Alifbo o‘zgarishi sababli amaldagi pullar almashtiriladimi? Markaziy bank tushuntirish berdi
2027 yil 19-fevraldan naqd pul muomalasiga oid yangi hujjat kuchga kiradi.
© Илья Семендеев / SpotO‘zbekistonda 2027 yil 19-fevraldan naqd pul muomalasiga oid yangi normativ hujjat kuchga kirishi munosabati bilan amaldagi banknot va tangalarni almashtirish talab etilmaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2027 yil 19-fevral — yangi hujjat kuchga kiradigan sana bo‘lib, u yangi pullar muomalaga chiqariladigan yoki hozirgi pullar almashtiriladigan kun emas.
Hujjatga muvofiq, kelgusida muomalaga chiqariladigan yangi banknot va tangalardagi yozuvlar yangi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘ladi.
«O‘zbek alifbosidagi ayrim xarflarning yozilishiga o‘zgartirish kiritildi. Lekin bu hozir qo‘lingizdagi amaldagi pullarni ham almashtirish kerak degani emas. Hozir muomalada bo‘lgan barcha pullar avvalgidek ishlatilaveradi. Ular bilan bemalol xarid qilishingiz yoki to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin», — deya tushuntirdi regulyator.
Yangi banknotlar chiqarilsa, tartib qanday bo‘ladi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusida yangilangan alifbo asosida banknotlar muomalaga chiqarilgan taqdirda ham, hozir muomalada bo‘lgan barcha banknot va tangalar o‘z qiymatini saqlab qoladi va yangi pullar bilan bir xil muomalada bo‘ladi.
Ulardan avvalgidek do‘konlarda, bozorlarda va boshqa joylarda bemalol foydalanish mumkin.
Ta’kidlanishicha, Markaziy bank yangi pul belgilari muomalaga chiqarilishidan kamida bir hafta oldin bu haqda rasmiy axborot beradi hamda barcha yangiliklardan aholini xabardor qilib boradi.
Shu sababli ayni paytda muomalada bo‘lgan banknot va tangalarni almashtirish yoki bu borada biror qo‘shimcha harakatni amalga oshirishga hojat yo‘q.





