«Nyew Port»da yana qonunbuzilishi: majmuaning 6 ta blokida noqonuniy qurilish olib borilgan
Avvalroq ushbu majmuada uylar o‘zboshimchalik bilan buzilgani va to‘rtta ko‘p qavatli turarjoy binosi tegishli ruxsatnomasiz qurilgani ma’lum qilingandi.
© Ijtimoiy tarmoqlarToshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan «Nyew Port» turarjoy majmuasidagi 9 ta blokning 6 tasida qurilish-montaj ishlari belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan amalga oshirilgan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qildi.
Inspeksiya «Mega Logistics Service» MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlari yuzasidan nazorat organlari, jumladan, inspeksiya yetarli e’tibor qaratmagani haqidagi muhokamalar ortidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha izoh berdi.
Nazorat natijalariga ko‘ra, qurilayotgan 9 ta blokdan faqat 3 tasi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi, ekspertiza xulosasi hamda Toshkent shahar hududiy nazorat qilish inspeksiyasida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatlarga ega ekani aniqlangan.
Bir necha marta ogohlantirilgan
Inspeksiya ma’lum qilishicha, qolgan 6 ta blokda qurilish ishlari tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan davom ettirilgan.
Shu munosabat bilan buyurtmachi — «Mega Logistics Service» MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar kiritilgan. Ularda qurilish ishlarini shaharsozlik hujjatlari asosida tashkil etish va obyektlarni inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilingan.
Biroq mazkur talablar bajarilmagani sababli kompaniyaning mas’ul mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan ham ta’sir choralari qo‘llanilgan. Inspeksiya to‘plangan materiallarni huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborganini bildirdi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Inspeksiya ta’kidlashicha, obyektda aniqlangan qonunbuzilishlar e’tiborsiz qoldirilmagan va ular yuzasidan vakolat doirasida barcha zarur nazorat hamda huquqiy choralar ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar prokuraturasi ushbu majmuada tegishli ruxsatnomalarsiz bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta 2 qavatli turar joy binolari o‘zboshimchalik bilan qurilganini ma’lum qilgan edi. Ushbu holatlar yuzasidan «Mega Logistics Service» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





