Davlat xizmatchilari uchun 11 razryadli ish haqi tizimini joriy etish taklif etildi
O‘zbekistonda davlat xizmatchilari uchun yagona va natijaga asoslangan ish haqi tizimi joriy etilishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq to‘lash shartlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda davlat xizmatida mehnatga haq to‘lashning yagona, ochiq va natijaga asoslangan modelini joriy etish taklif qilindi.
Taqdimotda qayd etilishicha, hozirgi tizimda davlat xizmatchilari ish haqi tarkibida lavozim maoshining ulushi 15 foizdan oshmaydi. Ish haqi fondining qariyb 70 foizi esa xodimning mehnat natijalariga bog‘lanmagan ustama, mukofot va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa bir xil lavozimda ishlovchilar o‘rtasida katta maosh tafovutini keltirib chiqargan.
Shuningdek, davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash sohasida yagona huquqiy hujjat mavjud emasligi, amalda 50 dan ortiq normativ hujjat qo‘llanilayotgani ta’kidlandi.
KPI asosida baholash
Takliflarga ko‘ra, yangi tizim 54 ming nafar davlat fuqarolik xizmatchisini qamrab oladi. Davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa vazifalariga qarab ma’muriy boshqaruv, asosiy va qo‘llab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.
Xalqaro tajriba asosida 11 razryad va 6 pog‘onadan iborat yagona ish haqi setkasi joriy etilishi, o‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovi qoldirilishi rejalashtirilgan.
Ustamalar xodimning malakasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro intizomi, tashabbuskorligi hamda KPI samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida hisoblanadi. Muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yechimlarni joriy etgan hamda yuqori natijaga erishgan xodimlarga esa hisobot davri yakuni bo‘yicha bonuslar to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Shaffoflik ustuvor
Yangi tizimga muvofiq, hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlar maoshidan yuqori bo‘lmaydi. Tuman va shaharlarda shtat birliklari hamda ish haqini belgilashda aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.
Prezident mehnatga haq to‘lash tizimida adolat va shaffoflikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, har bir davlat xizmatchisi qaysi natija uchun ustama yoki bonus olishini oldindan bilishi lozimligi qayd etildi.
Bonuslar sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni oshirish kabi aniq mezonlar asosida belgilanishi ta’kidlandi.





