Logo

Qozog‘iston bandlik darajasi bo‘yicha dunyoda 29-o‘rinni egalladi

Bugun 17:412 daqiqa

Qo‘shni davlatda ish bilan band aholi ulushi yuqori bo‘lgani sababli mamlakat dunyoning yetakchilari qatoridan joy oldi. Yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi bo‘yicha esa Qozog‘iston dunyoning eng yaxshi 10 ta mamlakati qatoriga kirdi.

Qozog‘iston bandlik darajasi bo‘yicha dunyoda 29-o‘rinni egalladi

Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston 187 ta davlat orasida bandlik darajasi bo‘yicha 29-o‘rinni egallagan. Yoshlar ishsizligi eng past bo‘lgan 63 ta mamlakat va iqtisodiyot orasida esa 2-o‘rinni qayd etgan.

Bandlik darajasi yuqori bo‘lgani tufayli Qozog‘iston xalqaro reytingda ko‘plab davlatlarni ortda qoldirdi va Yangi Zelandiyadan keyingi o‘rinni egalladi. Reytingda 1-o‘rinni Quvayt egallagan. U yerda aholining 87 foizi ish bilan band. Reytingning oxirida esa San-Tome va Prinsipi davlati joylashgan bo‘lib, u yerda bandlik darajasi atigi 21 foizni tashkil etadi.

1



Shuni ta’kidlash kerakki, Qozog‘iston mehnat bozori ko‘rsatkichlari ko‘pincha xalqaro tahlilchilar tomonidan yuqori baholanadi. Masalan, Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Qozog‘iston Markaziy Osiyo va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari orasida bandlik darajasi bo‘yicha yetakchi bo‘lgan. Qozog‘istonning bu ko‘rsatkichi 67 foizni tashkil etdi — bu Belarusdan (61 foiz) olti foiz punkt yuqori. Rossiya va Ozarbayjon 60 foiz bilan undan keyin kelmoqda, mintaqaning qolgan qismida bandlik darajasi 55 foizdan oshmaydi. O‘zbekiston 55 foiz bilan 114-o‘rinda bo‘lsa, Qirg‘iziston ayni shu foiz bilan 111-o‘rinda turibdi. Turkmaniston va Tojikistonda esa mos ravishda atigi 40 foiz va 36 foizni tashkil qiladi.

Xalqaro mehnat tashkiloti hisoblaydigan Bandlik indeksi (Employment Index) iqtisodiy faoliyatda ishtirok etayotgan, ya’ni mahsulot va xizmatlar yaratishda ishlayotgan aholining ulushini ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkich mamlakat iqtisodiyoti qancha ish o‘rni yarata olayotganini baholashga yordam beradi va ayrim hollarda oddiy ishsizlik darajasidan ham to‘liqroq tasavvur beradi.

2



Biroq, bandlik darajasining yuqori bo‘lishi har doim ham ish o‘rinlari sifatli yoki mehnat sharoitlari yaxshi degani emas. Mehnat bozorini to‘liq baholash uchun boshqa ko‘rsatkichlarni ham hisobga olish kerak. Shunday muhim ko‘rsatkichlardan biri — yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi. Bu mamlakat iqtisodiyoti va jamiyatining kelajakdagi rivojlanish imkoniyatlarini ko‘rsatadi.

«Trading Economics» ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston 63 ta mamlakat orasida 2-o‘rinni egallagan. Bu borada u Shveysariya, Yaponiya, Tailand, Germaniya va Janubiy Koreya kabi davlatlar qatoridan joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zidan bexabar ishga joylashtirilgan fuqarolar haqidagi murojaatlar ortidan bandlik statistikasi va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga oid savollar ko‘payayotgani sababli O‘zbekistonda «ishli» ishsizlar haqida maqola chop etgandik.

Teglar

Mavzuga oid