add

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat tashkil etiladi

21.05.2025 | 11:082803

«Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusi doirasida iqtidorli yoshlar uchun yangi xalqaro maktab-internat tashkil etiladi. O‘quv jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlanadi va xalqaro ta’lim dasturi joriy etiladi.

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi PF–86-sonli farmoni bilan «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Mazkur tashabbus iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali inson kapitalini rivojlantirishga, global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Farmonga ko‘ra, mazkur tashabbusni amalga oshirish va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur joriy etiladi. Shu doirada Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat tashkil etiladi. Maktabda o‘quv jarayoni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlanishi belgilangan. Ushbu maktabda ta’lim oluvchilar Davlat namunasidagi shahodatnoma bilan bir qatorda International Baccalaureate (IB) xalqaro ta’lim dasturi diplomiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘quv jarayoni individual yondashuv asosida tashkil etiladi. Maslahatchi va o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni mutanosib ravishda 1:15 va 1:8 nisbatda belgilanadi. Darslar variativ o‘quv rejalar asosida olib boriladi. Unda ingliz tilidan tashqari kamida yana bir xorijiy til o‘qitiladi. Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitiladigan o‘quvchilar soni 180 nafar bilan cheklangan. Maktabdagi o‘quvchilarga ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion startaplar va ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish, shaxsiy portfolio tuzish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, «Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati» faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali yoshlar o‘rtasida tajriba almashish, o‘z bilim va qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Teglar

Mavzuga oid