Rossiyada talaba oilalarga farzand tug‘ilishi uchun 2 ming dollar atrofida pul to‘lanadi
Rossiyada so‘nggi yillarda demografik inqiroz kuzatilmoqda va tug‘ilish ko‘rsatkichlari rekord darajada pasayib bormoqda.

Rossiyada «talaba oilalar» farzand tug‘ilganda qo‘shimcha bir martalik to‘lov oladilar. Bu haqida mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova ma’lum qildi.
To‘lov miqdori 200 ming rublni tashkil etadi. Golikova bu mablag‘ faqat birinchi farzand tug‘ilishi uchunmi yoki keyingilari uchun ham beriladimi, bunga aniqlik kiritmadi.
Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, bunday to‘lovlar aynan qachon boshlanishini ham ochiqlamagan, faqat bu «2026-yildan» amalga oshishini aytdi.
Rossiyada «talaba oila» tushunchasi qonuniy ravishda 2025-yilning yozida mustahkamlab qo‘yilgan edi. Bu — farzand tarbiyalayotgan, ota-onasining ikkisi ham 35 yoshdan kichik bo‘lgan va oliy yoki o‘rta maxsus ta’lim olayotgan nikohli juftlikdir.
2025-yil sentabr oyidan boshlab Rossiyada ta’lim olayotgan ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqalari oshirildi. Ushbu to‘lovlar mehnatga layoqatli aholi uchun mintaqaviy yashash minimumiga tenglashtirildi.
Ma’lumot uchun: Rossiyada so‘nggi yillarda demografik inqiroz kuzatilmoqda va tug‘ilish ko‘rsatkichlari rekord darajada pasayib bormoqda. Shu sababli hukumat nafaqat umumiy «onalik kapitali», balki muayyan ijtimoiy guruhlar, xususan, talaba oilalar uchun alohida imtiyozlar joriy etmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni o‘qish davrida farzand ko‘rishdan cho‘chimaslikka undash va birinchi farzandni dunyoga keltirish yoshini yoshartirishdir.





