
Yangi mehnat bozori arxitekturasi: texnikumlar tayanchga aylanadi
Prezident kelgusi yil dasturida kasblarni rivojlantirish va mehnat bozori arxitekturasini yangilashni ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratishni belgiladi. Yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda.
Prezident ta’kidlashicha, yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashadi, yana 50 foizi esa yangi malaka va ko‘nikmalarni talab qiladi. Bu jarayonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi va transportda allaqachon kundalik holatga aylangan.
Shu sabab mamlakat mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi kerak. Buning markazida kasbiy ta’lim, ayniqsa texnikumlar turadi.
Yaqinda texnikumlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha besh yillik dastur tasdiqlandi. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, talab yuqori bo‘lgan kasblar uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.
Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi. 2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa barcha hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari va «Kasblar shaharchasi» ish boshlaydi.
Texnikumlar va ish beruvchilar hamkorligi ham kuchaytiriladi. «Dual ta’lim»ni samarali joriy etgan korxonalarga 7 yilgacha 5 mlrd so‘m imtiyozli kredit beriladi, tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball taqdim etiladi. 2026 yildan esa 100 ming texnikum o‘quvchisiga ilk bor stipendiya joriy etiladi.





