Logo

«UzAuto Motors» kuzatuv kengashida «General Motors»ga oid shaxslar ko‘paytirildi

Kecha 17:503 daqiqa

Kompaniyaning kuzatuv kengashidan olti nafar a’zo chiqarildi. Ularning o‘rniga kelganlar orasida GM tizimida o‘n yillab ishlagan uchta braziliyalik top-menejer bor. Yana uch nafar a’zo esa qayta saylandi.

«UzAuto Motors» kuzatuv kengashida «General Motors»ga oid shaxslar ko‘paytirildi © wikipedia

12-noyabr kuni  «UzAuto Motors» aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida kompaniya kuzatuv kengashi tarkibi yangilandi. Oldingi tarkibdan 3 nafar a’zo qayta saylandi, 6 nafari esa chiqarildi.

Kengashning yangi tarkibi quyidagicha tasdiqlandi:

1. Ilhomjon Tog‘ayev — «UzAuto PV» MCHJ xodimi;

2. Saidazim Gulyamov — «UzAuto Motors Powertrain» AJ boshqaruvchi direktori;

3. Olimjon To‘ychiyev — Turin politexnika universiteti rektori;

4. Bekzod Yusupov — «UzAuto PV» MCHJ boshqaruvchi direktori;

5. Andrey Dikan — «Autosanoat Invest» MCHJ boshqaruvchi direktori o‘rinbosari;

6. Saidjon Qodirov — «OTP Autosanoat Finance» MCHJ bosh direktori;

7. Serjio Rocha — mustaqil a’zo;

8. Vlamir Jiardini — mustaqil a’zo;

9. Uilyam Bertagni — mustaqil a’zo.

Ilhomjon Tog‘ayev, Saidazim Gulyamov va Olimjon To‘ychiyev kengashga qayta saylandi, qolganlar yangidan tasdiqlandi. Kengashdan Bahrom Axunov, Nozimjon Nabiyev, Qudratjon Baymirzayev, Robert Valter Gayst, Shariq Vali Xon va Filip Kemeron Jonston chiqarildi.

Uch mustaqil a’zo — uchalasi ham GM’dan

Yangi tarkibdagi uchta mustaqil a’zoning barchasi braziliyalik va barchasi «General Motors» tizimida uzoq yillar ishlagan.

Serjio Rocha GM tizimida 1979-yilda ish boshlagan. Keyinchalik kompaniyaning Argentina, Urugvay va Paragvaydagi bo‘linmasida prezident va boshqaruvchi direktor lavozimlarida ishlagan. 2012–2016-yillarda «GM Uzbekistan» va «GM Uzbekistan Powertrain» kompaniyalari kuzatuv kengashlariga rahbarlik qilgan. Ya’ni u O‘zbekiston avtosanoatiga begona emas. 2019–2025-yillarda esa Turkiyaning TOGG elektromobil loyihasida operatsion direktor (COO) bo‘lib ishlagan.

1

Foto: Togg. Suratda o‘ngda — Serjio Rocha.

Vlamir Jiardini ham GM tizimida ishlagan. Uning faoliyati avtomobil ehtiyot qismlari, ta’minot zanjiri, xaridlar va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bog‘liq. LinkedIn profilida «Estra Automotive System Brasil» kompaniyasi bilan aloqasi ko‘rsatilgan. 2010–2012-yillarda Chevrolet Cruze, Cobalt va GMI700 loyihalarida ta’minot zanjiri infratuzilmasini shakllantirishda qatnashgan.

Uilyam Bertagni — avtomobilsozlik muhandisi va xalqaro menejer. U 1983-yildan GM tizimida ishlab, «GM Brazil», GM Korea» va Germaniyaning «Opel» kompaniyalarida turli rahbarlik lavozimlarini egallagan. Chevrolet Meriva va Onix loyihalarida ishtirok etgan, GM kompaniyasining Janubiy Amerikadagi mahsulot muhandisligi bo‘yicha vitse-prezidenti bo‘lgan. 2016-yilda «Opel» kompaniyasining Yevropa bo‘yicha avtomobil muhandisligi vitse-prezidenti va boshqaruv kengashi a’zosi etib tayinlangan.

Ma’lumot uchun, kuzatuv kengashining eski tarkibida «General Motors» kompaniyasining 2 sobiq mutaxassisi bor edi. Yangi tarkibda esa mustaqil a’zolarning uchalasi ham GM bilan bog‘liq.

«UzAuto Motors» yarim yillik hisobotida asosiy boshqaruv xodimlariga to‘langan mukofotlarni alohida ko‘rsatgandi. Unga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida ularga jami 782 ming dollar mukofot to‘langan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «UzAuto Motors» va «UzAuto Powertrain» kompaniyalarini xususiylashtirishga AQSH, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari qiziqish bildirgani ma’lum qilingandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi esa «UzAuto Motors» xususiylashtirilayotganda «General Motors» ustuvor huquqqa ega bo‘lmasligini qayd etgandi.

Teglar

Mavzuga oid