Tramp Eronni «Yer yuzidan supurib tashlash» bilan tahdid qildi
Shuningdek, u prezidentlik muddati sakkiz yoki to‘qqiz yil davom etishini aytib, hazillashdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Amerika kemalariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozida savdo kemalarini kuzatib borishga to‘sqinlik qilgan taqdirda, ushbu mamlakatni yo‘q qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda u «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Trampga ko‘ra, agar Eron «Ozodlik loyihasi» (Project Liberty) operatsiyasida ishtirok etayotgan AQSH kemalariga hujum qilsa, u «yer yuzidan supurib tashlanadi».
«Bizda qurol va o‘q-dorilar ilgarigidan ko‘ra ko‘proq va ancha yuqori darajada. Bizda eng yaxshi uskunalar bor. Butun dunyo bo‘ylab bazalarimiz va ularda to‘liq butlangan texnikamiz mavjud. Agar kerak bo‘lsa, biz ularning barchasidan foydalanamiz», — deb bayonot berdi AQSH prezidenti.
Ushbu tahdidlar fonida AQSH Markaziy qo‘mondonligi operatsiya doirasida qo‘shimcha esminetslar, samolyotlar va 15 ming harbiy xizmatchi safarbar etilganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Oq uy rahbari kichik biznes vakillari bilan uchrashuv chog‘ida o‘z lavozimini tark etish muddati haqida hazil qildi. Tramp ma’muriyat tomonidan biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida gapirar ekan, ushbu imkoniyatlardan kelajakda o‘zi ham foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.
«Men lavozimimni tark etganimda — aytaylik, sakkiz yoki to‘qqiz yildan keyin — men bundan foydalana olaman», — dedi u. Uchrashuv Oq uyning rasmiy «YouTube» kanali orqali translyatsiya qilindi.
Ma’lumot uchun, AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatishga muvofiq, bir shaxs ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi taqiqlangan. Tramp avvalroq 2028 yilgi saylovlarda respublikachilar partiyasidan Jey Di Vens va Marko Rubio kabi istiqbolli nomzodlar borligini qayd etgan edi.





