Advokat: Fazliddin Mehmonov ishida aybsizlik prezumpsiyasi toptalmoqda

Bugun 09:302 daqiqa

«Demokrat.uz» rahbari va bloger tovlamachilikda ayblanmoqda, ammo himoya tomoni ayblovlar yetarli dalillar bilan tasdiqlanmaganini aytmoqda.

Advokat: Fazliddin Mehmonov ishida aybsizlik prezumpsiyasi toptalmoqda

11-fevral kuni «Demokrat.uz» direktori Fazliddin Mehmonov va bloger Aziz G‘oipnazarov qamoqqa olindi. Ularning advokati Sanjar Aliboyev ayblovlarning asosliligini qonuniy tartibda tekshirish zarurligini bildirdi.

Advokat Vaqt.uz muxbiriga bergan izohida «hozirga qadar pul mablag‘lari aynan tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgani qonunda belgilangan tartibda, ishonchli va yetarli dalillar bilan tasdiqlangani haqida xulosa qilish uchun asos mavjud emas», deb hisoblashini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, himoya tomoni taqdim etadigan dalillar to‘liq o‘rganilmasdan turib, bir tomonlama xulosaga kelish protsessual tenglik va aybsizlik prezumpsiyasi tamoyillariga zid.

 

Advokat pozitsiyasi

«Himoya ostidagi shaxslarning mavjud dalillarini har tomonlama baholamasdan turib, ularni amalda aybdor sifatida talqin qilish yoki shunday tasavvur uyg‘otuvchi bayonotlar berish ularning sha’ni va ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin», dedi Sanjar Aliboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov harakatlari ayblovni mustahkamlash emas, balki ishning haqiqiy holatlarini aniqlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Aliboyev Bosh prokuratura, Ombudsman va boshqa vakolatli organlardan mazkur holatni qonuniylik va inson huquqlari nuqtai nazaridan o‘rganishni so‘radi.

 

Rasmiy ayblov

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi Mehmonov va G‘oipnazarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, 2025 yil 15-dekabr kuni Sergeli tumanidagi avtosalon faoliyati haqida obrosizlantiruvchi video tarqatilgan.

Ayblovga ko‘ra, gumonlanuvchilar materialni o‘chirish va keyingi salbiy xabarlarni e’lon qilmaslik evaziga tadbirkordan 50 ming dollar talab qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga muvofiq, 29-yanvar kuni 3 ming dollar olingan, 10-fevralda esa 17 ming dollar qabul qilayotgan vaqtida gumonlanuvchilar ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid