AQSH Rossiya va Xitoy uchun yangi yadroviy strategiya tayyorlamoqda
Pentagon AQSHning yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqmoqda. Yangi strategiyada Rossiya yoki Xitoy bilan ehtimoliy mojarolarda taktik yadroviy qurollarni qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan.
© Foto: wikimediaAQSH Mudofaa vazirligining siyosiy boshqaruvi rahbari Elbridj Kolbi mamlakatning yangi yadroviy strategiyasini tayyorlamoqda. «NBC News» ma’lumotiga ko‘ra, hujjatda Rossiya yoki Xitoy bilan ehtimoliy mintaqaviy urush yuzaga kelganda qisqa masofali taktik yadroviy qurollardan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Nashrning yozishicha, rejalardan xabardor besh nafar manba mazkur hujjat AQSHning so‘nggi o‘n yilliklarda amal qilib kelgan yadroviy yondashuvini qayta ko‘rib chiqishini bildirgan.
Elbridj Kolbi 5-avgust Nebraska shtatidagi yopiq harbiy tadbirda ishtirok etib, AQSHning yadroviy kuchlari uchun mas’ul bo‘lgan Strategik qo‘mondonlik vakillariga o‘z qarashlarini taqdim etishi aytilgan.
Yangi yondashuv
Qayd etilishicha, hozirgi AQSH yadroviy strategiyasi raqib davlatning butun yadroviy salohiyatiga ommaviy zarba berish tahdidiga asoslangan. Harbiy strateglar bu konsepsiyani «zararni cheklash» deb ataydi.
Kolbining fikricha esa, Vashingtonning raqiblari AQSH dushman arsenalini yo‘q qilish uchun uzoq masofaga uchuvchi strategik raketalarni chindan ham ishga tushirishiga shunchaki ishonmaydi.
