Putin To‘qayevga Ukraina urushining kelib chiqish sabablarini batafsil tushuntirib berdi
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni dengiz va quruqlikdagi front chizig‘i bo‘ylab muzlatish hamda muzokaralarga qaytish taklifini ilgari surgan edi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 25-iyul kuni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi urushni muzlatish va muzokaralar stoliga qaytish taklifini ilgari surdi. Bu suhbat keng shov-shuvga sabab bo‘ldi: birinchi marta Kremlning bunday yaqin ittifoqchisi nafaqat qon to‘kilishini to‘xtatishga chaqirdi, balki mojaroning asl sabablari tushunarsiz ekanini ham ochiq ta’kidladi.
«Balki bu mojaroni allaqachon muzlatib, "Istanbul formulasi 2.0"ga qaytish kerakdir, chunki o‘shanda sezilarli natijalarga erishilgan edi. Va, albatta, buyuk davlatlar, jumladan, Rossiya kafolati ostida uzoq kutilgan tinchlik sari harakat qilish lozim», — dedi To‘qayev.

«The New York Times» (NYT) nashrining yozishicha, «Istanbul formulasi 2.0» loyihasi 2025-yilning may-iyul oylarida Turkiyada bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida kelishib olingan.
Mazkur hujjat mojaroni dengiz va quruqlikdagi joriy front chizig‘i bo‘ylab muzlatish, harbiy asirlarni «barchani barchaga» formatida almashish, shuningdek, 2040-yilgacha Ukrainaning hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, loyihada Moskva Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishiga rozi bo‘lishi hamda bahsli hududlarda xalqaro nazorat ostida referendumlar o‘tkazilishi ham belgilangan edi.
Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning asl mohiyati «ko‘pchilik, jumladan, biz uchun ham tushunarsiz», deb ta’kidladi. Amalda To‘qayev Kremlning Ukrainaga bostirib kirish yuzasidan keltirgan vajlari yetarli emasligiga ishora qildi.
To‘qayev Moskva va Kiyev o‘rtasidagi urushni Ozarboyjon va Armaniston mojarosiga qiyoslar ekan: «Ular o‘rtasidagi ziddiyatning mohiyati va kelib chiqishi biz uchun mutlaqo aniq edi, chunki bu muammo tarixning chuqur tomirlariga borib taqaladi», — deya oydinlik kiritdi.
«Ammo bu yerdagi [Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi] vaziyatni tushunish juda qiyin», — deb ta’kidladi Qozog‘iston rahbari.
To‘qayevning qayd etishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi «mojaroli vaziyat» yuzasidan unga AQSH va Yevropadan «ko‘plab signallar» kelmoqda. Qozog‘iston rahbari bu haqda Putinni «xabardor qilganini» aytdi. Katta ehtimol bilan, To‘qayev bu signallarni 23–24-iyun kunlari Brusselga qilgan tashrifi chog‘ida, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda olgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, To‘qayev Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachi bo‘lishdan bosh tortdi. Uning fikricha, «Rossiya xalqi kun tartibida turgan barcha masalalarni hech qanday vositachilarsiz o‘zi mustaqil hal qiladi».
To‘qayevning pozitsiyasi o‘zgarganmi?
E’tiborli jihati shundaki, aslida To‘qayev hech qanday yangi gap aytgani yo‘q. Qozog‘iston prezidentining Ukraina masalasidagi pozitsiyasi urush boshlanganidan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda: betaraflik va tomonlarni muzokaralarga chorlash. Hatto 2022-yil 1-mart kuni — Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan bor-yo‘g‘i to‘rt kun o‘tib ham, To‘qayev Moskva va Kiyevni diplomatik yo‘lga qaytishga chaqirgan edi.
«Yomon tinchlik yaxshi urushdan afzalroq. Tinchliksiz taraqqiyot bo‘lmaydi», — deya ta’kidlagan edi o‘shanda prezident.

O‘sha chiqishida To‘qayev Ostona urushayotgan tomonlar o‘rtasida vositachilik qilishga tayyor ekanini ham bildirgan.
Qozog‘iston rahbari Moskva olib borayotgan siyosatga ochiqchasiga qo‘shilmasligini birinchi marta namoyish etayotgani yo‘q. Xususan, 2022-yilgi Peterburg iqtisodiy forumida, Vladimir Putinning ko‘z o‘ngida To‘qayev Qozog‘iston «DNR» va «LNR»ni tan olmasligini ma’lum qilib, ularni «kvazidavlat (soxta davlat) tuzilmalari» deb atagan edi.
Ammo bu To‘qayev Kiyevni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi, degani emas. 2025-yil 3-yanvar kuni «Ana tіlі» gazetasiga bergan intervyusida Qozog‘iston rahbari: «Rossiya harbiy jihatdan yengilmas davlat, Ukraina esa G‘arbdagi ittifoqchilari ko‘magida dosh berishga, kamida mag‘lubiyatga uchramaslikka umid qilmoqda», — degan edi.
Rossiya bunga qanday munosabat bildirdi?
Rossiya prezidenti To‘qayevning so‘zlarini tinglab, uni Ukraina atrofidagi vaziyat bilan alohida tanishtirishga va’da berdi. Biroq ommaviy matbuot anjumanida bu mavzuga umuman to‘xtalib o‘tmadi.
Uning o‘rniga rasmiy munosabatni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning hozirgi pozitsiyasida mojaroni «muzlatishning o‘zi mutlaqo imkonsiz».
«Biz uchun asosiy shart — o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishishdir», — deya qo‘shimcha qildi Kreml vakili.
Peskov To‘qayevning shaxsi haqida esa hurmat bilan fikr bildirdi.
«U Ukraina masalasida bir necha bor o‘z fikrini bildirgan. Uning pozitsiyasi izchil. Bu biz rozimiz degani emas. Ammo Qozog‘iston — bizning eng yaqin hamkorimiz va ittifoqchimizdir», — deya ta’kidladi rasmiy.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Putin o‘sha kunning o‘zidayoq To‘qayevga urushning kelib chiqish sabablarini Rossiya nuqtai nazaridan kelib, chiqib batafsil tushuntirib bergan. Harbiy harakatlarni to‘xtatish shartlarini esa Moskva bundan ikki yil avval Tashqi ishlar vazirligi orqali aniq belgilab bergan edi. Peskovning ta’kidlashicha, «agar Kiyev rejimi (RF rasmiylari Ukraina hukumatini shunday ataydi) tegishli qarorlarni qabul qilsa, bu urush bugunning o‘zidayoq yakunlanishi mumkin».
Shu bilan birga, Qozog‘iston yetakchisi bilan o‘tgan uchrashuv Putinning Ukraina masalasidagi keskin ritorikasini yumshatishiga sabab bo‘lmadi. 26-iyul kuni rossiyalik harbiy dengizchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya prezidenti yana bir qator keskin bayonotlar berib, kelajakda Ukraina o‘zining g‘arbiy viloyatlaridan mahrum bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Uning da’vosicha, Polsha, Vengriya va Ruminiya Ukraina hududlarini tortib olish niyatida.

Ukraina bunga qanday munosabat bildirdi?
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya va Qozog‘iston muzokaralaridan so‘ng, Putin urushni to‘xtatishdan manfaatdor emas, degan fikrni bildirdi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday yozdi: «Biz prezident To‘qayevdan minnatdormiz: u Putinga urushni to‘xtatish vaqti kelganini ochiq aytdi. Bu haqqoniy, o‘z vaqtida aytilgan va dono so‘zlardir».
Vazirning eslatib o‘tishicha, Kiyev ham harbiy harakatlarni joriy front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatib, diplomatik muzokaralarga o‘tishni taklif qilgan edi, ammo «Kreml tinchlik sari yetaklovchi bu aniq yo‘lni rad etmoqda».
Keyinroq Sibiga yana shunday qo‘shimcha qildi: «Putinning matbuot kotibi Qozog‘iston prezidentining taklifini ham rad etdi. Bundan bitta xulosa kelib chiqadi: Moskva tinchlik bo‘yicha real takliflarga ko‘nishi uchun unga yanada kuchliroq bosim o‘tkazish zarur».

Kreml vakillari esa tinchlik jarayonini aynan Ukraina paysalga solayotganini ta’kidlamoqda. 23-iyul kuni Dmitriy Peskov Rossiya «muzokaralar uchun ochiq» ekanini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga umuman moyil emas.
Nega To‘qayev aynan hozir bu haqda gapirdi?
To‘qayevning o‘zi Putinga buning sabablaridan birini tushuntirarkan, mojaro yuzasidan unga «Yevropa va Amerikadan ko‘plab signallar» kelayotganini aytdi. Qozog‘istonlik siyosatshunos Talgat Kaliyev «TRT» telekanali bilan suhbatda To‘qayevning bu bayonoti ortida tashqi bosim turganini ta’kidladi.
«Bu, shubhasiz, xorijiy hamkasblardan, birinchi navbatda AQSH va Yevropa Ittifoqidan kelayotgan signallar bilan bog‘liq. Yaqinda Amerika kompaniyasiga zarar yetkazgan hujum ham o‘z rolini o‘ynagan bo‘lsa ajab emas», — dedi ekspert.
Gap shundaki, yaqinda Ukraina dronlari Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) infratuzilmasiga zarba bergan edi. Bu — Qozog‘iston neftini G‘arbiy Yevropaga eksport qiluvchi asosiy yo‘nalishdir. 19-iyul kuni Ukraina dronlari KQKning Novorossiyskdagi dengiz terminaliga hujum qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, zarba nishoni sifatida Qozog‘iston neftini tashiyotgan ikkita dengiz tankeri — «ASIA» va «NISSOS IOS» tanlangan.
KQK orqali Amerikaning «Chevron» kompaniyasi ham faoliyat yuritadi. U Qozog‘istondagi eng yirik konlardan biri — Tengiz konining 50 foiz ulushiga ega.

Mazkur kon «Chevron»ning global ta’minot zanjirida o‘ta muhim o‘rin tutadi: kompaniya dunyo bo‘ylab qazib oladigan jami neftning taxminan 12 foizi aynan shu kon hissasiga to‘g‘ri keladi. «The Wall Street Journal» (WSJ) nashrining yozishicha, aynan shu sababli kompaniya rahbari Mayk Virt shaxsan prezident Donald Trampdan Kiyevga ta’sir o‘tkazishni so‘ragan. Nashr manbalariga ko‘ra, bu suhbatdan ko‘p o‘tmay, AQSH Ukrainadan uchinchi mamlakatlar, xususan, Qozog‘istonning neft tankerlariga hujum qilmaslikni so‘ragan.
«Tramp ma’muriyati KQKni Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan energiya resurslarini Yevropa bozorlariga tashishning eng muhim yo‘li, Rossiya energiya resurslariga muqobil vosita sifatida ko‘radi», — deya ta’kidlagan Oq uyning yuqori lavozimli vakili WSJ nashriga.

Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Anton Geraenko esa To‘qayevning bu bayonoti ortida Xitoy yetakchisi Si Jinpingning iltimosi yotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surdi. Biroq bu faraz hozircha rasmiy tasdig‘ini topgani yo‘q.
May oyida «Financial Times» (FT) nashri Si Jinpingning Tramp bilan uchrashuvi haqida maqola e’lon qilib, unda go‘yoki Xitoy yetakchisi Rossiya prezidenti «oxir-oqibat Ukrainaga bostirib kirish qaroridan pushaymon bo‘lishi mumkinligini» aytgani haqida yozgan edi. Keyinchalik Vashington ham, Pekin ham bu ma’lumotni rad etdi.





