add

2026 yildagi kuchli armiyalar reytingi: O‘zbekiston yana Markaziy Osiyoda yetakchi

24.01.2026 | 17:302 daqiqa

Yangilangan xalqaro reytingda O‘zbekiston armiyasi besh pog‘onaga ko‘tarilib, 53-o‘rindan joy olgan.

2026 yildagi kuchli armiyalar reytingi: O‘zbekiston yana Markaziy Osiyoda yetakchi

O‘zbekiston Qurolli kuchlari 2026 yil uchun e’lon qilingan Global Firepower xalqaro reytingida Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori o‘rinni egalladi. Reytingga kiritilgan 145 davlat orasida O‘zbekiston besh pog‘onaga ko‘tarilib, 53-o‘rindan joy oldi. Bu natija mamlakatni mintaqadagi asosiy raqibi hisoblangan Qozog‘istondan oldinga chiqardi.

Taqqoslash uchun, Qozog‘iston ushbu reytingda 58-o‘rinni egallagan. Turkmaniston 78-o‘ringa, Tojikiston 100-o‘ringa, Qirg‘iziston esa 109-o‘ringa joylashgan. Shu tariqa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda harbiy qudrat bo‘yicha mutlaq yetakchi sifatida baholandi.

Asosiy ustunliklari

O‘zbekiston armiyasining asosiy ustunliklaridan biri — keng safarbarlik resursi hisoblanadi. Mamlakat aholisidan qariyb 16 million kishi harbiy xizmatga yaroqli deb baholangan. Qurolli kuchlarda taxminan 120 ming nafar harbiy xizmatchi faoliyat yuritadi va ularning asosiy qismi quruqlikdagi bo‘linmalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Texnika va qurol-yarog‘ ko‘rsatkichlari ham yuqori baholangan. Armiya ixtiyorida 470 ta tank hamda 8 692 ta zirhli transport vositasi mavjud. Artilleriya bo‘linmalarida 177 ta o‘ziyurar qurol bor bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston dunyo miqyosida 23-o‘rinni egallagan.

Harbiy-havo kuchlari tarkibida jami 159 ta havo transporti mavjud. Ulardan 101 tasi vertolyot bo‘lib, 34 ta hujum vertolyoti soni bilan mamlakat ushbu yo‘nalishda dunyoda 20-o‘rinda qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning harbiy salohiyati izchil ravishda mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston o‘tgan yili dunyo armiyalari ichida 58-o‘rinda edi.

Reyting yetakchilari

Yangilangan reytingga ko‘ra, dunyo miqyosida eng kuchli armiyalar o‘ntaligiga: AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Italiya kiritilgan. Ushbu mamlakatlar harbiy qudrat bo‘yicha barqaror yetakchi sifatida baholanmoqda. Reytingning eng quyi o‘rinlarida esa Butan, Beliz va Markaziy Afrika Respublikasi kabi davlatlar joy olgan.

Teglar

Mavzuga oid