Logo

Namanganning sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

Kecha 16:592 daqiqa

Anvarjon Otaxo‘jayev pora olish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa bir qator jinoyatlarda aybdor deb topildi. Sud jarayonida yana olti nafar shaxsga ham turli jazo choralari tayinlandi.

Namanganning sobiq hokimi 11 yilga qamaldi © Фото: Наманган вилояти ҳокимлиги

Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudi Namangan shahrining sobiq hokimi Anvarjon Otaxo‘jayevga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, sobiq hokim Jinoyat kodeksining:

●     167-moddasi 3-qismi "a" bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);

●     168-moddasi 3-qismi "v" bandi (xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik);

●     205-moddasi 2-qismi "a" bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);

●     206-moddasi 2-qismi "a" bandi (hokimiyat yoki mansab vakolati chegarasidan chiqish);

●     207-moddasi 1-qismi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash);

●     209-moddasi 2-qismi "a" bandi (mansab soxtakorligi);

●     210-moddasi 3-qismi "a" bandi (juda ko‘p miqdorda pora olish) bo‘yicha aybli deb topildi.

Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismiga muvofiq, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan Anvarjon Otaxo‘jayev 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud ushbu jinoyat ishi bo‘yicha yana olti nafar shaxsga nisbatan ham hukm chiqardi. Xususan, uch nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish, ikki nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari, yana bir nafariga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Tomonlar birinchi instansiya sudi qarori ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Farg‘ona viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berishi hamda protest keltirishi mumkin.

Ish tafsilotlari

Anvarjon Otaxo‘jayev ustidan sud jarayoni 2026-yil 24-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudida boshlangan edi. Dastlab unga 60 ming AQSH dollari miqdorida pora olish ayblovi qo‘yilgan. Himoya tomoni sudning xolisligini ta’minlash maqsadida ishni Namangan viloyatidan boshqa hududga o‘tkazishni so‘ragan va natijada ish O‘zbekiston tuman sudiga yuborilgandi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq hokim tadbirkorga Namangan shahri markazidagi 35 sotix yer maydonida ko‘p qavatli uy-joy qurish huquqini ta’minlab berish evaziga 60 ming dollar talab qilganlikda gumon qilingan. Himoya tomoni esa ayblovlarni rad etib, ish bo‘yicha bir qator protsessual e’tirozlarni bildirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid