Valuta operatsiyalari qoidalari yangilanmoqda: nimalar o‘zgaradi?

Kecha 22:352 daqiqa

O‘zbekistonda valuta operatsiyalari bo‘yicha qoidalar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Elon qilingan qonun loyihasi banklar faoliyatidan tortib, oddiy fuqarolarning pul o‘tkazmalarigacha bo‘lgan jarayonlarga ta’sir qiladi.

Valuta operatsiyalari qoidalari yangilanmoqda: nimalar o‘zgaradi?

Markaziy bank O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida qonun loyihasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, banklar faoliyati, aholi o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari, valuta bozori instrumentlari va xorijiy investorlar uchun sharoitlar qayta ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zgarishlardan biri valuta operatsiyalarini o‘zgartirish haqidagi qonunchilikda “tijorat banklari” haqidagi jumlalar “banklar” degan so‘z bilan almashtirilmoqda.

Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalar “nosavdo tusdagi pul o‘tkazmalari” sifatida aniq ifodalanmoqda. Bu qarz berish, yordam puli yuborish kabi operatsiyalarni huquqiy jihatdan yanada aniqroq tartibga soladi.

Shuningdek, banklar va Markaziy bank svop va derivativ operatsiyalarni xalqaro ISDA standartlari asosida amalga oshirishi ko‘zda tutilmoqda.

Banklarning valuta oldi-sotdi operatsiyalari endilikda “Valuta operatsiyalari hisobini yuritish” axborot tizimi — FERUz orqali hisobga olinadi. Bu orqali Markaziy bank bozorni real vaqtga yaqin rejimda kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi qo‘shimchalarga bilan xorijiy investorlarga qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlarni, dividend va foizlarni, aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘larni olib chiqish uchun valutani sotib olish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, norezident jismoniy shaxslar valuta ayirboshlashda mablag‘larning qonuniy manbasini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi shart qilib belgilanmoqda. Operatsiya summasi taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan summa miqdoridan oshmasligi lozim.

Yana bir muhim o‘zgarish — banklar kassasidan naqd chet el valutasini berish tartibi alohida belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni kimga, qanday holatda va qaysi maqsadlar uchun naqd valuta berilishi aniq qilib yoziladi. Bu orqali amaldagi tarqoq normalar bir joyga jamlanadi.

Bunda jismoniy shaxslar o‘z hisobvaraqlaridan chet el valutasini cheklovlarsiz yechib olishi mumkin bo‘ladi.

Yuridik shaxslar esa valutani faqat ma’lum maqsadlarda (masalan, xizmat safari) olish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, shikastlangan yoki to‘lovga yaroqsiz banknotalarga nisbatan talablar ham kuchaytirilmoqda. Endi bunday pullar banklar tomonidan qabul qilinishi mumkin, lekin ularni qayta muomalaga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid