Eron va Ukraina o‘rtasida urush boshlanishi mumkin
Kiyev Rossiya logistikasining bir qismi deb hisoblagan kemaga hujum qildi, Tehron esa buni o‘z suverenitetiga tahdid sifatida qabul qildi. Oqibatda, har ikki tomon mutlaqo istamagan yangi mojaro kelib chiqish xavfi paydo bo‘ldi.
© Foto: TRT RussianKutilmaganda paydo bo‘ladigan mojaroning xavfi doim yuqori bo‘ladi. Ukraina dronining Kaspiy dengizidagi Eron kemasiga bergan zarbasi aynan shunday vaziyatni yuzaga keltirdi. Aslida Kiyev Rossiyaning ta’minot tizimini nishonga olgan edi. Tehron esa bu holatni Eron suverenitetiga qilingan tajovuz sifatida baholamoqda.
Ko‘rinishidan, tomonlarning hech biri bunday qarama-qarshilikni istamagan, shu sababli ham mazkur insidentga jiddiy qarash lozim. Ongli ravishda boshlangan urushlarni boshqarish mumkin. Biroq uchinchi tomonning mojarosi ortidan tasodifan kelib chiqadigan urushlar avj olgach, ularni nazorat qilish juda qiyinlashadi.
Voqeaning asosiy tafsilotlari yuzasidan tomonlar o‘rtasida jiddiy bahslar yo‘q. Eronning ma’lum qilishicha, zarba oqibatida bir dengizchi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi jarohatlangan va bitta savdo kemasiga shikast yetgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bu holat «javobsiz qolishi mumkin emas»ligini aytdi. Tehron esa sodir bo‘lgan voqea yuzasidan rasmiy norozilik bildirish uchun Ukrainaning yuqori martabali diplomatini chaqirtirdi.
Ukraina tomoniga ko‘ra, zarbaga uchragan nishon Rossiya harbiy mashinasiga xizmat qiluvchi logistika tarmog‘ining bir qismi bo‘lgan va Kiyev Eron fuqarolariga zarar yetkazishni aslo хоҳлaмagaн. Shundan so‘ng ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Kiyev ikkinchi front ochilishini istamasligini tushuntirdi. Bu suhbat vaziyat keskinligini biroz yumshatgan bo‘lsa-da, muammoning asl sabablarini bartaraf etgani yo‘q.
Muammoning mohiyati shundaki, Eron yillar davomida Rossiyani qurollantirib kelmoqda, Ukraina esa o‘zi uchun qonuniy harbiy nishonlar qamrovini borgan sari kengaytirmoqda. Endi Kiyev Rossiya harbiy texnikasi va ushbu texnikaga ehtiyot qismlar tashuvchi xorijiy dengiz yo‘nalishlari, ishlab chiqarishdagi hamkorlar hamda ikki xil maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni yetkazib beruvchilar o‘rtasida aniq chegara tortmayapti.
Kaspiy dengizidagi zarba yagona holat emas. Bu voqea shundan dalolat beradiki, Ukraina endi Rossiya armiyasining ta’minot tizimini — qaysi bayroq ostida harakat qilishi va kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar — jang maydonining bir qismi sifatida ko‘rmoqda. Agar bu zarbaga aynan shu nuqtai nazardan qaralsa, Eronning reaksiyasi ancha tushunarli bo‘ladi. Xuddi shuningdek, «bundan keyin nima bo‘ladi?» degan savolning javobi ham oydinlashadi.
Eng ehtimoliy ssenariy — Tehron va Kiyev o‘rtasida ochiq urush e’lon qilimaydi. Aksincha, bu unchalik ko‘zga tashlanmaydigan, ammo uzoqroq davom etadigan jarayonga aylanishi mumkin: ya’ni, tomonlar o‘z ishtirokini inkor etishga asoslangan yashirin qasos kampaniyasini boshlashi hech gap emas.
Tehron dilemmasi
Eron bir vaqtning o‘zida ikki xil qarama-qarshi tanlov o‘rtasida qolmoqda. Ayniqsa, eronlik dengizchining o‘limi javobsiz qolmasligi haqidagi bayonotdan so‘ng, Tehron o‘zining tiyib turuvchi kuchini saqlab qolish maqsadida bunga yetarlicha keskin javob qaytarishi shart. Shu bilan birga, AQSH va Isroil bilan davom etayotgan ziddiyatlar oqibatlarini yumshatishga hamda qo‘shnilari bilan munosabatlarni izga solishga urinayotgan bir paytda, Eronning Yevropa frontini ochishdan qochishi uchun asosli sabablari bor.
Eronning Kiyevga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raketa zarbasi yo‘llashi Tehronga aslida nima beradi? Bu, shubhasiz, kuchli rezonans uyg‘otadi. Biroq bunday hujumning siyosiy va iqtisodiy tovoni uning axborot maydonidagi effektidan ancha og‘irroq bo‘lishi tayin.
Bunday qadam Eronni Rossiyaga yashirincha qurol yetkazib beruvchi davlatdan Yevropa urushining ochiq ishtirokchisiga aylantiradi — bu esa mutlaqo boshqa huquqiy va siyosiy maqomdir. O‘z navbatida, bu omil Ukraina hukumati uchun G‘arb davlatlaridan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari va uzoq masofaga uchuvchi qurollar so‘rashi uchun eng asosli dalilga aylanadi.
Oqibatda Eronga qarshi Yevropaning yangi sanksiyalari joriy etilishi muqarrar bo‘lib qoladi. Qolaversa, bu Tehron yillar davomida oldini olishga urinib kelayotgan hodisa — Ukraina va Isroil o‘rtasidagi razvedka hamkorligini yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.
Mavjud vaziyatni hisobga olsak, Eron uchun eng oqilona qadam — raqibga real zarar yetkazish barobarida, aniq signal beruvchi, lekin ayni paytda o‘z ishtirokini rad etish imkonini qoldiruvchi yashirin javob zarbasi bo‘ladi.
Bu borada uchta real ssenariy mavjud:
Birinchi ssenariy: Ukraina hududidan tashqarida — katta ehtimol bilan, Eron ta’siri yuqori va mahalliy xavfsizlik tizimlari zaif bo‘lgan uchinchi davlatlarda Ukraina fuqarolari, kemalari yoki mudofaa manfaatlariga qarshi yashirin operatsiyalar o‘tkazish.
Ikkinchi ssenariy: Ukraina davlat tizimlari, energetika infratuzilmasi, banklar, OAV yoki mudofaa korxonalariga uyushtiriladigan kiberhujumlar. Bu hujumlar Tehronning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyrug‘i bilan emas, balki unga bilvosita aloqador bo‘lgan xakerlik guruhlari orqali amalga oshiriladi. Kiberoperatsiyalar Eronga raketa zarbasi kabi ochiq «qizil chiziq»ni kesib o‘tmagan holda javob qaytarish imkonini beradi.
Uchinchi ssenariy (eng ehtimoliy): Bu taxmin eng e’tiborga loyiq. Tehron Rossiyaga ko‘rsatayotgan hozirgi harbiy yordamini shunchaki kengaytirishi mumkin. Xususan, takomillashtirilgan dronlar, raketa qismlari, nishonni aniqlovchi razvedka ma’lumotlari va radioelektron kurash (REK) tizimlarini yetkazib berishni ko‘paytiradi. Shuningdek, o‘z texnik maslahatchilarini front chizig‘iga yaqinroq joylashtirishi ham mumkin.
Ushbu ssenariyda Eronning Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilishiga umuman hojat qolmaydi. Shunchaki Rossiyaning Ukrainaga zarba berish salohiyatini kuchaytirib berishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Bunday qasos usuli oylab davom etishi, Kiyevga juda katta real zarar yetkazishi va shu bilan birga, ochiq urush e’lon qilishga majbur qiladigan chegarani bir marta ham bosib o‘tmasligi bilan Tehron uchun eng qulay variantdir.
Rossiya — keskinlikni kuchaytiruvchi omil
Aksariyat ekspertlarning fikricha, aynan Rossiya Eronning cheklangan javobini ancha keng ko‘lamli harakatlarga aylantirib yuborish imkoniga ega. Buning sababini tushunish esa juda muhim.
2025 yilning boshida Moskva va Tehron o‘zaro harbiy, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni yanada chuqurlashtiruvchi Keng qamrovli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. To‘g‘ri, bu o‘zaro mudofaa pakti emas, ammo hujjat tomonlarning biriga hujum qilgan tajovuzkorga yordam bermaslik majburiyatini yuklaydi. Bu esa ayni hozirgidek vaziyatda talab qilinishi mumkin bo‘lgan o‘zaro muvofiqlashuv uchun institutsional asos yaratadi.
Aslida, mazkur inqirozdan manfaat ko‘rish uchun Rossiyaning Eron nomidan harakat qilishiga umuman hojat yo‘q. Shunchaki yashirincha ko‘maklashishning o‘zi kifoya: Ukrainadagi nishonlar haqida razvedka ma’lumotlarini uzatish, Eron qurollarini o‘z logistika tarmoqlari orqali tashish yoki «Ukraina Isroilning proksi-kuchi sifatida harakat qildi» degan Tehron da’volarini axborot maydonida keng targ‘ib qilish shular jumlasidandir.
Tasavvur qiling: Araqchining ogohlantirishidan ko‘p o‘tmay, Eronda ishlab chiqarilgan qismlarga ega raketa yoki dron Ukraina razvedkasi obyektiga zarba berdi. Bu Rossiyaning operatsiyasimi, Eronnikimi yoki hech bir tomon mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamaydigan qo‘shma hujummi? Huquqiy nuqtai nazardan buning javobi yillar davomida mavhum bo‘lib qolishi mumkin. Ammo strategik jihatdan berilgan signal darhol tushunarli bo‘ladi.
Moskva Ukraina e’tiborining chalg‘ishidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaatdor. Kiyevning Eron masalasiga sarflagan har bir soati — Rossiyaga qarshi frontdan yo‘qotilgan vaqt deganidir. Rossiya-Ukraina urushida betaraflikni saqlashga urinib kelgan Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan munosabatlardagi har qanday diplomatik taranglik esa Rossiya uchun o‘zi yaratishi shart bo‘lmagan qo‘shimcha sovg‘adir.
Ukraina bunga haqiqatan ham tayyormi?
Ukrainaning dron operatorlari, razvedka xizmatlari va uzoq masofaga zarba beruvchi bo‘linmalari bugungi kunda dunyodagi eng toblangan jangchilar qatoriga kiradi. Rossiyaning uch yarim yildan buyon davom etayotgan bombardimonlari Kiyevni muhim infratuzilmani tarqoq holda joylashtirishga, o‘t ochish sharoitida yetkazilgan zararni tezkorlik bilan bartaraf etishga va uzluksiz havo hujumlari ostida ham hayotiy muhim tizimlar faoliyatini saqlab qolishga o‘rgatdi.
Bevosita jangovar tajriba nuqtai nazaridan olib qaraganda, Ukraina Eron tahdid qilishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday davlatga nisbatan bunday qarama-qarshilikka yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan.
Biroq Ukraina to‘liq tayyor bo‘lmagan bittagina omil bor — bu Rossiyaga qo‘shimcha ravishda ulkan raketa ishlab chiqarish salohiyatiga ega yana bir raqibning paydo bo‘lishidir.
Hozirning o‘zidayoq Ukrainaga tushayotgan bosim ko‘lamini tushunish muhim. Masalan, Rossiyaning birgina 29-iyuldagi hujumi 70 dan ortiq raketa va 280 ga yaqin dronni o‘z ichiga olgan edi. Ukraina dronlar va qanotli raketalarning aksariyatini urib tushirdi, biroq ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni uchirilgan to‘qqizta ballistik raketaning atigi bittasini yo‘q qila olgan, xolos. Prezident Volodimir Zelenskiy yana bir bor «Patriot» batareyalari va tutib qoluvchi raketalar yetishmayotganiga e’tibor qaratdi hamda bu taqchillik insonlar hayotiga zomin bo‘layotganini ochiq-oydin aytdi.
Eron aynan mana shunday murakkab vaziyatda aralashishi mumkin. Tehronning ishtiroki sezilarli ta’sir ko‘rsatishi uchun uning butunlay yangi front ochishi shart emas. Shundoq ham shaharlar, elektr stansiyalari, harbiy obyektlar va sanoat infratuzilmalarini himoya qilish uchun cheklangan resurslarini amallab taqsimlayotgan HHM tizimiga qo‘shimcha bosim o‘tkazishning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Mojaroning kengroq doirasi
Isroil voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda va bunda passiv tomoshabin bo‘lib qolmaydi. Tel-Aviv va Kiyev Eronning dron va raketa tizimlarini o‘rganishdan allaqachon jiddiy manfaatdor. Eronning Ukrainaga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatlari esa ikki o‘rtada razvedka ma’lumotlari almashinuvini, radioelektron kurash sohasidagi hamkorlikni yoki shu paytgacha ikki mamlakat hukumatlari sir saqlashga urinib kelgan mudofaa texnologiyalarining yashirin uzatilishini yanada jadallashtirishi mumkin.
Eronning Ukraina hududiga ochiqchasiga hujum qilishi AQSHning bundan keyingi vazmin pozitsiyasini siyosiy jihatdan ancha qiyinlashtirib qo‘yadi.
Yevropa hukumatlari, jumladan, Polsha, Ruminiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Eron zarbasini Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgan koalitsiyaning rasman kengaygani isboti sifatida qabul qiladi. Bu esa ularning Kiyev oldidagi majburiyatlarini susaytirish o‘rniga, aksincha, yanada mustahkamlaydi.
Ozarboyjon va Qozog‘istonning ham bu borada o‘z manfaatlari bor: ushbu mamlakatlarning hech biri o‘z chegaralari yaqinida joylashgan Kaspiy dengizining faol harbiy harakatlar zonasiga aylanishini istamaydi. Yanada g‘arbroqda joylashgan Turkiyani ham sodir bo‘layotgan hodisalar tashvishga soladi, biroq buning sabablari boshqacharoq. Anqaraning Kiyev bilan aloqalari, Moskva bilan iqtisodiy munosabatlari, Qora dengizga chiqish imkoniyati va Tehron bilan uzoq yillik murakkab raqobati — bularning barchasi shundan dalolat beradiki, Turkiya mintaqada dengiz va razvedka monitoringini yashirincha kuchaytirib, o‘zini vositachi sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi.





