«Yolg‘on statistika shu yerda»: o‘rtacha ish haqi va haqiqiy daromad o‘rtasidagi tafovut
O‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi, ammo iqtisodchilar hisob-kitobiga ko‘ra, mediana ish haqi 4,5 mln so‘m. Vaqt.uz rasmiy statistika qanday shakllanishi, mediana nima uchun muhimligi va bu raqam ortida qanday manzara yashiringanini tahlil qildi.

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–iyun oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ilk bor 7 million so‘mlik chegaradan oshdi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda o‘rtacha oylik ish haqi 7 million 91,1 ming so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga yuqori.

Manba: Vaqt.uz
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda o‘rtacha oylik maosh 12 million 13,9 ming so‘mga, ya’ni qariyb 1000 dollarga yetgan. Bu respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb 5 million so‘mga yuqori.
Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati joylashgan bo‘lib, u yerda o‘rtacha ish haqi 8 million 722,7 ming so‘mni tashkil etgan. Keyingi pog‘onalarda Toshkent viloyati hamda sanoati rivojlangan boshqa hududlar o‘rin olgan.
Eng past o‘rtacha ish haqi esa Qashqadaryoda kuzatilgan. Viloyatda o‘rtacha maosh 4 million 864,7 ming so‘mni tashkil etib, bu Toshkent shahridagi ko‘rsatkichdan qariyb 2,5 barobar kam.
Ammo bu ko‘rsatkichlar qanchalik real?
Odamlarning katta qismi ish haqi va daromadi pastligi, yashash xarajatlari esa tez sur’atlarda oshib borayotganidan shikoyat qilayotgan bir paytda, o‘rtacha ish haqining 7 million so‘mdan oshgani ko‘pchilikka haqiqatdan yiroqdek tuyulmoqda. Vaqt.uz bu borada poytaxt aholisining fikrini ham o‘rgangan edi.
Asosiy sabab esa statistikada qo‘llanadigan hisoblash metodologiyasidir. Davlat statistikasi o‘rtacha arifmetik ish haqiни hisoblaydi. Bunda juda yuqori maosh oluvchilar ham, eng kam ish haqi oluvchilar ham birgalikda hisobga olinadi. Natijada yuqori daromadli kichik guruh umumiy ko‘rsatkichni sezilarli darajada yuqoriga tortadi.
Buni oddiy misol bilan tushuntirish mumkin. Agar bir kishi har kuni faqat kartoshka yesa, ikkinchisi esa doim go‘sht iste’mol qilsa, statistikaga ko‘ra ular o‘rtacha qozonkabob yegan bo‘lib chiqadi. Rasmiy hisob-kitob to‘g‘ri bo‘lsa-da, u har ikki insonning haqiqiy turmush darajasini aks ettirmaydi.
Shu sababli iqtisodchilar mehnat bozorini baholashda o‘rtacha ish haqi bilan bir qatorda mediana ish haqi ko‘rsatkichini ham e’lon qilish zarurligini ta’kidlab keladi.
Statistikada hamma ishchilar hisobga olinadimi?
Masalaning yana bir muhim tomoni statistik ma’lumotlarning shakllantirilish usulidir. Ma’lum qilinishicha, choraklik statistikada kichik korxonalar, mikrofirmalar hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarida ishlayotgan xodimlarning ish haqlari hisobga olinmaydi. Chunki bu subyektlar hisobotni yilda bir marta topshiradi. Bu esa choraklik e’lon qilinadigan o‘rtacha ish haqining amaldagi vaziyatdan yuqoriroq shakllanishiga olib keladi.
Masalan, 2025-yilning to‘rtinchi choragida rasmiy o‘rtacha ish haqi 6,4 mln so‘m bo‘lgan. Ammo kichik korxonalar, mikrofirmalar va qishloq xo‘jaligi xodimlari ham hisobga qo‘shilganda o‘rtacha ko‘rsatkich 5,2 mln so‘mni tashkil etgan. Ya’ni farq 23 foizga yetgan.
Toshkent butun respublika ko‘rsatkichini yuqoriga tortmoqda
O‘rtacha ish haqining yuqori chiqishiga ta’sir qilayotgan yana bir muhim omil — Toshkent shahrining iqtisodiyotdagi ulushidir.
2026-yilning birinchi yarim yilligida poytaxtda o‘rtacha ish haqi 12 mln so‘m, Qashqadaryoda esa 4,9 mln so‘m bo‘lgan. Bu degani, o‘rtacha qashqadaryolik o‘rtacha toshkentlikka nisbatan qariyb 2,5 barobar kam maosh olmoqda.
So‘nggi yillarda bank-moliya, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan boshqa sohalarda ish haqlari ayniqsa tez o‘sdi. Bu tarmoqlarning asosiy qismi esa Toshkentda joylashgan. Natijada poytaxtdagi yuqori maoshlar butun respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichni sezilarli darajada yuqoriga tortmoqda.
Toshkent hisobdan chiqarilsa nima bo‘ladi?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev viloyatlar kesimidagi bandlik ma’lumotlari asosida Toshkent shahrini hisobdan chiqarib, alohida hisob-kitob qilgan. Natijaga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Toshkentsiz hisoblangan o‘rtacha ish haqi 5,7 mln so‘mni tashkil etgan. Bu rasmiy e’lon qilingan 7,1 mln so‘mlik ko‘rsatkichdan qariyb 1,4 mln so‘m yoki 23 foiz past.

Manba: Mirkonomika
Shuningdek, respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 18,4 foizga oshgan bo‘lsa, Toshkent hisobga olinmagan holatda o‘sish 17,1 foizni tashkil etgan. Bu boshqa hududlarda ish haqlari poytaxtdagidan ko‘ra sekinroq o‘sganini ko‘rsatadi.
Tahlilga ko‘ra, Toshkent hisobga olingan va olinmagan o‘rtacha ish haqi o‘rtasidagi tafovut yildan yilga kengayib bormoqda.
Agar 2017-yilda bu farq atigi 6,6 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilning ikkinchi choragiga kelib 23 foizga yetgan. Bu esa poytaxtdagi yuqori daromadlarning respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga ta’siri yil sayin kuchayib borayotganini anglatadi.
O‘rtacha emas, mediana muhimroq bo‘lishi kerak
Ko‘plab iqtisodchilar mehnat bozorini baholashda faqat o‘rtacha ish haqiga tayanish yetarli emasligini ta’kidlaydi. Buning o‘rniga mediana ish haqi ko‘rsatkichidan foydalanish tavsiya etiladi.
Mediana ish haqi — barcha ish haqlari eng pastidan eng yuqorisigacha tartiblanganda, aynan o‘rtada joylashgan xodimning ish haqidir. Ya’ni ishlovchilarning 50 foizi ushbu miqdordan kam, qolgan 50 foizi esa undan ko‘p maosh oladi.
Medianaga juda yuqori yoki juda past ish haqlari deyarli ta’sir qilmaydi. Shu bois u aholining katta qismi amalda qancha maosh olayotganini o‘rtacha arifmetik ko‘rsatkichga qaraganda ancha aniqroq aks ettiradi.
Masalan, besh nafar xodimning oylik maoshi 3 mln, 4 mln, 5 mln, 6 mln va 20 mln so‘m bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi 7,6 mln so‘mni tashkil etadi. Ammo mediana 5 mln so‘m bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, 20 million so‘m maosh olayotgan bitta xodim o‘rtacha ko‘rsatkichni keskin oshirib yuborgan bo‘lsa-da, mediana aksariyat xodimlarning real daromadiga yaqinroq natijani beradi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham «Avval iqtisod» dasturida O‘zbekistonda mehnat bozori bo‘yicha o‘rtacha ish haqi emas, mediana ish haqi asosiy ko‘rsatkichlardan biriga aylanishi kerakligini ta’kidlagan.
«O‘rtacha daromad va o‘rtacha oylik ish haqi degan narsa bor. Yolg‘on statistika shu yerda. Biz mediana haqida gaplashishimiz kerak. O‘rtacha ish haqi 18 foizga oshdi deyilyapti, lekin mediana qanday o‘zgaryapti? Aynan kam daromad oladigan o‘qituvchilar, oddiy mehnatkashlar, talabalar daromadi qanday o‘zgaryapti?» — deydi u.
Bakirovning ta’kidlashicha, bugungi hisob-kitoblarda yuqori lavozimli amaldorlar yoki katta maosh oladigan rahbarlarning daromadlari chekka hududlardagi past maoshlar bilan birgalikda hisoblanmoqda.
«Vazirlarning 150 million so‘mlik oyligi bilan chekka hududdagi 1,5 million so‘m oylik qo‘shilib ketyapti. Mana shu narsa hisobga olinmayapti», — deydi iqtisodchi.
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda mehnat bozori faqat o‘rtacha ish haqi orqali baholanmaydi. Ular allaqachon mediana asosidagi hisob-kitoblardan ham foydalanib kelmoqda. AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida rasmiy statistika organlari o‘rtacha ko‘rsatkich bilan bir qatorda mediana ish haqini ham e’lon qiladi. Sababi, mediana daromadlar taqsimotini aniqroq aks ettiradi va aholining katta qismi olayotgan haqiqiy ish haqi haqida to‘liqroq tasavvur beradi.
O‘zbekistonda mediana ish haqi qancha?

Manba: Mirkonomika
O‘zbekistonda mediana ish haqi bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilinmaydi. Shunga qaramay, Mirkomil Xolboyev tumanlar kesimidagi ma’lumotlar asosida hisob-kitob qilgan. Unga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida mediana ish haqi 4,5 mln so‘mni tashkil etgan. Bu rasmiy o‘rtacha ish haqidan 36 foiz past.
Taqqoslash uchun, 2019-yilda o‘rtacha va mediana ish haqi o‘rtasidagi tafovut 19 foiz bo‘lgan. Demak, so‘nggi yillarda daromadlar o‘rtasidagi tafovut yanada kengaygan.
Hududlar o‘rtasidagi farq ham katta

Manba: Mirkonomika
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, ish haqi nafaqat hududlar bo‘yicha, balki uning o‘sish sur’atlarida ham katta farq bor.
2026-yilning birinchi yarim yilligida respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 7 million so‘mdan oshgan bo‘lsa-da, ayrim tuman va shaharlarda maoshlar bir-biridan bir necha barobar farq qiladi. Masalan, o‘rtacha ish haqi eng yuqori bo‘lgan Yunusobod tumanida maoshlar Oltinsoy tumaniga qaraganda 4,4 barobar yuqori.
Ish haqi eng tez oshgan hudud Tomdi tumani bo‘ldi. Bu yerda o‘rtacha maosh bir yil ichida 80,9 foizga ko‘paygan. Shuningdek, Mo‘ynoq (57,4 foiz), Piskent tumani (51,7 foiz) va Xiva shahrida (49,9 foiz) ham maoshlar keskin oshgan.
Biroq hamma joyda ham bunday emas. Masalan, So‘x tumanida o‘rtacha ish haqi o‘tgan yilga nisbatan 4,7 foizga kamaygan. Mirkomil Xolboyev hisob-kitobiga ko‘ra, inflatsiya ham inobatga olinsa, u yerda real ish haqi qariyb 10 foizga qisqargan. Ohangaron, Buvayda, Yangiyer va Olotda esa maoshlar inflatsiyadan ham sekinroq o‘sgan.
Ya’ni respublika bo‘yicha e’lon qilinayotgan o‘rtacha ish haqi hamma hududdagi vaziyatni bir xil aks ettirmaydi. Ayrim joylarda maoshlar tez o‘sgan bo‘lsa, boshqalarida o‘sish juda sust, hatto ayrim hududlarda real daromad kamaygan.
7 million so‘mlik o‘rtacha ish haqi — bu rasmiy statistika. Ammo u O‘zbekistondagi millionlab xodimlarning qancha maosh olayotganiga javob bermaydi. Aksincha, yuqori maosh oladigan oz sonli guruh, katta amaldorlar oyligi va Toshkent shahrining salmog‘i umumiy ko‘rsatkichni sezilarli darajada yuqoriga tortmoqda. Natijada statistikadagi «o‘rtacha» bilan odamlar his qilayotgan «haqiqiy» daromad o‘rtasidagi tafovut tobora kattalashmoqda.
Shu bois o‘rtacha ish haqining o‘zi mehnat bozori haqida to‘liq tasavvur bera olmaydi. Agar davlat aholi daromadlarini xolis baholashni maqsad qilgan bo‘lsa, mediana ish haqini ham rasmiy statistikaga kiritish va uni muntazam e’lon qilish vaqti keldi. Aynan mediana o‘qituvchi, shifokor, zavod ishchisi yoki oddiy xizmatchining haqiqiy daromadi qanchalik o‘zgarayotganini ko‘rsatib bera oladi.
Statistikadan maqsad chiroyli raqamlarni e’lon qilish emas, balki iqtisodiyotdagi real holatni aks ettirishdir. O‘rtacha ish haqi muhim ko‘rsatkich bo‘lib qolaveradi, biroq u mediana ish haqi bilan to‘ldirilmaguncha, mehnat bozori va aholi daromadlari haqidagi manzara xiralashaveradi.

