumni o‘zgartirish, agar buning iloji bo‘lmasa, Eronni yadroviy salohiyat va uzoq masofali raketalardan butunlay mahrum qilish.
O‘tgan yili Isroilning Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumidan so‘ng, raketa salohiyati Isroil talablarining yanada markaziy qismiga aylandi.
Vashingtonda Netanyahu eng yuqori talablarni o‘z ichiga olgan «maksimalistik» pozitsiyani ilgari surdi:
· Eron hududida uranni boyitishni butunlay to‘xtatish. Bu talab AQSHning avvalgi muzokaralar doirasidan, xususan, qattiq nazorat ostida cheklangan miqdorda uranni boyitish imkonini bergan 2015 yilgi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasidan ham ancha keskinroqdir;
· Eronning ballistik raketa dasturiga qat’iy cheklovlar qo‘yish yoki uni butunlay yo‘q qilish. Holbuki, bu dastur Tehronning tiyib turish strategiyasining o‘zagi sanaladi va Eron rahbariyati tomonidan uzoq vaqtdan beri muhokama qilinmaydigan mavzu deb hisoblanadi;
· Eronning mintaqaviy ittifoqchilari va proksi tarmoqlarini jilovlash;
· Isroilning harakat erkinligi. Har qanday kelajakdagi kelishuv shartlariga qaramay, Isroilga Eronga zarba berish huquqini kafolatlash.
Shuningdek, u cheklovlarning vaqt o‘tishi bilan bekor qilinishini nazarda tutuvchi har qanday «muddatli bandlar»ga qarshi. Netanyahu mintaqada Isroilning strategik ustunligini mustahkamlovchi doimiy taqiqlar o‘rnatilishini istaydi.
Bularning hech biri AQSH-Eron diplomatiyasining hozirgi yo‘nalishiga mos kelmaydi. Tramp ma’muriyati ehtimoliy kelishuvning aniq parametrlarini hali ochiqlamagan bo‘lsa-da, Vashingtondan kelyotgan dastlabki ishoralar Isroil talab qilayotganidan ko‘ra cheklanganroq maqsadlarni ko‘zlamoqda.
Asosiy e’tibor uranni boyitishni butunlay to‘xtatish yoki Eronning ballistik raketa dasturini tugatishga emas, balki yadro quroliga ega bo‘lishgacha bo‘lgan vaqtni uzaytirish va qurollashtirishning oldini olishga qaratilmoqda.
Mohiyatan, Oq uy keskinlikni oshirishdan avval, garchi mukammal bo‘lmasa-da, ijrosi ta’minlanadigan kelishuvga erishish mumkinligini sinab ko‘rmoqchi. Bu yondashuv Eronning yadroviy sohadagi ilgarilashini, hatto qisman bo‘lsa-da, jilovlash to‘qnashuv yoki harbiy harakatlar xavfidan ko‘ra afzalroq, degan hisob-kitobga asoslangan.
Shu bilan birga, prezident Trampning ritorikasi keskinlashdi. U muzokaralarga sodiqligini yana bir bor ta’kidladi, biroq jiddiy ogohlantirish ham berdi: agar Eron Vashington bilan yadroviy kelishuvga erisha olmasa, oqibat, uning so‘zlari bilan aytganda, «juda ayanchli» bo‘ladi.
Tramp ilk bor ushbu ultimatumga aniq vaqt belgilab, diplomatiya uchun imkoniyatlar oynasi cheklanganligiga — oqibatlar boshlanishidan oldin taxminan bir oy vaqt qolganiga — shama qildi.
Vashingtondan kelayotgan xabar ataylab noaniq qoldirilgan: diplomatiya hamon afzal yo‘l, ammo vaqt tig‘izligi esa ochiq-oydin ma’lum qilindi.
Netanyahuning safar vaqti g‘oyat muhim ahamiyatga ega. U tashrifini AQSH-Eron muzokaralarining birinchi raundidan ko‘p o‘tmay amalga oshirdi, bu esa shoshilinchlik va xavotirdan darak berardi.
Isroil rasmiylari jarayon tezlashib ketishidan qo‘rqishgan edi: muzokaralar Isroil ularning shartlariga ta’sir o‘tkazishga ulgurmasdanoq ilgarilab ketishi mumkin edi. Bu xavotirlar o‘rinli bo‘lib chiqdi. Tramp Eronga qarshi tahdidli bayonotlar berishda davom etayotgan bo‘lsa-da, uning amaldagi harakatlari harbiy to‘qnashuvdan ko‘ra diplomatik yo‘lni sinab ko‘rishga moyilligini ko‘rsatmoqda.
Ichki bosimlar va siyosiy manfaatlar
Netanyahuning shoshilayotganiga ichki siyosiy omillar ham sabab bo‘lmoqda. Uning hukmron koalitsiyasi tobora kuchayib borayotgan bosimlarga duch kelmoqda. Bunga ultraortodoks partiyalarni harbiy xizmatdan ozod qilish bo‘yicha nizolar, uzoq davom etayotgan urush xarajatlari tufayli yuzaga kelgan budjet cheklovlari hamda 7 oktabr hujumlari va undan keyingi mintaqaviy keskinlashuv ortidan aholi orasida to‘xtamayotgan noroziliklar misol bo‘ladi.
Eron bilan keskin to‘qnashuv — yoki hech bo‘lmaganda Netanyahuning bunday kurashga boshchilik qilayotgani haqidagi tasavvur — siyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Eron masalasi Isroilda koalitsiya va muxolifatni birlashtirib turgan kam sonli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
Netanyahu buni juda yaxshi biladi. U uzoq vaqtdan beri o‘zini Tehronga qarshi kurashda o‘rnini bosib bo‘lmas himoyachi sifatida ko‘rsatib keladi va endi isroillik saylovchilarga Vashington u bilan hamfikr ekanini isbotlashi zarur. Bu esa ichki auditoriyaga qaratilgan, garchi amalda dalillar yetarli bo‘lmasa-da, AQSH bilan «muvofiqlashgan holda harakat qilinayotgani» haqidagi takroriy urg‘ularni izohlaydi.
Isroil tomonining baholashicha, Netanyahu Vashingtonga Eronning gaplariga shubha uyg‘otish maqsadida razvedka ma’lumotlarini olib borgan. Unda Tehron muzokaralarni ataylab cho‘zayotgani, qatllarni davom ettirayotgani va raketa masalasida jiddiy muloqotdan bosh tortayotgani iddao qilingan.
Ammo bu ma’lumotlar diplomatiyani izdan chiqarishga qaratilgan bo‘lsa, ko‘zlangan maqsadga erishilmagan ko‘rinadi.
Tramp jamoasi — jumladan, Stiv Vitkoff, Jared Kushner, Marko Rubio va boshqalar — bu dalillarni tinglagan, biroq Oq uy Isroilning «muzokaralar foydasiz» degan xulosasini qabul qilmagan. Aksincha, Vashington hatto mukammal bo‘lmasa-da, kelishuvga erishish imkoniyatini sinab ko‘rish niyatida ekani sezilmoqda. Bu esa Isroilni muqobil ssenariyga tayyorgarlik ko‘rishga majbur qilmoqda.
Isroilda hukmron bo‘lgan qarashga ko‘ra, muloqotlar barbod bo‘lishi ehtimoli yuqori — yo Eronning talablari AQSHning «qizil chiziqlari»ga zid keladi, yoki Isroilning shartlari kelishuvga erishishni siyosiy va texnik jihatdan imkonsiz qilib qo‘yadi.
Aynan shu sababli Netanyahu harbiy yo‘l variantini kun tartibida saqlab qolishda qat’iy turibdi.
Yopiq eshiklar ortidagi uch soatlik uchrashuvda tomonlar shunchaki pozitsiyalarni muhokama qilish bilan cheklanmay, ehtimoliy ssenariylarni ham ko‘rib chiqqan bo‘lishi mumkin: agar muzokaralar barbod bo‘lsa nima qilinadi, Isroil mustaqil ravishda qanchalik uzoqqa bora oladi va AQSHdan qanday darajadagi ko‘mak yoki xayrixohlikni kutishi mumkin? Isroilning asosiy talabi esa o‘zgarishsiz qolmoqda: harakat erkinligi.
Omma oldida yakdillik namoyish etilayotganiga qaramasdan, Netanyahu va Tramp Eron masalasiga turlicha strategik nuqtai nazardan yondashmoqda. Tramp diplomatik kanallarni ochiq qoldirgan holda, yon berishlarga erishish uchun kuch ishlatish ehtimolidan foydalanib, moslashuvchanlik va bosim o‘tkazishni afzal ko‘radi. Netanyahu esa barqarorlikni — ya’ni har qanday kelajakdagi siyosiy vaziyatda Eronning yadroviy davlat darajasiga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydigan tarkibiy cheklovlarni talab qilmoqda.
Hozircha ularni faqat siyosiy manfaatdorlik bog‘lab turibdi. Har ikki tomon ham ochiq to‘qnashuvdan qochishni ma’qul ko‘radi, har ikkisining ham o‘z ichki hisob-kitoblari bor va har ikkisi keskinlashuv xavfini yaxshi anglaydi.
Biroq Netanyahu uchun Vashington tashrifi bir noqulay haqiqatni oydinlashtirdi: Isroil AQSH siyosatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo uni nazorat qila olmaydi. Isroil buni xohlaydimi yoki yo‘qmi, diplomatiya baribir o‘z yo‘lida davom etmoqda.





